1. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Yo‘l harakati qoidalari (keyingi o‘rinlarda — Qoidalar) O‘zbekiston Respublikasi hududida yo‘l harakatining yagona tartibini belgilaydi.
2. O‘zbekiston Respublikasi yo‘llarida transport vositalarining o‘ng tomonlama harakatlanish tartibi belgilangan.
3. Yo‘l harakati qatnashchilari “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini, ushbu Qoidalarni va unda keltirilgan svetofor ishoralari, yo‘l belgilari, yo‘l chiziqlarining talablarini bilishlari, ularga amal qilishlari, shuningdek, ularga berilgan vakolat doirasida yo‘llarda harakatni tartibga soluvchilarning ko‘rsatmalarini so‘zsiz bajarishlari shart.
4. Yo‘l harakati qatnashchilari yo‘ldagi boshqa harakat qatnashchilarining harakatlanishiga to‘sqinlik qilmasligi va xavf tug‘dirmasliklari kerak.
Tegishli vakolatga ega bo‘lmagan yuridik va jismoniy shaxslarga yo‘l qoplamasini buzish, o‘zgartirish yoki zarar yetkazish, ifloslantirish, yo‘l belgilarini, svetoforlarni va harakatlanishni tashkil etishning boshqa texnik vositalarini o‘zboshimchalik bilan olib tashlash, o‘rnatish, to‘sib qo‘yish, shikastlantirish, yo‘llarda harakatlanishga to‘sqinlik qiluvchi narsalarni qoldirish, “sun’iy notekislik” qurilmalarini o‘rnatish taqiqlanadi.
Harakatlanishga to‘sqinlik yuzaga keltiradigan shaxs uni tezda bartaraf qilish uchun imkoniyati darajasida barcha choralarni ko‘rishi, agar buning iloji bo‘lmasa, mavjud barcha vositalar bilan xavf-xatar haqida harakat qatnashchilarini ogohlantirishi va ichki ishlar organlariga (keyingi o‘rinlarda IIO) xabar berishi shart.
5. Mazkur Qoidalarni buzgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
6. Qoidalarda quyidagi asosiy tushuncha va atamalardan foydalaniladi:
avtomagistral — 5.1. yo‘l belgisi bilan belgilangan, har bir yo‘nalishning qatnov qismlari ajratuvchi mintaqa bilan ajratilgan (u bo‘lmaganda yo‘l to‘siqlari bilan) hamda boshqa yo‘llar, tramvay va temir yo‘llari, piyoda va velosiped yo‘lkalari bilan bir sathda kesishmaydigan yo‘l.
avtopoyezd — ulagich moslamalari bilan ulangan egarli shatakka oluvchi va yarim tirkama yoki yuk avtomobili va tirkama (tirkamalar)dan iborat transport vositasi tarkibi.
yo‘l harakati xavfsizligi — yo‘l harakati qatnashchilarining yo‘l-transport hodisalari va ularning oqibatlaridan himoyalanganlik darajasini aks ettiruvchi yo‘l harakati holati;
velosiped — kamida ikkita g‘ildirakka ega bo‘lgan va odatda minib olgan shaxs(lar)ning muskul kuchi bilan, xususan, tepkilar yoki dastaklar yordamida harakatlantiriladigan transport vositasi (nogironligi bo‘lgan shaxslar kajavasidan tashqari). Velosiped nominal (belgilangan) quvvati 0,25 kilovattdan, tezligi soatiga 25 kilometrdan oshmaydigan dvigatelga ega bo‘lishi mumkin.
velosipedchi — velosipedni boshqaradigan shaxs;
velosiped yo‘lkasi — alohida yo‘l yoki konstruktiv jihatdan qatnov qismi va trotuardan ajratilgan yo‘lning tarkibiy qismi bo‘lib, tegishli yo‘l belgisi bilan belgilanadi;
velosipedchilar uchun tasma — yo‘lning boshqa qismlaridan yo‘l chizig‘i bilan ajratilgan, tegishli yo‘l belgisi bilan belgilangan yo‘l qismi bo‘lib, faqat velosiped harakatlanishi uchun mo‘ljallangan;
transport vositasi — odamlarni, yuklarni tashishga yoki maxsus ishlarni bajarishga mo‘ljallangan qurilma;
transport vositasining egasi — transport vositasiga mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida egalik qiluvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;
haydovchi — yo‘llarda transport vositasini boshqarib borayotgan shaxs. Boshqarishni o‘rgatuvchi, ot aravani boshqarayotgan, hayvonlarni minib harakatlanayotgan yoki ularni yetaklab borayotgan, chorva mollari (poda)ni haydab borayotgan shaxslar haydovchiga tenglashtiriladi;
majburiy to‘xtash — texnik nuqson, tashilayotgan yuk, haydovchi va yo‘lovchining holati, yo‘ldagi biror to‘siq tufayli xavf yuzaga kelganda yoxud ob-havo sharoitiga bog‘liq holda transport vositasi harakatini to‘xtatish. Haydovchining ushbu xatti-harakati oxirgi zarur chora bo‘lib, qoidabuzarlik deb e’tirof etilmaydi;
asosiy yo‘l — tuproqli yoki shag‘alli yo‘lga nisbatan qattiq qoplamali (asfalt, sement-betonli va shunga o‘xshashlar yotqizilgan), kesishayotgan yoki tutashgan yo‘lga nisbatan 2.1, 2.3.1 — 2.3.3 yoki 5.1 yo‘l belgilari bilan belgilangan yoxud yondosh hududdan chiqadigan yo‘lga nisbatan har qanday yo‘l. Ikkinchi darajali yo‘lning bevosita chorrahaga tutash qismining qoplamali bo‘lishi uni asosiy yo‘l bilan teng huquqli qilmaydi;
arava — otga (yoki boshqa hayvonlarga) qo‘shib tortiladigan yoki odam mushak kuchi bilan harakatga keltiriladigan dvigatel bilan jihozlanmagan, yuk tashishga mo‘ljallangan qurilma;
yo‘l — transport vositalari va piyodalarning harakatlanishi uchun qurilgan yoki moslashtirilgan va foydalaniladigan yer polosasi yoxud sun’iy inshoot yuzasi. Yo‘l avtomobil yo‘llarini, shahar elektr transporti yo‘llarini yo‘lkalarni va trotuarlarni o‘z ichiga oladi;
yo‘l-transport hodisasi — transport vositasining yo‘lda harakatlanish jarayonida ro‘y bergan, fuqarolarning halok bo‘lishiga yoki sog‘lig‘iga zarar yetishiga, transport vositalari, inshootlar, yuklarning shikastlanishi yoxud boshqa moddiy zarar yetishiga sabab bo‘lgan hodisa;
yo‘l harakati — odam va yuklarni transport vositalari yordamida yoki bunday vositalarsiz yo‘llar doirasida tashish yoxud yo‘l harakati qatnashchilarining yo‘llarda harakatlanishi jarayonida yuzaga keluvchi munosabatlar majmui;
temir yo‘l kesishmasi — yo‘lning temir yo‘llar bilan bir sathda kesishgan joyi;
yo‘nalishli transport vositasi — belgilangan yo‘nalishi va bekatlari bo‘lgan, yo‘lovchi tashish uchun mo‘ljallangan umumiy foydalanishdagi transport vositalari (trolleybus, tramvay, avtobus, yo‘nalishli taksi);
mexanik transport vositasi — dvigatel bilan harakatga keltiriladigan transport vositasi (mopeddan tashqari). Bu atama barcha traktor va o‘zi yurar moslamalarga ham taalluqlidir;
moped — eng yuqori konstruktiv tezligi soatiga 50 kilometrdan, ish hajmi 50 sm3 dan oshmaydigan ichki yonuv dvigateliga ega bo‘lgan yoki nominal (belgilangan) quvvati 0,25 kilovattdan ortiq va 4 kilovattdan kam bo‘lgan elektr dvigatelli ikki yoki uch g‘ildirakli transport vositasi. Xuddi shunday tavsiflarga ega bo‘lgan kvadritsikl (kvadrotsikl), tritsikl, skuter hamda yo‘lning qatnov qismida harakatlanishiga moslashtirilgan boshqa mexanik moslamalar ham mopedlarga tenglashtiriladi;
mototsikl — dvigatelining ish hajmi 50 sm3dan (ichki yonuv dvigateli bo‘lganda) va har qanaqa dvigatelda eng yuqori konstruktiv tezligi soatiga 50 kilometrdan oshadigan ikki g‘ildirakli va yon tirkamali (kajavali) yoki yon tirkamasiz mexanik transport vositasi.
Tritsikllar, shuningdek, ruxsat etilgan to‘liq vazni 400 kilogrammdan (yuk tashish uchun mo‘ljallangan transport vositalari uchun 550 kilogrammdan) oshmaydigan, mototsiklga o‘xshash o‘rindiqqa va rulga ega bo‘lgan va dvigatelining eng yuqori quvvati 15 kilovattdan oshmaydigan kvadritsikl (kvadrotsikl) hamda boshqa mexanik moslamalar ham mototsikllarga tenglashtiriladi;
aholi punkti — kirish va chiqish yo‘llari 5.22 — 5.25 yo‘l belgilari bilan belgilangan hudud;
yetarlicha ko‘rinmaslik — yomg‘ir, qor yog‘ishi, tuman tushishi va shunga o‘xshash sharoitlarda, shuningdek, kunning g‘ira-shira vaqtida yo‘lning ko‘rinish masofasi 300 metrdan kam bo‘lishi;
quvib o‘tish — bir yoki bir nechta transport vositalarini qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanish uchun mo‘ljallangan tasmaga chiqib, so‘ngra ilgari egallagan qatoriga qaytib o‘tish bilan bog‘liq bo‘lgan o‘zib ketish;
qayta tizilish — dastlabki harakat yo‘nalishini saqlagan holda o‘z harakatlanish tasmasidan boshqa harakatlanish qatoriga o‘tish;
o‘zib ketish — transport vositasining bir yo‘nalishda transport vositasi tezligidan ortiq tezlikda harakatlanishi;
yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash — yo‘l-transport hodisalarining kelib chiqish sabablarining oldini olishga, ularning og‘ir oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan faoliyat;
yo‘l yoqasi — yo‘lning qatnov qismiga u bilan bir sathda bevosita tutashgan, qoplama turi bilan farq qiladigan yoki 1.1 yo‘l chizig‘i yordamida ajratilgan, ushbu Qoidalarga muvofiq harakatlanish, to‘xtash va to‘xtab turish uchun mo‘ljallangan bo‘lagi;
yo‘l harakatini tashkil etish — yo‘llarda harakatni boshqarish bo‘yicha huquqiy, tashkiliy-texnika tadbirlar va boshqaruv harakatlari majmui;
piyodalarning tashkiliy jamlanmasi — Qoidalarning 16-bandi talablariga muvofiq yo‘lda bir yo‘nalishda birgalikda harakatlanayotgan odamlar guruhi;
transport vositalarining tashkiliy jamlanmasi — oldida ko‘k yoki qizil yoxud ko‘k va qizil rangli yaltiroq mayoqchasi yoqilgan transport vositasi kuzatib borayotgan, bevosita bir-birining ketidan, bitta harakatlanish bo‘lagida, yaqinni yorituvchi faralar chiroqlarini yoqib kelayotgan, uch va undan ortiq mexanik transport vositalari guruhi;
bolalar guruhini tashkiliy tashish — yo‘nalishli transport vositalariga daxli bo‘lmagan avtobuslarda sakkiz va undan ortiq bolalarning tashkiliy tashilishi;
to‘xtash — transport vositasi harakatini 10 daqiqagacha bo‘lgan muddatga to‘xtatish (harakatsiz holatga keltirish);
to‘xtab turish — transport vositasiga yo‘lovchilarni chiqarish yoki tushirish, yuk ortish yoki tushirish bilan bog‘liq bo‘lmagan hollarda harakatni 10 daqiqadan ko‘proq vaqtga atayin to‘xtatish;
yo‘lovchi — transport vositasidagi (haydovchidan tashqari) shaxs, shuningdek transport vositasiga kirayotgan (unga chiqib o‘tirayotgan) yoki transport vositasidan chiqayotgan (undan tushayotgan) shaxs;
chorraha — yo‘llarning o‘zaro bir sathda kesishadigan, tutashadigan va ayriladigan joyi. Chorraha chegarasi uning markazidan qatnov qismlari oxiridagi qarama-qarshi tomonlarning eng uzoq burilish joylarini tutashtiruvchi tasavvur qilinadigan chiziqlar bilan aniqlanadi.
