2-qism. Kerakli toksin: selenning inson tanasiga xavfi va foydasi nimada? to’liq malumot oling
Maqolaning 1-qismini bu yerda o‘qing → sinaps.uz/maqola/18542/
Selen yetishmovchiligini qanday qoplash mumkin?
Selen bilan boyitilgan yoki tabiiy ravishda selenga boy ovqatlarni isteʼmol qilish orqali tanqislikni qoplash mumkin. Tabiatda selenni toʻplaydigan yemaklar orasida yongʻoq juda mashhur. Selen “chempioni” Braziliya yongʻogʻi (har bir yongʻoqda 68—91 mikrogramm selen) boʻlib, kuniga 1—2 ta yongʻoq yeyish selenning kunlik isteʼmol miqdorini (kuniga 50—100 mikrogramm) toʻldiradi.
Biz uchun oddiyroq va tushunarli boʻlgan boshqa mahsulotlar qatorida sarimsoq, qora non, selen koʻp boʻlgan hududlarda oʻsgan bugʻdoy nonini sanash mumkin.
Biz hindistonlik hamkasblarimiz, xususan, Panjobdagi universitetlardan birida ishlaydigan professor Prakash bilan birgalikda ushbu elementga boy tuproqlarda yetishtirilgan bugʻdoyda selen miqdorini oʻlchash bilan shugʻullandik.
Qanday shaklda selen organizm tomonidan eng yaxshi holatda oʻzlashtiriladi?
Hayvon va oʻsimlik mahsulotlarida selen organik moddalarda asosan aminokislotalarda, yaʼni hayvon mahsulotlarida selenosistein (Se-Cys) va oʻsimlik mahsulotlarida selenometioninlarda (Se-Met) mavjud.
Selen organizmga noorganik tuzlar shaklida ham kirishi mumkin, masalan, selenit yoki natriy selenat kabilar tarkibida. Aslida selenning organizm tomonidan soʻrilishi nuqtayi nazaridan oladigan boʻlsak, u tanaga organik va noorganik birikmalar tarkibida kirishi yoki kirmasligining unchalik katta farqi yoʻq.
Oziq-ovqat yoki suvdan olingan selenning 80 foizdan ortigʻi soʻriladi. Selenning organik shaklda tanaga kirishi xavfsiz ekaniga ishonishsa-da, aslida u boshqa manbalardan, jumladan, dori, vitamin, BAD va boshqalardan ham yaxshi oʻzlashtiriladi.
Ammo selenotoksikoz holatlari mavjudligini esda tutish kerak. Mening tavsiyam juda oddiy: agar siz tanadagi selen miqdorini nazorat qilmayotgan boʻlsangiz, selenni oʻz ichiga olgan dori-darmonlarni 3 oydan ortiq qabul qilmang. Selen miqdorini esa qon zardobi, soch, tirnoqlar tahlili orqali nazorat qilishingiz mumkin.
Selenga boy tuproqlarda yetishtirilgan bugʻdoy va oddiy bugʻdoydagi selen miqdorini qanday oʻlchagansiz?
Biz selenga boy tuproqlarda ham (Panjob, Hindiston; tuproqdagi selen miqdori kilogrammiga 6,5 ± 0,3 mikrogramm) va selen miqdori meʼyorda boʻlgan tuproqlarda ham (Patiala, Hindiston; kilogramm uchun 1,08 ± 0,23 mikrogramm) yetishtirilgan bugʻdoy donalarini oldik. Keyin oʻsha don unidan non pishirdik.
Namunalar 20 daqiqa davomida Selsiy boʻyicha 170—180 daraja haroratda azot kislotada mikrotoʻlqinli parchalanish yordamida qayta ishlandi. Selen miqdori induktiv ravishda bogʻlangan plazma-massa spektrometriyasi orqali aniqlandi.
Selenga boy maydonlarda oʻsgan bugʻdoydagi ushbu modda miqdori selen darajasi meʼyorda boʻlgan tuproqlarda oʻsgan bugʻdoydan deyarli 500 baravar koʻp ekani aniqlandi. Nonda esa bu koʻrsatkich 179 barobar koʻp edi.
Mening Orenburg viloyatidan boʻlgan shogirdlarim, doktorantlar Yelena Salnikova va Tatyana Burtseva ham bu jarayonni oʻrgandi. Selen nonda yaxshi saqlanadi, ammo bugʻdoyni har qanday ravishda qayta ishlash jarayonida selen maʼlum miqdorda yoʻqotilishi muqarrar, shuning uchun bunday mahsulotlarda selenning miqdori asl manbaga qaraganda biroz kam boʻladi.
Tuproqdagi selen miqdori turlicha boʻlgan joylardagi bugʻdoy va non tarkibidagi boshqa mikroelementlar darajasi qandaydir tarzda oʻzgarganmi?
Agar bugʻdoyda selen miqdori koʻp boʻlsa, unda kuchli ogʻir metallar bilan ifloslanish manbai boʻlmasa, bugʻdoyda bu metallarning miqdori nisbatan past boʻladi. Selen ogʻir metallar bilan bogʻlashi mumkin va bu shaklda ular oʻsimlikdan chiqariladi.
Tuproqdagi selenning koʻpayishi bilan u har doim ham bevosita oʻsimlikka oʻtmasligi mumkin. Buning sababi, tuproqning ogʻir metallar, oltingugurt birikmalari bilan ifloslangan boʻlishi ehtimoli yuqori.
Aynan Orenburgda, oltingugurt birikmalarning katta emissiyasi sodir boʻladigan gazni qayta ishlash zavodi atrofida selenning oʻsimliklar tomonidan oʻzlashtirilishi oltingugurt emissiyasi ancha past boʻlgan joylarga qaraganda yomonroqdir.
Selen bilan boyitilgan nonni isteʼmol qilish selen yetishmasligidan aziyat chekadigan odamlarga yordam beradi. Organizmda selen miqdori meʼyorda boʻlgan insonlar uchun bunday non zararli boʻlmaydimi? Katta ehtimol bilan aytish mumkinki, unday boʻlmaydi.
Selenni ortiqcha isteʼmol qilish uchun nonni aql bovar qilmaydigan miqdorda isteʼmol qilish kerak. Ammo hozirda pishirilgan non mahsulotlarini isteʼmol qilish kamaygani tufayli selenning ortiqcha boʻlib ketish xavfi unchalik katta emas. Bir odam kuniga ikki kilogramm non yeyishi dargumon va faqat mana shu holatdagi tanada ortiqcha selen toʻplanishi mumkin.
Selenga boy tuproqlarda oʻsadigan boshqa madaniy oʻsimliklar boʻyicha vaziyat qanday? Masalan, guruch yoki makkajoʻxorida?
Ulardagi selen darajasi ham, albatta, ortadi. Bizning maydonlardagi bugʻdoy selenni juda yaxshi tarzda toʻplaydi. Xitoyning Enshi tumanida ham selenga boy makkajoʻxori va guruch oʻsadi.
Selen yetishmasligini isteʼmolga nafaqat selen bilan boyitilgan bugʻdoyni, balki guruch, makkajoʻxori, xantalni kiritish orqali ham toʻldirish mumkinmi?
Albatta, selenga boy koʻplab mahsulotlar mavjud. Bizga koʻproq sarimsoq mos keladi. U juda koʻp selenni oʻz ichiga oladi. Kokos ham selenga juda boy. Anʼanaviy tibbiyotda ishlatiladigan oʻsimliklardan selenning yuqori miqdori qonchoʻp (chistotel) uchun ham xarakterlidir. Xantal ham uni yaxshi toʻplaydi.
Bugungi kunda bozorda selen bilan boyitilgan mahsulotlar bormi? Ular qandaydir maxsus yorliqlar bilan belgilanganmi?
Olimlar guruhi tarkibida men ham selenga boy tuproqqa ega Xubey viloyatida selen bilan boyitilgan mahsulotlar eksporti dasturini ishlab chiqishda yordam berdim. Viloyatdagi 200 dan ortiq korxonalarda ularni ishlab chiqarish ishlari olib borilmoqda.
Bu tuproqda yetishtirilgan mahsulotlar yorliqlanadi. Makkajoʻxori, guruch, qoʻziqorin, choy, kartoshkada selenning tarkibi yoziladi va mana shunday belgilar bilan ular selen yetishmovchiligi boʻlgan hududlarga yetib keladi.
Xitoyning Shandun provinsiyasida professor Skalniy nomidagi qishloq xoʻjaligi tajriba stansiyasi mavjud boʻlib, u men ishlab chiqqan gidroponika tamoyilidan foydalangan holda selenga boy mahsulotlar ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi. U yerda mana shu tamoyil asosida selen bilan boyitilgan qulupnay yetishtirilgan.
Enshida selen miqdorini gidroponika orqali meʼyorlashtirish uchun mahsulotlarga natriy selenid va noorganik selen qoʻshadigan, butun boshli ishlab chiqarish korxonalari mavjud.
Orenburg viloyatida selenga boy mahalliy mahsulotlarni ishlab chiqarishni amalga oshiradigan dasturlar ishlab turibdi. Bozorlarga selenga boy mayonez, tuxum yetkazib berilmoqda. Buning uchun tovuqlar selen bilan boyitilgan ozuqa isteʼmol qiladi.
Spirulinani selen bilan boyitish uchun professor Aleksandr Tambiyev, Natalya Kirikova va Vladimir Mazo bilan qoʻshma patentimiz bor. Spirulina odam va hayvonlar uchun oziq-ovqat va ozuqa qoʻshimchasi boʻlib, Arthrospira jinsidagi sianobakteriyalar asosida ishlab chiqariladi, vitamin, makro va mikroelementlar hamda antioksidantlarga boy manba hisoblanadi.
Spirulina maʼlum fizik taʼsirlar ostida koʻp selen toʻplaydi. Shu bilan birga, selen bilan boyitilgan 1—2 gramm spirulina kunlik ehtiyojning yarmini toʻldiradi. Bu selen yetishmasligini samarali ravishda qoplaydigan biotexnologik usullardan biridir.
Hozirda biz alohida mikroelementlar bilan boyitilgan mahsulotlarni yaratmoqdamiz. Bu mahsulotlar baton, shirinlik va bolalar sevadigan boshqa barcha narsalar shaklida ishlab chiqariladi. Umuman olganda, biz keng turdagi mahsulotlar — shirinlik, kolbasa, glyutensiz mahsulot va boshqalarni ishlab chiqaramiz.
Shuningdek, biz maktabda beriladigan taomlar tarkibiga boyitilgan oziq-ovqatlarni kiritish loyihasini muhokama qilmoqdamiz. Bunda mintaqaning oʻziga xosligi hisobga olinadi. Hududga qarab mahsulotlarning mahalliy aholi tomonidan ishlab chiqarilishiga harakat qilmoqchimiz, shunda ular turli xil mikroelementlar yetishmasligini eng tabiiy usul — ovqat yordamida toʻldiradi. Baʼzi mahsulotlarni ishlab chiqarish bahorda boshlanadi.
Muallif: Dmitriy Ivanov. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Необходимый токсин. Чем опасен и чем полезен селен для человеческого организма” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: freepik.com
Boshqa mavzular
2-qism. Kerakli toksin: selenning inson tanasiga xavfi va foydasi nimada?