5-Mavzu. 1991 – 2017-yillarda Ukraina, Belorusiya, Moldova Respublikalari
Ukraina
1991-yil 24-avgustda Ukraina o‘z mustaqilligini e’lon qildi. 1991-yil dekabrda o‘tkazilgan referendumda mutlaq ko‘pchilik aholi Ukraina mustaqilligi uchun ovoz berdi. Referendum bilan birga Ukraina prezidentligiga o‘tkazilgan saylovlarda Leonid Kravchuk Ukrainaning birinchi prezidenti etib saylandi. Mustaqillik e’lon qilindi. Ammo yuqori samarali, barqaror milliy iqtisodni tashkil qilmasdan real siyosiy mustaqillikni qaror toptirish mumkin emasdi.
SSSRni qamrab olgan iqtisodiy inqiroz, umumittifoq iqtisodiy kompleksining barbod bo‘lishi boshqalar qatori Ukrainaga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Mustaqillik e’lon qilinishi paytida Ukraina iqtisodiyoti kuchsiz holatda edi. Inqiroz sanoat va qishloq xo‘jaligini qamrab oldi. Inqirozdan chiqishning ko‘plab dasturlari ishlab chiqildi, ammo ulardan birortasi ham oxirigacha amalga oshirilmadi.
Sobiq Ittifoqda 1991-yil 19–21-avgust kunlari qanday voqealar sodir bo‘lgan edi? |
XX asr 90-yillarining ikkinchi yarmidan ish haqidan qarzdorlikni bartaraf qilish, chet el kreditlari va valuta bozorini tartibga solish hisobiga iqtisodiy holat o‘zgardi, 1996-yili milliy valuta – grivna muomalaga kiritildi. Ammo kutilganidek, chet el investitsiyasi mamlakatga oqib kelmadi, grivna tez qadrsizlanib bordi. XX asr oxiriga kelib, ko‘plab korxonalarda mulkdorlar almashdi, yangi xo‘jayinlar ishlab chiqarishni tiklashga kirishdi.
Yuqori malakali va juda arzon ishchi kuchi hamda qudratli sanoat bazasi Ukraina iqtisodiga mablag‘ kiritishni foydali qilib qo‘ydi. Bu o‘zgarishlar iqtisodning barqarorlashuvini, keyin esa iqtisodiy o‘sishni ta’minladi. Ammo bu ko‘pchilik MDH mamlakatlaridagi singari Ukrainada ham rahbar elitaning korrupsiyalashuviga, aholi katta qismining esa qashshoqlashuviga olib keldi.
Ukrainada davlat qurilishi va siyosiy jarayonlar
Mustaqillikning dastlabki yillarida Ukraina oldida turgan eng muhim vazifalardan biri davlat qurilishi muammosi edi. 1996-yili qabul qilingan Ukraina konstitutsiyasi bu jarayonning huquqiy asosi bo‘ldi. Ammo siyosiy beqarorlik va iqtisodiy qiyinchiliklar uzoq yillardan beri hal qilinmay kelinayotgan ijtimoiy muammolar bilan qo‘shilib, bir qator siyosiy inqirozlarga olib keldi. 2004-yilgi saylovlarda Viktor Yanukovichning g‘olib deb e’lon qilinishi ko‘pmingkishilik norozilik namoyishiga sabab bo‘ldi.
Natijada, o‘tkazilgan uchinchi tur saylovlarida «Bizning Ukraina» bloki yetakchisi Viktor Yushchenko Ukraina prezidenti etib saylandi. Lekin V. Yushchenko mamlakatda katta ijobiy o‘zgarishlar qilishga erisha olmadi. Shu sababli 2010-yilgi saylovlarda V. Yanukovich g‘olib chiqdi. U mamlakatdagi ijtimoiy tizimni to‘liq isloh qilishga kirishdi. Ammo uning 2013-yili Yevroittifoq bilan hamkorlik to‘g‘risida kelishuvni imzolashdan bosh tortishi siyosiy inqirozga sabab bo‘ldi.
Kiyev va boshqa shaharlarda ommaviy norozilik chiqishlari bo‘lib, ular ijtimoiy tarmoqlarda «Yevromaydan» nomini oldi. V. Yanukovich Ukrainani tark etdi. 2014-yil bo‘lib o‘tgan saylovlarda Pyotr Poroshenko Ukraina prezidenti etib saylandi. Qrim Avtonom respublikasi va Sevastopol shahri Rossiyaga qo‘shib olingandan so‘ng esa Ukraina bilan Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar o‘ta keskinlashdi.