Yondosh hududlardan chiqish joylari chorraha hisoblanmaydi;
ogohlantiruvchi ishoralar — avariya holatlarining oldini olish maqsadida, shuningdek, harakat yo‘nalishini o‘zgartirishda, to‘xtatishda qo‘llaniladigan ishoralar;
piyoda — transport vositasidan tashqarida bo‘lgan va yo‘lda biror-bir yumush bilan band bo‘lmagan shaxs. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning dvigatelsiz aravachasida harakatlanayotgan, velosiped, moped, mototsikl, chana, aravacha va bolalar yoki nogironligi bo‘lgan shaxslar aravachasini yetaklagan, shuningdek, harakatlanish uchun rolikli konkilar, dvigatelsiz samokatlar va boshqa shularga o‘xshash vositalardan foydalanayotgan shaxslar ham piyodalarga tenglashtiriladi;
piyodalar o‘tish joyi — qatnov qismidagi 5.16.1, 5.16.2 yo‘l belgilari va 1.14.1 — 1.14.3 yo‘l chiziqlari bilan belgilangan va piyodalar yo‘lni kesib o‘tishda harakatlanishlari uchun ajratilgan joy.
Yo‘l chiziqlari bo‘lmasa, piyodalar o‘tish joyining kengligi 5.16.1 va 5.16.2 yo‘l belgilari orasidagi masofa bilan aniqlanadi;
piyodalar yo‘lkasi — piyodalar harakatlanishi uchun qurilgan yoki moslashtirilgan, tegishli yo‘l belgisi bilan belgilangan alohida yo‘l yoki sun’iy inshoot yuzasi. Transport vositalari harakati taqiqlangan qismi;
piyoda va velosiped yo‘lkasi — qatnov qismidan ajratilgan, velosipedchilarning va piyodalarning alohida-alohida yoki birgalikda harakatlanishi uchun mo‘ljallangan va 4.6.1 — 4.6.6 yo‘l belgilari o‘rnatilgan yo‘lning tarkibiy qismi yoxud alohida yo‘l;
reversiv harakatlanish — qatnov qismining maxsus ajratilgan, 5.35 — 5.37 yo‘l belgilari, 1.9 yo‘l chizig‘i bilan belgilangan va ustida reversiv svetofor o‘rnatilgan bo‘lagida harakatlanish yo‘nalishining qarama-qarshi tomonga o‘zgarishi;
ruxsat etilgan to‘liq vazn — jihozlangan transport vositasining ishlab chiqargan korxona tomonidan belgilangan yuk, haydovchi va yo‘lovchilari bilan birgalikdagi eng yuqori vazni (o‘lchovi).
Bir tarkibda harakatlanayotgan (tirkama va boshqalar) transport vositalarining ruxsat etilgan to‘liq vazniga shu tarkibga kiruvchi transport vositalarining ruxsat etilgan to‘liq vaznlari yig‘indisi kiradi;
tartibga soluvchi — O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining (keyingi o‘rinlarda — DYHXX), harbiy avtomobil nazorati organlari xodimi, o‘z xizmat vazifalarini bajarayotgan, ushbu Qoidalarda ko‘zda tutilgan ishoralar yordamida yo‘l harakatini tartibga solish vakolatiga ega bo‘lgan va uni bevosita amalga oshirayotgan yo‘ldan foydalanish xizmati xodimlari, temir yo‘l kesishmasi va sol kechuvlaridagi navbatchilar hamda jamoatchilik vakillari.
Tartibga soluvchi maxsus kiyim va (yoki) taniqlik belgisi (qo‘l bog‘ichi, jezl, qizil ishorali yorug‘lik qaytargich, qizil chiroq yoki bayroqcha)ga ega bo‘lishi shart;
trotuar — qatnov qismiga tutashgan yoki undan maysazor, ariq, maxsus to‘siqlar bilan ajratilgan va piyodalarning harakatlanishi uchun mo‘ljallangan yo‘l qismi;
tirkama — mexanik transport vositasi tarkibida harakatlanishga mo‘ljallangan va dvigatel bilan jihozlanmagan transport vositasi. Ushbu atama yarim tirkama va uzaytiriladigan tirkamalarga ham taalluqlidir;
foto va video qayd etish — yo‘l harakati qoidalari buzilishini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video texnik vositalari, shuningdek, videokuzatuv va tasvirga olish texnika vositalari hamda mobil qurilmalar yordamida qayd etish;
xavfli yuk — o‘ziga xos xossalari va xususiyatlari tufayli muayyan omillar mavjud bo‘lgan taqdirda tashish, yuk ortish-tushirish ishlari jarayonida tashilayotgan yuklar, texnika vositalari, qurilmalar, bino va inshootlar, boshqa obyektlarning portlashi, yonishi yoki shikastlanishiga, shuningdek odamlar hayoti va sog‘lig‘iga, atrof muhitga zarar yetkazilishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan moddalar, materiallar, buyumlar, chiqindilar;
xavfsizlik orolchasi — harakatlanish tasmalarini (shu jumladan velosipedchilar tasmalarini) ajratuvchi, konstruksiyasiga ko‘ra qatnov qismi ustiga bordyur toshlari bilan ko‘tarilgan yoki harakatni tashkil etish texnik vositalari bilan belgilangan qatnov qismidan o‘tayotgan piyodalar, talab qilingan holda to‘xtab o‘tishlari uchun mo‘ljallangan yo‘l qurilmasi. Ajratuvchi mintaqa oralig‘idan o‘tkazilgan piyodalar o‘tish joyi ham xavfsizlik orolchasi hisoblanadi. Ikki tomonlama harakatlanishli yo‘llarda qarama — qarshi yo‘nalishlarni ajratuvchi xavfsizlik orolchalarini o‘ng tomondan aylanib o‘tiladi;
ko‘rinishi cheklangan joylar — joylardagi past-balandliklar, burilishlar, o‘simliklar, daraxtlar, qurilishlar, inshootlar yoki boshqa obyektlar, shu jumladan, transport vositalari tufayli harakatlanish yo‘nalishida yo‘l ko‘rinishining cheklanishi;
yondosh hudud — bevosita yo‘lga tutashgan va transport vositalari o‘tib ketishi uchun mo‘ljallanmagan hudud (hovlilar, mahallalar, turar joy dahalari, transport vositasi to‘xtab turish joylari, yonilg‘i quyish shoxobchalari, korxona va shunga o‘xshashlar).
Yondosh hududdan chiqayotgan transport vositalari barcha yo‘l harakati qatnashchilariga yo‘l berishi shart;
qatnov qismlari kesishmasi — yo‘llarning qatnov qismlari o‘zaro kesishib o‘tadigan va tasavvur qilinadigan chiziqlar bilan aniqlangan hudud;
qatnov qismi — yo‘lning relssiz transport vositalari harakatlanishi uchun mo‘ljallangan qismi;
sutkaning qorong‘i vaqti — kechki g‘ira-shiraning oxiridan tonggi g‘ira-shiraning boshlanishigacha bo‘lgan oraliqdagi vaqt;
harakatlanish tasmasi — avtomobillarning bir qator bo‘lib harakatlanishi uchun yetarlicha keng bo‘lgan, yo‘l chiziqlari bilan belgilangan yoki belgilanmagan yo‘l qatnov qismining har qanday bo‘ylama tasmasi;
haqiqiy vazn — transport vositasining yuki, haydovchi va yo‘lovchilari bilan birgalikdagi vazni;
yo‘l berish (to‘sqinlik qilmaslik) — yo‘l harakati qatnashchilariga nisbatan imtiyozi bo‘lgan boshqa yo‘l harakati qatnashchisining harakat yo‘nalishi yoki tezligini o‘zgartirishga majbur etishi mumkin bo‘lgan hollarda, harakatni davom ettirmasligini yoki boshlamasligini, biror-bir manyovr bajarishi mumkin emasligini bildiruvchi talab;
yo‘l harakati qatnashchisi — yo‘l harakati jarayonida transport vositasining haydovchisi, yo‘lovchisi yoki piyoda tariqasida bevosita ishtirok etuvchi shaxs;
imtiyoz — mo‘ljallangan yo‘nalishda boshqa yo‘l harakati qatnashchilariga nisbatan oldin harakatlanish huquqi;
to‘xtab turish joyi — transport vositalarini tashkiliy to‘xtab turishi (joylashtirilishi) uchun mo‘ljallangan, tegishli yo‘l belgisi bilan belgilangan, qatnov qismining bir bo‘lagi yoki qatnov qismiga, trotuarga, yo‘l yoqasiga, ko‘prikka, estakadaga va ko‘cha-yo‘l tarmog‘ining boshqa obyektlariga tutashgan, maxsus jihozlangan joy;
pulli to‘xtab turish joyi — to‘lov asosda foydalaniladigan to‘xtab turish joyi;
harakatlanish uchun xavf — yo‘l harakati jarayonidan o‘sha yo‘nalishda va o‘sha tezlikda harakatlanishni davom ettirish yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lishiga tahdid qiladigan omil;
ajratuvchi mintaqa — yo‘lning yonma-yon joylashgan qatnov qismlarini ajratuvchi, transport vositalari harakatlanishi yoki to‘xtashi uchun mo‘ljallanmagan, yo‘l sathidan ko‘tarilgan yoki maysazor, ariq, maxsus to‘siqlar bilan ajratilgan baland qismi;
elektromobil — tashqi elektr manbaidan quvvatlanib faqat elektr dvigateli bilan harakatlanadigan transport vositasi;
xavf — yo‘l harakati xavfsizligiga xavf soluvchi har qanday omil;
to‘siq — yo‘lning qatnov qismida harakatsiz holda bo‘lgan jism (buzilib qolgan transport vositasi, tushib qolgan yuk, yiqilgan daraxt va boshqalar).
Tirbandlik tufayli yoki Qoidalar talabiga binoan ushbu tasmada to‘xtagan transport vositasi to‘siq hisoblanmaydi;
tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositasi — tezkor vazifalarni bajarishga mo‘ljallangan, ko‘k yoki qizil yoxud ko‘k va qizil rangli yaltiroq mayoqcha bilan jihozlangan hamda maxsus rangli bo‘yoq sxemalar va yozuvlar bilan belgilangan transport vositasi;
avariya holatini yuzaga keltirish — yo‘l harakatining boshqa qatnashchilarini harakat yo‘nalishi yoki tezligini keskin o‘zgartirishga, shuningdek, o‘z xavfsizligini yoxud boshqa fuqarolar xavfsizligini ta’minlash uchun o‘zga choralarni ko‘rishga majbur qilish;
xorijiy avtotransport vositalari — xorijiy davlatlarning ro‘yxatga olish idoralarida ro‘yxatda turgan va O‘zbekiston Respublikasi hududiga chet el fuqarolari va O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning shaxsiy ehtiyojlarini qondirish, yuklar va yo‘lovchilarni xalqaro tashish maqsadlarida vaqtincha olib kiriladigan avtotransport vositalari.