18-Mavzu. 1991 – 2017-yillarda Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari

18-Mavzu. 1991 – 2017-yillarda Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari

Janubi-Sharqiy Osiyo (JSHO) mamlakatlariga rivojlanish darajasi bir-biriga yaqin bo‘lgan Vyetnam, Kambodja, Laos, Myanma, Tailand, Malayziya, Bruney, Sharqiy Timor, Indoneziya va Filippin kiradi. Bu mamlakatlarda yarim milliarddan oshiq aholi yashaydi. Taraqqiyotning sotsialistik yo‘lini tanlagan Vyetnam, Kambodja, Laos 1990-yillarda juda og‘ir ahvolda qoldi. Ular dunyoning eng kambag‘al mamlakatlari qatoriga kirardi. Sotsialistik yo‘nalishdagi hukmron partiyalar hokimiyatda qolgan bo‘lsa-da, ular o‘z mamlakatlarida jiddiy islohotlar o‘tkazishga majbur bo‘ldi.

11-sinf Jahon tarixi darsligi MUNDARIJASIGA QAYTISH
Janubi-sharqiy Osiyoda qaysi davlatlar Yaponiya modeli asosida rivojlanish yo‘lini tanlagan?

Vyetnam, Kambodja, Laos

Vyetnam

1991-yili bo‘lib o‘tgan Vyetnam Kommunistik partiyasining VII syezdi islohotlar kursini e’lon qildi. Syezd erkin tadbirkorlikka ruxsat berdi, dehqonlar uzoq muddat yerga egalik qilish huquqini oldi. Bozor islohotlari natijasida barqaror iqtisodiy o‘sish ta’minlandi, XX asrning so‘nggi yillarida bu ko‘rsatkich yiliga 9% ni tashkil qildi. Chet el kapitali muvaffaqiyatli o‘zlashtirildi, investitsiyalarning o‘sishi kuzatildi.

XX asr oxiri – XXI asr boshlarida Vyetnamda chet el firmalari ishtirokida bir qator loyihalar amalga oshirildi. Iqtisodiy yutuqlar aholining yashash darajasini oshirish imkonini berdi. Bu esa ko‘pmillatli davlatda barqarorlik garovi bo‘lib qoldi. Hozir Vyetnam oziq-ovqat eksporti bo‘yicha Osiyo mamlakatlari ichida birinchi, sholi eksporti bo‘yicha dunyoda mamlakatlar o‘rtasida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.

Kambodja

Kambodjada hokimiyatni Oliy milliy kengashga berish to‘g‘risida 1991-yil oktabrda yakunlangan Parij konferensiyasida qaror qilindi. BMT ning Kambodjadagi Muvaqqat ma’muriyati tuzildi va u umumiy saylovlarga tayyorgarlikni amalga oshirdi. 1999-yili Kambodja ASEAN ning teng huquqli a’zosi bo‘ldi. XXI asr boshlarida Kambodja og‘ir iqtisodiy holatda bo‘lib, xalqaro yordam hisobiga kun kechirardi.

Mamlakatda «tirik tovar» savdosi keng avj olgan bo‘lib, ota-onalar bolalarini arzimagan pulga sotardi. XXI asr boshlarida ayrim ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlandi. Sog‘liqni saqlash va ta’limga ajratilgan xarajatlar ko‘paytirildi, mamlakatda qashshoqlik darajasini pasaytirish tadbirlari amalga oshirildi.

18-Mavzu. 1991 – 2017-yillarda Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari

Laos

Laosda 1991-yili konstitutsiya qabul qilindi. Parlament – Milliy assambleyaning qonunchilik faoliyati kuchaydi, Laos ASEANga a’zo bo‘ldi. XXI asr boshiga kelib iqtisodning faqat 10 % i davlatga tegishli edi. 1999-yili mamlakat birinchi marta o‘zini sholi bilan ta’minladi. Astasekin Laosga chet el kapitali qaytmoqda, inflatsiya pasaydi, milliy valyuta – kipaning qiymati oshmoqda. Konstitutsiyaga binoan mamlakatda bir partiyali tizim hukmron bo‘lishiga qaramasdan, demokratiya elementlari asta-sekin paydo bo‘lmoqda. 2016-yili bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida bir o‘ringa o‘rtacha 1,5 nafar nomzod to‘g‘ri keldi.

Sharqiy Osiyo mamlakatlari

1980 – 1990-yillar Sharqiy Osiyo mamlakatlarining barchasida iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlari kuzatildi. Bu ularga 1990-yillarning boshidayoq zamonaviy dunyoda jiddiy ta’sirga ega bo‘l gan «yangi industrial mamlakatlar» deb ataluvchi guruh qatoridan joy olish imkonini berdi.

Malayziya

Malayziya shiddatli iqtisodiy rivojlanish tufayli korrupsiya va mamlakat shimolida islom fundamentalistlarining faollashuvi bilan bog‘liq ichki siyosiy inqirozni yengib o‘tdi. 1995-yil aprelda bo‘lgan saylovlarda doktor Mahatxir Muhammad boshchiligidagi Malayya birlashgan milliy partiyasi (MBMP) ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi va bu bilan islom fundamentalistlari hokimiyatga kelishining oldini oldi.