1991-yil 24-avgustda … 1996-yili … 2004-yilgi … 2014-yil … |
Ukrainadagi yangi hokimiyatni jahon jamoatchiligi tan oldi. Agar poytaxtda, shimoliy, markaziy va g‘arbiy mintaqalarda Yevrointegratsiya tomon intilayot gan yangi hukumat tezda tan olinib, aholining xayrixohligiga erishgan bo‘lsa, janubi-sharqiy hududlarda rusiyzabon aholining norozilik chiqishlari kuchayib bordi. Bu hudud aholisi tarixan Rossiya bilan bog‘liq bo‘lgani uchun ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni saqlab qolishni talab qildi va o‘ta o‘ng, ekstremistik, millatchi guruhlarning o‘z mintaqasida tarqalishiga qarshi chiqdi.
Rossiyaparast yetakchilar boshchiligidagi bu harakatlar Donetsk va Lugansk viloyatlarida qurolli qarama-qarshilikka aylanib ketdi. Ukraina rahbarlari bu hududlarda antiterror operatsiya boshlanishini e’lon qildi, bu esa ikki tomon o‘rtasida keng miqyosdagi urush harakatlariga olib keldi. 2014-yil sentabr oyida Belarus Respublikasi poytaxti Minsk shahrida Rossiya, Ukraina hamda Donetsk va Lugansk viloyatlari vakillari o‘rtasida harbiy harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuv imzolandi.
Ammo 2015-yil yanvar oyining o‘rtalaridan janglar yana boshlanib ketdi. Shu yil fevral oyida Germaniya, Fransiya, Rossiya va Ukraina davlat rahbarlari Minsk shahriga yig‘ilib, Ukraina sharqida harbiy mojaroni hal etish to‘g‘risida yangi kelishuv imzoladi (Minsk – 2). Ammo urush to‘xtamayapti. 2017-yil noyabr oyida artilleriyadan o‘zaro otishmalar yangidan boshlanib ketdi. G‘arb davlatlari va Ukraina bu mojaroda Rossiyani isyonchilarni qo‘llab quvvatlashda ayblab kelmoqda. Rossiya esa buni rad etib, mojaro Ukrainaning ichki ishi ekanligini ta’kidlamoqda.
Belarus Respublikasi
Belarus poytaxti Minsk shahrining 1944-yili nemis fashistlaridan ozod qilingan kuni – 3-iyul Mustaqillik kuni sifatida nishonlanadi. 1994-yil qabul qilingan konstitutsiyaga binoan Belarus Respublikasi unitar demokratik ijtimoiy-huquqiy davlat deb e’lon qilindi. 1994-yil bo‘lib o‘tgan saylovlarda Aleksandr Lukashenko mamlakat prezidenti etib saylandi. Uning tashabbusi bilan referendum o‘tkazilib, belarus tili bilan bir qatorda rus tiliga ham davlat tili maqomi berildi, davlat bayrog‘i o‘zgartirildi, prezidentning vakolatlari kengaytirildi.
Belarus va Rossiya o‘rtasida Do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risida, keyin esa Rossiya va Belarus o‘rtasida Ittifoq davlatni tuzish to‘g‘risida shartnomalar imzolandi. Shartnoma Rossiya va Belarus o‘rtasida yaqinlashuv va huquqiy, iqtisodiy, moliyaviy, bojxona va boshqa tizimlarini birlashtirishni, davlatlararo hokimiyat tizimlarini shakllantirishni, ayni paytda davlatlar mustaqilligi va suvereniteti saqlanib qolishini ko‘zda tutadi. 1996-yili birinchi Umumbelarus xalq yig‘ini mamlakatning 1996 – 2000-yillarga mo‘ljallangan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi asosiy yo‘nalishlarini tasdiqlagandan so‘ng Belarusda asta-sekin iqtisodiy yuksalish kuzatildi.
