23-Mavzu. 1991 – 2017-yillarda Suriya va Iroq

23-Mavzu. 1991 – 2017-yillarda Suriya va Iroq

Содержание ( Открыть / Закрыть )
  1. Suriya
  2. Iroq
  3. Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar
  4. Mustaqil ish

Suriya

1943-yili Suriya o‘z mustaqilligini e’lon qildi. Bugun u shu qisqa tarix davomidagi eng chuqur siyosiy inqirozni boshdan kechirmoqda.

11-sinf Jahon tarixi darsligi MUNDARIJASIGA QAYTISH
Qadimgi davrda Suriya va Misrda qanday davlatlar mavjud bo‘lgan?

1970-yili harbiy to‘ntarish orqali hokimiyatga kelgan Hafiz Asad Suriyani 2000-yilgacha boshqardi. Shu davrda mamlakat katta taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Neft va gaz zaxiralari ishga tushirildi, sanoat va qishloq xo‘jaligi rivojlandi, aholi soni ko‘payib, yashash darajasi yaxshilandi. Ammo 1990-yillarda iqtisodda turg‘unlik boshlandi. Buning sabablari shu davrda yuz bergan sotsialistik tizimning inqirozidan tashqari Suriyaning yangi tarixidagi eng dahshatli qurg‘oqchilik bilan ham bog‘liq edi.

Shunday holatda 2000-yili H. Asad vafot etdi. Mamlakatda o‘tkazilgan referendum natijasida hokimiyatga H.Asadning o‘g‘li Bashar Asad keldi. B. Asad otasidan farqli ravishda tashqi siyosatda «yumshoq» kurs olib bordi. Isroil bilan Jo‘lan tepaliklari masalasida muzokaralarni Bashar Asad tikladi. 30 yildan beri Livanda turgan Suriya qo‘shinlarini u yerdan olib chiqdi. Iroq diktatori Saddam Husayn bilan yarashdi. Ichki siyosatda siyosiy partiyalar faoliyatiga ruxsat berdi, korrupsiyaga qarshi juda keskin choralar qo‘lladi. Ayni paytda otasi hukmronlik qilgan davrni tanqid qilgan amaldorlarni ham jazoladi.

Iqtisoddagi turg‘unlikni B. Asad savdo va moliya sohasini liberallashtirish orqali yengib o‘tishga urindi. Ammo bu faqat Damashq va Halab singari yirik shaharlarda iqtisodning jonlanishiga olib keldi. Qishloqlar va kichik shaharlarda esa ishsizlar soni ortib ketdi. Bundan tashqari, shu davrda qo‘shni davlatlardan kelgan qochoqlar ham Suriyaning katta muammosiga aylandi. 2011-yili Suriyada yarim millionga yaqin falastinlik va bir milliondan oshiq iroqlik qochoqlar bor edi.

23-Mavzu. 1991 – 2017-yillarda Suriya va Iroq
1970-yili harbiy to‘ntarish orqali hokimiyatga kelgan H. Asad Suriyani 2000-yilgacha boshqardi.
Suriyada 2000-yili H. Asad vafot etdi, referendum natijasida hokimiyatga Bashar Asad keldi.

2000-yillari arab mamlakatlarida boshlangan «Arab bahori» nomli inqilobiy jarayonlar Suriyani ham qamrab oldi. 2011-yili mamlakatning janubidagi Dar’ya shahrida juma namozidan so‘ng boshlangan g‘alayonlar «Juma inqilobi» nomini oldi. Isyonchilar B. Asad rejimini ag‘darish, demokratik islohotlar o‘tkazishni talab qildilar.

Mojaroda amaldagi prezident B. Asad tarafida Suriya arab armiyasi va unga qarshi bo‘lgan Suriya «mo‘tadil» muxolifatining Suriya ozodlik armiyasi, kurdlar otryadlari, shuningdek, turli xil terrorchi tashkilotlar – «Iroq va Shom islom davlati» (ISHID), Jibhat an-Nusra va shu kabilar ishtirok etdi. Shu tariqa mamlakatda fuqarolar urushi boshlanib, arab mamlakatlaridan, butun dunyodan kelgan turli xil terrorchi guruhlar hukumat qo‘shinlari bilan jang olib bormoqda.

2013-yili Iroq va qisman Suriya hududida terrorchi guruhlar «Iroq va Shom islom davlati» deb ataluvchi davlatni tuzdi. 2014- yili u «Umumjahon xalifati» deb e’lon qilindi. Bu hol AQSH va uning ittifoqchilarini harbiy intervensiyani amalga oshirishga undadi. Ular 2014-yil sentabrdan boshlab Suriyadagi terrorchilar pozitsiyalarini bombardimon qilmoqda. 2015-yil sentabrdan xuddi shunday harbiy operatsiyani o‘tkazishda Rossiya harbiy-kosmik kuchlari ham ishtirok etmoqda. Mojaroda Turkiya, Eron, Saudiya Arabistoni, Iordaniya, Iroq, Livan, Isroil kabi davlatlarning ham manfaatlari namoyon bo‘lmoqda.

Shu tariqa Suriya hududi juda katta, har biri o‘z manfaatini ko‘zlagan xalqaro kuchlarning to‘qnashuv maydoniga aylandi. Urush oqibatida 2017-yil sentabr oyigacha mamlakatni 4 mlndan oshiq kishi tark etgan. 2017-yil oxiriga kelib, Suriya armiyasi Rossiya harbiy-kosmik kuchlari va AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiya yordamida mamlakat hududini jangarilardan deyarli to‘liq ozod qildi. Aholining bir qismi o‘z uylariga qaytmoqda. Dekabr oyida V. Putin Suriyadagi Rossiya harbiy-kosmik kuchlarining asosiy qismini o‘z hududiga qaytarish to‘g‘risida buyruq berdi.

Iroq

1932-yili o‘z mustaqilligini e’lon qilgan Iroqda 1968-yili hokimiyatga Arab sotsialistik uyg‘onish (BAAS) partiyasi keldi. Hukumatni prezident Hasan al-Bakr boshqardi, ammo real hokimiyat mudofaa vaziri Saddam Husayn qo‘liga o‘tdi. Bu jarayonlar Iroqqa Suriyada dahshatli urush oqibatlari neftdan keladigan daromadning beqiyos oshishi davriga to‘g‘ri keldi. Aholining hayot darajasi sezilarli yaxshilandi. 1979-yili Saddam Husayn rasman Iroq prezidenti etib saylandi. 1980-yil sentabrda Iroq Eronga qarshi urush boshladi. Bu urush XX asrning eng uzoq davom etgan hududiy to‘qnashuvi bo‘ldi. U ko‘plab qurbonlarga olib keldi.

1990-yili Iroq yana bir xalqaro janjalga sabab bo‘ldi. U Quvaytga bostirib kirib, uning hududini egallab oldi. BMT Xavfsizlik kengashi Quvaytdan Iroq qo‘shinlarining zudlik bilan olib chiqib ketilishini talab qildi. Iroqqa qarshi sanksiya e’lon qilindi. Bir necha oylik diplomatik harakatlardan so‘ng 1991-yil yanvarda AQSH boshchiligidagi xalqaro kuchlar Quvaytni ozod qilish bo‘yicha «Sahrodagi bo‘ron» operatsiyasini boshladi. Iroq armiyasi to‘liq tor-mor qilindi. Kuzatuvchilar S. Husaynning qulashini bashorat qilgandilar, biroq u o‘z hokimiyatini saqlab qoldi.

Hokimiyatni mustahkamlab olib, S.Husayn BMTning Iroq harbiy dasturlarini to‘xtatishga yo‘naltirilgan urinishlariga qarshilik ko‘rsatdi. U BMT inspektorlarini AQSH foydasiga josuslik qilishda aybladi va barcha xalqaro inspektorlarni mamlakatdan quvib chiqardi. Shundan so‘ng, 1999 – 2000-yillari AQSH boshchiligidagi xalqaro kuchlar Iroq harbiy obyektlarini bombardimon qildi. 2003-yili AQSH va Buyuk Britaniya qo‘shinlari Bag‘dodga bostirib kirdi. S. Husayn hukumati quladi. Amerikaliklar va ularning ittifoqchilari butun mamlakat hududida o‘z nazoratini o‘rnatdi. Ular S. Husaynning ikki o‘g‘li va yosh nabirasini o‘ldirishdi.

2003-yil dekabrda S.Husaynning o‘zi ham qo‘lga olindi va osib o‘ldirildi. Diktator o‘ldirildi. Ammo va’da berilganidek Iroqda demokratiya va tinchlik o‘rnatilmadi. AQSH va uning ittifoqchilari Iroqdagi vaziyatni jilovlay olmadilar. Terrorchilik harakatlari avj oldi. Bularning natijasida ko‘plab begunoh odamlar qurbon bo‘ldi. 2005-yili qabul qilingan konstitutsiyaga binoan Iroq uning xalqini tashkil qiluvchi uchta etnos – arab-sunniylar, arab-shialar va kurdlar kelishuviga asoslangan parlamentar federativ respublika deb e’lon qilindi.

S. Husayn paytida hokimiyatda bo‘lgan sunniylar endi muxolifatga o‘tdi. Ammo 2010-yili bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida kutilmaganda muxolifatdagi sunniylar g‘alaba qozondi. Biroq, joylarda real hokimiyat turli qurolli guruhlar qo‘lida qoldi. Ular o‘zlari egallagan hududda shariat qonunlarini joriy qilib, minglab begunoh kishilarni o‘rta asrchilik usullari bilan qatl qildi. Millionlab kishilar qochoqqa aylandi.

1990-yillarda … 1991-yil yanvarda …
2013-yili … «Sahrodagi bo‘ron» operatsiyasi …

AQSH hukumati, jumladan, prezident B. Obama AQSHning Iroqqa nisbatan siyosati xato ekanligini tan oldi. Ko‘pchilik mutaxassislar aynan Amerika siyosati Yaqin Sharqda vaziyatning keskinlashuviga, ISHID singari terrorchi tashkilotlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi, deb hisoblashmoqda. 2016-yil dekabrda AQSH prezidenti etib saylangan D. Tramp Yaqin Sharqdagi o‘z siyosatini qayta ko‘rib chiqishga va’da berdi.

Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar

  1. Suriyada siyosiy inqirozning kelib chiqishi va fuqarolar urushining boshlanishiga qanday omillar sabab bo‘ldi?
  2. Suriyadagi urushda qaysi davlatlarning manfaatlari aks etgan?
  3. Saddam Husaynning qanday harakatlari Iroqning xalqaro kuchlar tomonidan bombardimon qilinishiga olib keldi?
  4. S. Husaynning ag‘darilishi nima uchun Iroqqa tinchlik olib kelmadi?

Mustaqil ish

Xaritadan foydalanib 1991–2017-yillar Suriya va Iroq davlatlaridagi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi muammolar va ularning yechimlarini daftaringizga jadval ko‘rinishida yozing.
«Iroq va Shom islom davlati», «Umumjahon xalifati» tushunchalarini qiyosiy tahlil qilish asosida hozirgi kundagi axborot xurujlarini chizma ko‘rinishida daftaringizga yozing.

Maktab darsliklari, Ta‘lim
23-Mavzu. 1991 – 2017-yillarda Suriya va Iroq