1990-yillardan Malayziyaning iqtisodiy o‘sish sur’atlari yuqori bo‘lib, u industrial rivojlangan mamlakatlar qatoriga intilmoqda. XXI asr boshlariga kelib mamlakat nafaqat xomashyoning muhim turlarini, balki juda katta miqyosda sanoat mahsulotlarini ham eksport qilmoqda. Malayziyada mamlakatni rivojlantirishning 2020-yilgacha bo‘lgan dasturi ishlab chiqilgan. Unga binoan, 2020-yilga kelib, Malayziya industrial rivojlangan mamlakatlar qatoridan o‘rin olishi ko‘zda tutilgan.

Indoneziya

Indoneziyaga 1990-yillardagi «Osiyo inqirozi» juda qattiq ta’sir ko‘rsatdi. Iqtisodiy o‘sish sur’atlari pasayib ketdi. Bu aholining ommaviy noroziligini keltirib chiqardi. Prezident Suxarto iste’foga chiqishga majbur bo‘ldi. Bu paytga kelib mamlakatni islom fundamentalizmi to‘lqini qamrab oldi. Musulmonlar orasida g‘alayonlar, xristianlarni qirg‘in qilish, mamlakatning turli hududlarida ayirmachilik chiqishlari boshlanib ketdi.

2001-yili mamlakat prezidenti etib Megavati Sukarnoputri saylanishi aholi tomonidan iliq qarshi olindi, rupiyaning kursi tezda oshib ketdi, fond bozori ham faollashdi. 2014-yili bo‘lib o‘tgan navbatdagi saylovlarda Joko Vidodo Indoneziya prezidenti etib saylandi.

Filippin

Filippinda 1992-yilgi saylovlarda general Fidel Ramos mamlakat prezidenti etib saylandi. U janubdagi musulmon ayirmachilarini tor-mor qilishga urindi, ammo bunga erisha olmadi. Filippinda musulmonlarning bir necha radikal tashkilotlari mavjud. Ularning ixtiyorida o‘nminglab yaxshi qurollangan, Afg‘oniston va Shimoliy Kavkazda tajriba orttirgan, Iroq va Suriyada ISHID saflariga borib qo‘shilgan jangarilar bor. Ichki holatning og‘irligiga qaramasdan 1990-yillari iqtisodiy o‘sishni jadallashtirishga erishildi. Filippin elektron va kimyo sanoati mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi eng yirik mamlakatlardan biriga aylandi.

2016-yil may oyida bo‘lib o‘tgan saylovlarda Rodrigo Roa Duterte g‘olib chiqib, Filippin prezidenti bo‘ldi. U mamlakatda 2006-yili bekor qilingan o‘lim jazosini qayta tiklash tarafdori. 2016-yil iyul oyida mamlakatda narkotik savdosi bilan noqonuniy shug‘ullanuvchilarga qarshi kampaniya boshlanib, narkotik savdosida gumon qilingan 2 mingdan oshiq kishi o‘ldirildi. Narkotik savdosida gumon qilinganlarning sudsiz o‘ldirilishi jahon jamoatchiligini tashvishga solmoqda.

Janubiy-Sharqiy Osiyo mintaqasidagi «yangi industrial davlatlar»

XX asrning ikkinchi yarmi – XXI asr boshlarida jadal modernizatsiyalashni amalga oshirgan Janubiy Koreya, Tayvan, Singapur, Gonkong taraqqiyotning yuksak sur’atlarini ta’minlab, «Osiyo yo‘lbarslari», «yangi industrial davlatlar» deb atala boshlandi. Ularda aholining yashash darajasi keskin yaxshilandi. Bu mamlakatlarda sanoatning kemasozlik, avtomobilsozlik, neftni qayta ishlash sohalari va yengil sanoat buyumlari ishlab chiqarish rivojlangan. Ilmtalab yuqori texnologiyalarni joriy qilish, kompyuterlashtirish va robotlashtirish bo‘yicha yuqoridagi davlatlar dunyoda eng ilg‘orlardan hisoblanadi.

Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar

  1. Vyetnamda 1991-yili boshlangan iqtisodiy islohotlar qanday natijalarga olib keldi?
  2. XXI asrda Kambodja va Laosda qanday o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda?
  3. Sharqiy Osiyo mamlakatlari rivojlanishning qanday darajasida turibdi?
  4. JSHO mintaqasidagi «yangi industrial davlatlar»da sanoatning qaysi sohalari rivojlangan?

Mustaqil ish

Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida amalga oshirilgan islohotlar bilan mustaqillik yillarida O‘zbekistonda o‘tkazilgan islohotlarni taqqoslang. O‘xshash va farqli jihatlarini Venn diagrammasida aks ettiring.

Maktab darsliklari, Ta‘lim
18-Mavzu. 1991 – 2017-yillarda Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari