20-Mavzu. 1991 – 2017-yillarda Turkiya Respublikasi
XX asrning 90-yillari – XXI asr boshlarida Turkiyaning siyosiy rivojlanishi
XX asrning 80-yillari oxiri 90-yillari boshlarida dunyoda yuz berayotgan siyosiy o‘zgarishlar Turkiyaga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. 1989-yili taniqli islohotchi Turg‘ut O‘zol Turkiya Respublikasi prezidenti etib saylandi. Saylov to‘g‘risida yangi qonun qabul qilinib, siyosiy partiyalar uchun bir qator yengilliklar yaratildi. Ammo bu yengilliklardan birinchi navbatda turli islom dini tarafdorlarining partiyalari unumli foydalandi.
M. K. Otaturk davridan beri Turkiya Respublikasining dunyoviy taraqqiyot yo‘lidan borishiga o‘zini mas’ul hisoblab kelayotgan armiya rahbarlarining ogohlantirishiga qaramasdan, jamiyatda islomchi partiyalarning ta’siri oshib bordi. Shunday sharoitda 1993-yili T. O‘zol vafot etdi. Turkiya prezidenti etib Sulaymon Demirel saylandi.
Turkiya tarixida Mustafo Kamol Otaturk xizmatlari nimalardan iborat? |
1995-yil oxirida navbatdan tashqari parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylov jamiyatda islom dinining ta’siri o‘sganligini yana bir bor namoyish qildi. Islom dini tarafdorlarining Nejmiddin Erbakan boshchiligidagi «Refax» (Farog‘at) partiyasi hammadan ko‘p ovoz oldi. Shu davrda kurdlar muammosi ham dolzarb bo‘ldi. Hukumat siyosatidan norozi bo‘lgan Abdulla Ojalon boshchiligidagi Kurd ishchi partiyasi hukumatga qarshi urush e’lon qildi. Ko‘zga ko‘ringan siyosatchilarga nisbatan terroristik aktlar amalga oshirildi.
Faqat A. Ojalon qamoqqa olingandan so‘ng Kurd ishchi partiyasi jangovar harakatlarni to‘xtatishga, muammolarni tinch yo‘l bilan hal etishga qaror qildi. Mamlakatda islom dini tarafdorlarining mavqeyi kuchayishda davom etdi, ular mahalliy hokimiyat organlarida borgan sari ko‘p o‘rinlarni egalladi, buning ustiga hukumatni ham boshqardi. Ko‘pchilikning fikricha, navbatdagi saylovlarda islom dini tarafdorlari to‘liq g‘alabaga erishishi lozim edi. Bundan norozi bo‘lgan armiya rahbariyati prezident S. Demirelni bir necha bor ogohlantirdi.
1993-yil T. O‘zol vafot etgandan so‘ng Sulaymon Demirel Turkiya prezidenti etib saylandi. 2000-yillarda ham harbiylar va islomchilar o‘rtasidagi munosabat Turkiya uchun asosiy muammo bo‘lib qoldi. |
2000-yili bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida Demokratik so‘l partiya g‘alaba qozondi. Mamlakatda islom dini tarafdorlariga nisbatan qat’iy pozitsiya saqlanib turdi. Turkiya prokuraturasi «Nurchilar» tashkilotini konstitutsiyaga xilof deb tan oldi. Bu tashkilot va «Hizbulloh» partiyasining turk filiali faoliyati taqiqlandi. Armiya bosh shtabi boshlig‘i agar islomchilar hokimiyatga kelsa, harbiylar konstitutsiyani himoya qilishga tayyorligi to‘g‘risida yana bir bor ogohlantirdi.
Shunga qaramasdan, 2002-yilgi saylovlarda islom dini tarafdorlarining Rejep Tayyip Erdo‘g‘on boshchiligidagi Adolat va taraqqiyot partiyasi (ATP) parlament saylovlarida g‘alaba qozondi. R. Erdo‘g‘on sud hukmiga ko‘ra siyosiy lavozimlarni egallash huquqidan mahrum qilinganligi uchun bosh vazir lavozimini Abdulloh Gul egalladi. Armiya hushyor bo‘lib turdi. Harbiylar holatni diqqat bilan kuzatib bordi va zarur bo‘lganda aralashishga tayyor edi. 2003-yili R. Erdo‘g‘on Turkiya bosh vaziri lavozimini egalladi.
Iqtisodiy rivojlanish
Turkiyada iqtisodiy islohotlar 1990-yillarda ham davom ettirildi. YIMning yillik o‘sishi ancha yuqori bo‘lib, 1990-yillar oxirida eksportning asosiy qismini sanoat mahsulotlari tashkil qildi. Yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqaruvchi juda ko‘plab xususiy korxonalar paydo bo‘ldi. Turkiyaning valuta zaxirasi ko‘payib, YIM jon boshiga 3 ming dollardan oshib ketdi. Turkiya jahon bozoriga raqobatbardosh mahsulot yetkazib beruvchi yuqori darajada rivojlangan mamlakatga aylandi.
XX asr oxiriga kelib Turkiyaning asosiy sanoat mahsulotlari Yevropa mamlakatlarining shunday mahsulotlari bilan bemalol raqobatlasha olardi. Turkiyaning juda katta muammosi davlatning hamma sohalarini qamrab olgan korrupsiya bo‘lib qoldi. Shu masala bo‘yicha 2000-yillar boshida prezident bilan bosh vazir o‘rtasida ajralish yuz bergandan so‘ng moliyaviy inqiroz sodir bo‘ldi: mamlakatdan investitsiyalar keta boshladi.