2000-yilga kelib sanoat hamda xalq iste’moli mahsulotlarini ishlab chiqarish va aholining real daromadlari inqirozdan oldingi darajadan oshib ketdi. Fuqarolarning o‘rtacha oylik daromadi MDH davlatlari orasida eng yuqorilaridan biri bo‘lib qoldi. Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha ham Belarus MDH davlatlari orasida oldingi o‘rinlardan birini egallaydi. Belarus sut va sut mahsulotlari yetkazib beruvchi dunyoning ilg‘or mamlakatlari qatoriga kiradi.
Moldova Respublikasi
Moldaviya 1991-yil 27-avgustda o‘z mustaqilligini e’lon qildi. Moldova Respublikasi nomini olgan davlatning birinchi prezidenti etib Mircha Snegur saylandi. 1990-yili Moldovaning Ruminiya bilan integratsiyalashuvi jarayonida respublikaning janubi-sharqiy mintaqalaridagi mahalliy rusiyzabon aholi orasida ayirmachilik kayfiyatlari kuchaydi. Ular o‘zlari yashaydigan hududni Dnestrbo‘yi Moldaviya Respublikasi deb e’lon qildi. Bu qonli to‘qnashuvga olib keldi va Rossiya armiyasi aralashgandan so‘ng urush to‘xtatildi.
1991-yil 24-avgustda Ukraina o‘z mustaqilligini e’lon qildi. Belarusda 3-iyul Mustaqillik kuni sifatida nishonlanadi. Moldaviya 1991-yil 27-avgustda o‘z mustaqilligini e’lon qildi. |
Moldova iqtisodiy jihatdan agrar-industrial mamlakatlar qatoriga kiradi. Uning iqlimi qishloq xo‘jaligi uchun juda qulay. Mamlakatda mineral resurslar zaxirasi yo‘q, shu sababli iqtisodiyot qishloq xo‘jaligiga asoslangan. Aholining yarmidan ko‘pi qishloqlarda yashaydi. Eksportning asosiy qismini oziq-ovqat va to‘qimachilik mahsulotlari tashkil qiladi.
Moldova – Yevropaning eng kambag‘al mamlakatlaridan biri. Ammo 2009-yilgi inqirozdan so‘ng Moldova jadal rivojlanishni boshlab yubordi. Shunday bo‘lsa-da, holat beqarorligicha qolmoqda. 2017-yil may oyida bo‘lib o‘tgan prezident saylovlarida Rossiya bilan yaxshi munosabatlar tarafdori bo‘lgan Igor Dodon g‘olib chiqdi.
Korrupsiya – bu amaldor shaxs tomonidan o‘z vakolatlarini va unga ishonib topshirilgan huquqlarni, shuningdek, rasmiy lavozim bilan bog‘liq obro‘yi va aloqalarini qonunga va axloq me’yorlariga xilof ravishda o‘z shaxsiy manfaatlari yo‘lida suiiste’mol qilish. Antiterror operatsiya – bu terroristik aktni bartaraf qilish, aholi, tashkilot va muassasalarning xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, terroristik aktning oqibatlarini bartaraf qilish uchun o‘tkaziladigan maxsus tadbirlar (jangovar, harbiy) kompleksi. |
Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar
- XX asr oxiriga kelib qanday o‘zgarishlar Ukrainada kapitalistik iqtisodning shakllanishiga olib keldi?
- Ukrainada 2014-yilgi siyosiy inqiroz natijasida qanday muammolar paydo bo‘ldi?
- Belarus Respublikasi mustaqillik yillari iqtisodiy rivojlanishda qanday yutuqlarga erishdi?
- Moldova Respublikasi oldida mustaqillik yillari qanday siyosiy va iqtisodiy muammolar paydo bo‘ldi?
- Ukraina, Belarus va Moldova respublikalari rivojlanishidagi umumiy jihatlarni ko‘rsatib bering.
Mustaqil ish
Matndan foydalanib, Ukraina, Belarus va Moldova respublikalarining mustaqillik yillarida erishgan yutuq va kamchiliklarini SWOT-chizmasi asosida tahlil qiling va daftaringizga yozing |
Pyotr Poroshenko, Aleksandr Lukashenko, Igor Dodonlar haqidagi ma’lumotlarni izlab toping va tarixiy shaxslar faoliyatiga baho bering. |
Maktab darsliklari, Ta‘lim
5-Mavzu. 1991 – 2017-yillarda Ukraina, Belorusiya, Moldova Respublikalari