2-sinf A va O unlilari mavzusida dars ishlanma to’liq malumot oling

2-sinf A va O unlilari mavzusida dars ishlanma to’liq malumot oling

A va O unlilari 2-sinf
Mundarija скрыть

 

Darsning maqsadlari:

ta’limiy: o‘quvchilarni unli tovushlarni farqlashga «a» va «o» unli tovushlarining so‘zlardagi o‘rnini bilishga o‘rgatish;

tarbiyaviy: yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish lozimligini uqtirish, o‘quvchilar orasida do‘stona muhitni shakllantirish;

rivojlantiruvchi: o‘quvchilarning og‘zaki va yozma nutqini rivojlantirish, tez fikrlash   qobiliyatini o‘stirish.

Dars turi: noan’anaviy, sayohat darsi.

Dars metodi: savol-javob, faollashtiruvchi metodlar.

Darsning jihozi: darslik; avtobus maketi, slaydlar, chipta misolidagi kartochkalar, yo‘l belgilari maketi, ko‘rgazmali qurollar va magnit doskasi.

Fanlararo bog‘liqligi: o‘qish, atrofimizdagi olam, yo‘l harakati.

Darsning borishi

Tashkiliy qism.

A) salomlashish.

B) davomatni aniq­lash.

D) qisqacha savol-javob daqiqasini o‘tkazish.

(Qaysi dars ekan­­ligi aniqlanib, ona tilimizga bag‘ishlangan va «Sog‘lom bola yili» haqida she’rlar aytiladi).

O‘tilganmavzuni so‘rash va mustah­kamlash.

(O‘quvchilarning javoblari orqali avvalgi darsda «Unli tovushlar va harflar» mavzusi o‘tilgani aniqlanadi. Uy vazifalari bajarilganligi tekshirilib, daftarlar almashtiriladi).

O‘qituvchi: — Bolajonlar, bugungi darsimizda ikki guruhga bo‘linib, siz bilan xayolan Qashqadaryo viloyatining markaziy shahri bo‘lmish go‘zal Qarshiga sayohat uyushtiramiz. O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan «UzOtoyol» avtobusi uzog‘imizni yaqin qilishda yordamlashadi. (Slaydlarda «UzOtoyol» avtobusi   namoyish etiladi).

Bilasizlarmi, bolajonlar, Qarshi shahri kundan-kunga ko‘p qavatli uylari, keng ko‘chalari va qulay maishiy xizmat shaxobchalari bilan chiroy ochib bormoqda. Har kuni bir yangilikni ko‘rib, ko‘zingiz quvnaydi. Siz ham bu go‘zallikdan bahra olishni istasangiz, biz bilan sayohatga otlaning. Faqat topshiriqlarimiz bor. Ular bilan sayohat darsimiz davomida tanishib boramiz va ikki guruhga bo‘lingan holda ularni bajarishga harakat qilamiz. (Slayd orqali shartlar e’lon qilinadi yoki qog‘ozga yozib doskaga ilib qo‘yiladi).

1- shart. Guruhlarni tanish­tirish.

2- shart. Klaster tuzish va savollarga javob berish.

3- shart. Husnixat daqiqasi.

4- shart. «Yodda tut» mashqi.

5- shart. Xotira mashqi.

6- shart. «So‘z tuzish» o‘yini.

O‘qituvchi: — 1- guruh —«A» guruhi, 2- guruh — «O» guruhi. Sizlarni «Yo‘lchiroq»ning qizil — («3»), sariq — («4»), yashil — («5») ranglaridan iborat kartochkalar bilan baholab boraman.

1- shart. Guruhlar o‘zlarini tanishtiradi.

«A» guruhi:

Men «A» guruh sardori —

Tanitay jamoani.

Alifboda ilk harf «A»

Boshlab yurar hammani.

Ayiq «A»dan boshlanar,

Asal boshlanar «A»dan.

Ota-onada borman

Men bilan to‘liq Vatan.

So‘z boshi va o‘rtasi,

So‘z oxirin bezayman.

Ertag-u she’r tuzishda

Hammadan oldin shayman.

«O» guruhi:

Men «O» guruh sardori

Sizga madadkor har on.

Yerday yumaloq «O» harf

Ta’rifi kunday ayon.

Olim, Otabek, Orif,

Menla yozilar oy ham.

Olis osmonda borman

Men bilan go‘zal olam.

Olma, olcha, olxo‘ri,

Mensiz yozilmas biling.

Oqil, dono bolajon,

Orzusiz bo‘lmas biling.

2- shart.

O‘qituvchi: — Hurmatli o‘quvchilar, avtobusga chiqish uchun avvaldan tarqatilgan chiptalarga faqat bir bo‘g‘inli so‘zlarni yozib, so‘ng ularni quyosh nuri shaklida joylashti­rishingiz lozim. (O‘qituvchi 

2- shartni e’lon qilishdan oldin chipta sifatida o‘quvchilarning qo‘liga magnitli qog‘ozchalarni berib chiqadi).

Shart bajarilgach, doskada quyidagi ko‘rinish hosil bo‘ladi:

(So‘zlar tekshirilib, guruhlar rag‘batlantiriladi).

O‘qituvchi: — Unli tovushni undosh tovushdan qanday ajratamiz?

—   O‘zbek tilida nechta unli tovush va harf bor?

(«A» guruhi birinchi, «O» guruhi ikkinchi savolga javob beradi).

Dam olish daqiqasi.

«Yo‘lchiroq» she’ri harakatlar bilan aytiladi. (Slaydda «Yo‘lchiroq» rasmi   ko‘rsatiladi).

Uch xil rangda yo‘lchiroq,

Qizil, sariq, yashil, biroq,

Amal qilmasang o‘rtoq,

Holing bil, bo‘lar chatoq.

Qizil yonsa, to‘xta shu choq,

Sariq yonsa, bo‘l ogoh,

Yashil yonsa, yo‘l ochiq,

Ammo o‘ng so‘lingga boq.

Yangi mavzu bayoni.

O‘qituvchi: — Mana, bolalar, Qarshi shahriga ham yetib keldik. 1- bekat — «Husnixat» bekati deya nomlanar ekan.

3- shartga ko‘ra siz «A a» va «O o» harflarini husnixat bilan yozsangiz, bekatda tushib, shaharni tomosha qilishingiz mumkin. (O‘qituvchi doskaga harflarni husnixat asosida yozib ko‘rsatadi. Yozuv qoidalariga amal qilib, harflarni chiroyli yozgan o‘quvchilar rag‘bat­lantiriladi).

O‘qituvchi: — Keyingi bekat «Yodda tut» deb atalar ekan. Bekatga tushishingiz uchun darsligingizdagi 19- mashq shartini bajarishingiz kerak bo‘ladi.

(Ikkala guruh navbat bilan   so‘zlarni o‘qib, so‘ng darsliklarini yopgan holda ajratilgan so‘zlarni yoddan yozadi va «a» harfining tagiga chizadi. O‘qituvchi o‘quvchilarning ishlarini tekshirish chog‘ida ularga mazkur so‘zlarning birinchi bo‘g‘inida doim «a» tovushi yozilishini ta’kidlaydi. Guruhlar so‘zlarni qatnashtirib bittadan gap ham tuzishadi).

Vatan, mashina, baho, javob, vazifa.

Dam olish daqiqasi.

O‘qituvchi: — Navbatdagi bekat «Xotira mashqi» bekati. 5- shart bo‘yicha yo‘lda ko‘rgan belgilarning maketlarini ko‘rsatib, ularning qanday belgi ekanligini, bu so‘zlarda nechta «a» va «o» harflari qatnashganini aytib berishingiz lozim. (Slaydda yo‘l harakati belgilari namoyish etiladi).

O‘qituvchi «chorraha», «aylanma harakat», «piyodalar yo‘lkasi», «yo‘l bering, bolalar», «piyodalar harakati taqiqlanadi», «transport vositasining kirishi taqiqlanadi» kabi belgilarni ko‘rsatganda, o‘quvchilar ularning ma‘nosini og‘zaki aytishadi.

(Ko‘p belgi mazmunini aytgan guruh rag‘bat oladi).

Yangi mavzuni mustah­kamlash.

O‘qituvchi: — Navbatdagi   «Bo‘g‘inlar yomg‘iri» bekatida 6- shart bo‘yicha «So‘z tuzish» mashqi o‘tkaziladi. Bunda bo‘g‘inlardan tez, to‘g‘ri va ko‘p so‘z jamlagan guruh rag‘bat oladi. 1- guruh o‘quvchilari «a» harfi qatnashgan bo‘g‘inlardan, 2- guruh o‘quvchilari «o» harfi qatnashgan bo‘g‘inlardan doskada so‘z tuzib, uni husnixatga rioya qilgan holda yozib berishlari lozim.

(«A» guruhi: maktab, shakar, malla, barra, karra;

«O» guruhi: tomon, somon, dono, sog‘lom, osmon).

O‘qituvchi: — Demak, bolalar, siz so‘zlarda «a» va «o» unli tovushlarining qo‘llanilish o‘rnini bilib oldingiz.

(O‘qituvchi qisqacha tushuntirib, mavzuni mustahkamlaydi).

Darsni yakunlash.

O‘qituvchi: — Mana, bolalar, eng oxirgi «Sarhisob» bekatiga ham yetib keldik.

(Ikkala guruh yiqqan rag‘bat kartochkalari   hisoblanib, ballari e’lon qilinadi va g‘olib guruh aniqlanadi. Darsdagi faol ishti­rokiga qarab, har bir o‘quvchi alohida rag‘batlantiriladi. O‘quv­chilardan sayohat darsidan olgan taas­surotlari so‘raladi).

Uyga vazifa. 21- mashqda nuqtalar o‘rniga tushirib qoldirilgan unli tovushlarni qo‘yib, so‘zlarni yozib kelish.

Rozaxon YUSUPOVA,

Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi 12- maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

Darsliklar
2-sinf A va O unlilari mavzusida dars ishlanma