Turkiya Markaziy banki aralashishga majbur bo‘ldi, bu esa zaxiradagi chet el valutasining keskin kamayishiga olib keldi. Oqibatda erkin qo‘yib yuborilgan lira birdaniga keskin qadrsizlandi. Ammo inqirozlar Turkiyaning so‘nggi yillardagi iqtisodiy yutuqlarini yo‘qqa chiqara olmadi. Turkiya bugun dunyoning eng jadal rivojlanayotgan mamlakatlaridan biri bo‘lib, G-20 klubining a’zosi hisoblanadi.
XXI asrda Turkiya
2000-yillarda ham harbiylar va islom dini tarafdorlari o‘rtasidagi munosabat Turkiya uchun asosiy muammo bo‘lib qoldi. 2007-yili o‘ta millatchi «Ergenekon» yashirin tashkilotining faoliyati bilan bog‘liq tergov va qamoqqa olishlar boshlandi. Turkiya sudi uch nafar iste’fodagi generallarni davlat to‘ntarishini amalga oshirishga urinishda aybdor deb topdi va 20 yildan qamoq jazosiga hukm qildi. Turli muddatga qamalganlar orasida yozuvchilar, jurnalistlar, professorlar va parlament deputatlari ham bor edi.
Bu tashkilot a’zolari R. Erdo‘g‘on hukumatini ag‘darib tashlashga tayyorgarlik ko‘rishda ayblandi. Tashkilot a’zolari va ularga xayrixoh bo‘lgan ayrim jurnalistlarning fikricha, bu sud jarayoni mamlakatda o‘z mavqeyini mustahkamlashga intilayotgan hukumat tomonidan uyushtirilgan ig‘vo edi. Shu davrdan Turkiya Suriyadagi voqealarga faol aralasha boshladi. Suriya bilan chegaradosh Diyorbakir aviabazasiga F–16 qiruvchi samolyotlar joylashtirildi. NATO ham Turkiyani qo‘llashga tayyorligini bildirdi.
2014-yili bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida R. Erdo‘g‘on Turkiya Respublikasi prezidenti etib saylandi. Bu Turkiyada prezident bevosita xalq tomonidan saylangan birinchi saylov edi. Ilgari prezident parlament tomonidan saylangan. Referendumda aholi prezidentning xalq tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri saylanishi uchun ovoz bergandan so‘ng 2012-yili bu haqda qonun qabul qilindi.
2015-yilning ikkinchi yarmida Suriyada ISHIDga qarshi antiterrorchilik operatsiyasida ishtirok etayotgan Rossiyaning Su – 24 harbiy samolyoti Turkiya tomonidan urib tushirildi. Bu ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni murakkablashtirdi, Rossiya Turkiyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalar e’lon qildi.
2015-yilning ikkinchi yarmida … 2014-yili … R. Erdo‘g‘on davri … |
2016-yili Turkiya harbiylari navbatdagi davlat to‘ntarishini amalga oshirishga urinib ko‘rdi. Bir qator harbiy qismlar Anqara, Istanbul, Marmaris, Ko‘nya va Malate shaharlarida strategik muhim obyektlarni o‘z nazoratiga olishga urindi. Istanbul shahridagi prezident qarorgohi samolyotlardan bombardimon qilindi. Ayni paytda isyonchilar Istanbul va mamlakat poytaxti Anqara shaharlaridagi xalqaro aeroportlarni o‘z nazoratiga oldi. R. Erdo‘g‘on isyonchilar egallashga ulgurmagan telekanal orqali xalqqa murojaat qildi.
Aholi prezidentni qo‘llab shaharlarda namoyishga chiqdi. To‘ntarishga urinish jahon jamoatchiligi tomonidan ham qoralandi. Isyon bostirildi. 60 mingdan oshiq kishi, asosan armiya ofitserlari qamoqqa olindi. Turkiya armiyasida, davlat apparatida tozalash o‘tkazildi. Muxolifatga aloqador deb hisoblangan o‘nlab gazetalar, telekanallar yopildi. 2017-yil aprelda referendum o‘tkazilib, uning natijalariga ko‘ra, Turkiyada prezident boshqaruvi joriy qilindi.
Harbiy to‘ntarishga urinishdan keyin muxolifatga qarshi qat’iy harakatlari uchun AQSH va YI tomonidan tanqidga uchragan Turkiya hukumati Rossiya bilan yaqinlashish yo‘lini tutdi. Turkiya prezidenti R. Erdo‘g‘on Rossiya prezidenti V. Putin bilan bir necha bor uchrashib, ikki mamlakat o‘rtasida uzilib qolgan savdo, iqtisodiy va gumanitar aloqalarni tiklashga kelishib oldi. 2017-yil noyabr oyida Rossiyaning Sochi shahrida V. Putin, R. Erdo‘g‘on va Eron prezidenti H. Ruhoniy o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilib, unda terrorchilikka qarshi hamkorlikda kurashishga, Suriyada tinchlik o‘rnatishga qaror qilindi.
Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar
- 1990-yillar oxiri – 2000-yillari Turkiyadagi siyosiy jarayonlarning o‘ziga xos tomoni nimalardan iborat?
- Turkiyadagi siyosiy jarayonlarda islom omili qanday rol o‘ynaydi?
- Turkiyaning iqtisodiy rivojlanishida qanday muammolar mavjud?
- Yaqin Sharqdagi voqealar Turkiyaning tashqi siyosatida qanday rol o‘ynamoqda?
Mustaqil ish
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya o‘rtasidagi aloqalarning xronologiyasini tuzing. |
Maktab darsliklari, Ta‘lim
20-Mavzu. 1991 – 2017-yillarda Turkiya Respublikasi