3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni to’liq malumot oling

3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni to’liq malumot oling

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1992 yil 14 oktyabrdagi qarori bilan 3 dekabr Xalqaro nogironlar kuni, deb e’lon qilingan. Ushbu sana butun dunyo bo‘ylab keng nishonlanadi va bundan asosiy maqsad aqlan va jismonan nuqsoni bo‘lgan fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, dunyo miqyosida nogironlar hayot tarzini yaxshilashga e’tibor qaratish maqsadida BMT tomonidan 1983-1992 yillar Xalqaro nogironlar o‘n yilligi etib belgilangan edi.
Mundarija скрыть

Mazkur o‘n yillik yakunida, 1992 yil 14 oktyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 37-yalpi majlisida qabul qilingan rezolyutsiyaga muvofiq, 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni sifatida e’tirof etilgan. Shundan buyon har yili mazkur sana doirasida nogironlar duch kelayotgan muammolarni chuqurroq anglash, shunday masalalarni hal etish, ularning qadr-qimmati, huquqini himoyalash, turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan tadbirlar uyushtiriladi, moddiy ko‘mak ajratiladi.

Bu borada mamlakatimizda ham tizimli xayrli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Bu toifa insonlar imkoniyati sog‘ligi bilan bog‘liq muammo sabab cheklangan. Shu bois har tomonlama qo‘llab-quvvatlash orqali ularning jamiyatning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotidagi faolligini ta’minlashga katta e’tibor qaratiladi.

bugungi kunka kelib dunyoda 1 milliarddan ortiq inson, ya’ni har yetti kishidan biri nogironlikning muayyan turidan aziyat chekadi. Ularning 100 milliondan ortig‘i bolalar. Umuman, yer yuzida nuqsoni bor fuqarolarning 80 foizdan ko‘pi rivojlanayotgan mamlakatlarda yashaydi. Demak, safimizdagi imkoniyati cheklanganlarni har tomonlama teng huquqliligini ta’minlash, qadr-qimmatini himoya qilish zarur.

– Nogironlik inklyuziyasi inson huquqini, barqaror rivojlanish, tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashning muhim shartlaridan biridir. Ushbu masalada 2030 yilga qadar Barqaror rivojlanish kun tartibi belgilangan. Nogironlar huquqini ro‘yobga chiqarish harakati nafaqat adolat masalasi, balki jamiyat taraqqiyotiga kiritilgan sarmoyadir, – deyiladi BMT saytida berilgan maqolada.

Ma’lumki, nogironlarning sog‘lig‘ini saqlash, ularga ta’lim, ish berish, jamiyatda to‘laqonli ishtirok etish imkonini taqdim etish oson emas.

Shunga qaramasdan, so‘nggi bir necha yil davomida nogiron bolalar va kattalar imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha ijobiy tendensiya kuzatilyapti. Shu o‘rinda mamlakatimizda ham nogironlarga e’tibor yuqori ekanini alohida ta’kidlash kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasiga muvofiq, har bir kishi ta’lim olish huquqiga ega va davlat o‘rta maxsus ta’limni bepul olishi mumkin. O‘rta maktabga kirish imkoniyati nogironligi bo‘lmagan kishilar uchun 99,8 foizni tashkil etsa-da, nogironligi bor kishilar uchun bu ko‘rsatkich 84 foizga teng.

Milliy miqyosda nogironligi bo‘lgan kishilarning saylovda ovoz berish huquqini ta’minlashga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, 2016 yilgi O‘zbekiston Prezidenti saylovida erkinlikka erishish borasida muayyan o‘zgarish qayd etilgan. Saylov uchastkalari o‘zaro zich binolarda tashkil qilingan, “brayl” alifbosida saylov byulletenlari tayyorlanib, nogironlar o‘z uyida ovoz berish huquqidan foydalangan.

3 dekabr xalqaro nogironlar kuni 2

2017 yil nogironlar va siyosiy partiyalar o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Ushbu hujjatga ko‘ra, siyosiy partiyalarga turli saylovlarda nogiron nomzodlarni ham ko‘rsatish majburiyati yuklatildi. Zero, nogironligi bo‘lgan kishilarning siyosiy hayotda faol ishtirok etishi inson huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya doirasida majburiyat hisoblanadi.

Afsuski, ayni yo‘nalishda kamchiliklar ham yetarli. Masalan, so‘nggi yillarda Karlar jamiyati korxonalari daromadi keskin kamayib bormoqda. 2018 yil tizimda 277 million so‘m foyda olingan bo‘lsa, 2020 yilda bu ko‘rsatkich 62 million so‘mga tushib, deyarli, 5 baravar kamaygan.

Umumiy daromad va tabiiyki, oylik maosh miqdori ozayishi ortidan ko‘plab nogiron xodimlar ishdan ketgan. 2000 yil bu korxonalarda ikki ming nafarga yaqin kar-soqov kishi ishlagan bo‘lsa, 2020 yilga kelib 176 nafar xodim qolgan.

Ko‘zi ojizlar jamiyati tizimidagi korxonalarda 2000 yil 4 ming 900 odam faoliyat ko‘rsatgan, 2010 yil bu raqam 3 mingga tushgan, 2020 yil ro‘yxatida esa hammasi bo‘lib 1 ming 479 nafar xodim qayd etilgan.

Jamiyatimizda fuqarolar dini, e’tiqodi, sog‘lig‘i, ijtimoiy ahvoli va jinsidan qat’iy nazar teng huquqlidir. Salomatligida muammo yoki nuqson bor kishilar, asosan, nogiron yoshlar mehr-muruvvat, e’tiborga muhtoj. Ularni muntazam ravishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ham konstitutsion ham insoniylik burchimizdir.

Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA

Muhim sanalar
3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni