16-iyul Ajariya Muxtor Respublikasi tashkil topgan kun to’liq malumot oling
Ajariya Muxtor Respublikasi Gruziya Respublikasi tarkibida. 1921-yil 16-iyulda tashkil topgan. Zakavkazyening janubiy-g’arbida, Qora dengiz sohilida joylashgan. Maydoni 3 ming km.kv. Ajariyada 5 tuman, 2 shahar, 7 shaharcha bor. Poytaxti — Batumi shahri. Ajariya dengiz sohili past-baland, boshqa joylari tog’li. Turkiya bilan chegara bo’ylab baland Shavshet tog’ tizmasi o’tadi. Mesxeti, Arsiyan tizmalari ham bor. Ajariya hududida500 m gacha balandlikda iqlim subtropik, tog’larda mo’tadil sovuq. Pasttekislikda yanvarning o’rtacha temperaturasirasi 4°, 7°, iyulda 20°, 23°, tog’larda yanvarda — 2°, iyulda 16°. Yillik yog’in miqdori ichki vodiylarda 1000-1400 mm, sohilda 2400-2800 mm. Eng katta daryosi – Chorox, Batumi shahri yaqinida Qora dengizga quyiladi. Bu daryoning yuqori oqimi Turkiyada, uning irmog’i — Ajarisskali Sharqdan G’arbga butun mamlakatni kesib o’tadi. Foydali qazilmalari: mis va polimetall rudalar, oltingugurt kolchedani, o’tga chidamli tuproqlar. Tuproqlari tog’larda tog-o’tloq va tog’- o’rmon, dengiz sohilidagi tog’ oldida qizil tuproq. Hududining 50% dan ko’prog’i o’rmonlar bilan qoplangan. Tog’ yon bag’irlarida kashtan, dub, grab, archa, pixta, dengiz bo’yida subtropik o’simliklar (palma, magnoliya) o’sadi. Evkalipt, bambuk ham uchraydi. Kintrishi qo’riqxonasi bor. Ajariyada gruzin (ajar)lar, shuningdek ruslar, armanlar, ukrainlar va boshqalar yashaydi. Ajarlar tili gruzin tili lahjalaridan biri hisoblanadi. Yirik shaharlari: Batumi, Kobuleti. Tarixi. Milodan avvalgi VI-II asrlarda Ajariya Kolxida podshohligi, so’ngra G’arbiy Gruziya davlati tarkibiga kirgan. XI-XV asrlarda Ajariya hududi birlashgan gruzin davlatining bir qismi bo’lgan. XVI asrning 2-yarmida Gruziyaning zaiflashuvi sababli Ajariyani Turkiya bosib oldi va aholi orasida musulmon dinini tarqata boshladi. 1877-1878-yilgi Rossiya-Turkiya urushi natijasida Ajariya Rossiyaga qo’shib olindi. XIX asrning 80-yillarida Ajariyada sanoat rivojlana boshladi. 1897-1907-yillarda Boku — Batumi neft quvuri yotqizildi. 1918-yil aprelida Batumi, Axalsixe, Ardagan va Guriyaning bir qismini turk qo’shinlari, dekabrda esa butun Ajariyani ingliz qo’shinlari bosib oldi. 1920-yil iyulda ular hokimiyatni mensheviklarga topshirdi. 1921-yil martda sovet hokimiyati o’rnatildi. 1990-yil dekabrdan Ajariya Muxtor Respublikasi bo’lgan. Ajariya iqgisodiyotining asosini qishloq xo’jaligi tashkil qiladi. Subtropik ziroatchiligi, ayniqsa sitrus mevalari yetishtirish rivojlangan. Makkajo’xori asosiy qishloq xo’jaligi ekini hisoblanadi. Bog’dorchilik, tokchilik, tamakichilik katta o’rin oladi. 1949-yildan Ajariyaning butun sohil bo’ylariga choy ekila boshladi. Chorvachilik, parrandachilik, pillachilik, asalarichilik, sohilda baliqchilik bilan shug’ullaniladi. Sanoat korxonalarining aksariyati Batumi shahrida joylashgan. Shaharning ko’pchilik aholisi portda va Qora dengizning sharqiy sohilidagi neftni qayta ishlash zavodida ishlaydi. Ajariyada mashinasozlik, kemasozlik, taxta tilish, yogochsozlik, faner va mebel fabrikalari, oziq-ovqat va yengil sanoat korxonalari, bir necha yirik choy fabrikasi bor. Batumi kofein zavodi mashhur. Elektr energiyaning yagona mahalliy manbai Ajarisskali GESI, shuningdek bir necha issiqlik elektr stansiyalaridir. Ajariya hududidan Batumi — Boku temir yo’l, Batumi — Samtredia, Batumi — Axalsixe avtomobil yo’li o’tadi. Asosiy dengiz porti — Batumi shahri Ajariyada Batumi, Maxinjauri, Sixisdziri, Beshumi, Kobuleti, Yashil Burun kurortlari bor. Ajariya chetga neft mahsulotlari, yangi va konservalangan sitrus mevalar, choy, ho’l meva, uzum, tung va efir moylari, tamaki mahsulotlari, choy va vino sanoati uchun asbob-uskuna, faner, mebel chiqaradi. Chetdan metall, asbob-uskuna, qurilish materiallari, un, to’qimachilik mahsulotlari oladi. Madaniyati. Ajariyada barcha turdagi umumiy ta’lim maktablarida 65 mingdan ortiq o’quvchi o’qiydi. O’rta maxsus o’quv yurtlari, Batumi dengizchilik akademiyasi, Batumi unversiteti, Batumi politexnika instituti, akvarium, delfinariy, iliy tadqiqot muassasalari, botanika bog’i, ommaviy kutubxonalar, klub muassasalari, kino qurilmalar bor. Gruzin va rus tillarida gazeta chiqadi. Radioeshittirishi va retranslyatsiya teleko’rsatuvi mavjud. Ajariya adabiyoti — gruzin adabiyotining tarkibiy qismi. Yozuvchilardan M.Varshanidze, 3 Gorgiladze, P.Loriya, N.Malazoniya, Sh. Rokva, P.Rurua, F.Xalvashi, G. Salukvadze, A. Shervashidze va boshqa uni rivojlantirishga o’z hissalarini qo’shganlar. Ajariya me’morlik obidalari: Goniadagi qal’a, Vizantiya davridan qolgan Sixisdziridagi Petr qal’a-shahri (6-asrda asos solingan), Tamarissixe qal’asi, Sxaltdagi ibodatxona (XIII asr), Maxunseti, Dandalo, Saputkretidagi bir arkali ko’priklar va boshqa Ajariyada qadimdan amaliy bezak san’ati (yog’och o’ymakorligi, zarb qilish, kashtachilik) rivojlangan. Keyingi yillarda professional san’at o’sdi (rassomlar Sh.Xoluashvili, S.Artmeladze, X.Inaishvili; haykaltaroshlar T.Chanturia, M.Bolkvadze va boshqa). Batumida Davlat qo’shiq va raqs ansambli, xalq ijodi uyi, musiqa xoreografiya jamiyati bor. 1937-yildan Batumida I.Chavchavadze nomidagi teatr ishlab turibdi. Teatrdagi Yu.Kobaladze, A.Mgeladze, N.Tetradze kabi mashhur artistlarning ijodi diqqatga sazovor. 1980-yildan qo’g’irchoq teatri, 1993-yildan opera teatri ishlaydi. Batumi shahardagi o’lkashunoslik muzeyida Ajariya aholisi etnografiyasiga oid buyum va ashyolar mavjud.
Mundarija
скрыть
Muhim sanalar
16-iyul Ajariya Muxtor Respublikasi tashkil topgan kun