14,7 million yillik Xitoy qahrabosidan sakrovchi o‘rgimchak topildi to’liq malumot oling

14,7 million yillik Xitoy qahrabosidan sakrovchi o‘rgimchak topildi to’liq malumot oling

Paleontologlar yoshi taxminan 14,7 million yilga teng boʻlgan Xitoy qahrabosida (toshga aylangan yogʻoch qatroni, kech boʻr va paleogen davrlarida eng qadimgi ignabargli daraxtlarning qotib qolgan qoldiqlari) “Sakrovchilar” (hasharotlarni toʻr toʻqimasdan tutib oluvchi oʻrgimchak turi) oilasiga mansub oʻrgimchakni topdi. Bu Xitoyda qazib olingan mana shu turdagi oʻrgimchaklarning ikkinchi topilmasi hisoblanadi. Maqola dastlabki Palaeoworld jurnalida chop etilgan.

Oʻrgimchaklar (Araneae) bo‘g‘imoyoqlilarning juda xilma-xil vakillaridir. Joriy yil aprel oyida Butunjahon oʻrgimchaklar katalogi (World Spider Catalog) noshirlari zamonaviy oʻrgimchaklarning ellik minginchi turini kashf etilgani haqida xabar berdi (24-iyun holatiga koʻra 50 195 ta tur maʼlum). Bu tur “Sakrovchilar” (Salticidae) oilasining vakili boʻlib chiqdi. Aynan shu oila oʻrgimchaklar orasida tur va avlod soni boʻyicha eng yirigi hisoblanadi. Butunjahon oʻrgimchaklar katalogiga koʻra, bugungi kunda 664 avlodning 6431 turi mana shu oilaga tegishli.

147 million yillik xitoy qahrabosidan sakrovchi orgimchak topildi 1

Phidippus princeps sakrovchi oʻrgimchagining modasi. Tibor Nagi / Flickr

Biroq bugungi kundagi xilma-xillikka qaramay, “Sakrovchilar”ning vakillari qazilma qoldiqlarda kamdan kam holatda uchraydi. Ushbu oilaning barcha topilgan qoldiqlari kaynozoy davriga tegishli. Bundan tashqari, turlarning taxminan 70 foizi paleogen (66–23 million yil oldingi davr) konlarida topilgan.

Xitoy Fanlar akademiyasining Nankin geologiya va paleontologiya instituti xodimi Xan Van va uning Xitoy hamda Germaniyadagi hamkasblari neogen davriga tegishli sakrovchi oʻrgimchakni tasvirlab berdi. Oʻrgimchak Xitoyning janubi-sharqidagi Futszyan provinsiyasidagi qahrabo ichidan topilgan. Qahraboning yoshi taxminan 14,7 million yilga (oʻrta miotsen) teng. Ushbu qahrabo va unga tegishli choʻkindi jinslardan topilgan organizmlar Chjanpu biotasiga (Zhangpu biota) (biota – hozirgi yoki oʻtmishdagi geologik davrlarda umumiy yashash maydonida jamoaviy tarzda yashagan tirik organizmlar turining tarixan belgilangan toʻplami) tegishli.

147 million yillik xitoy qahrabosidan sakrovchi orgimchak topildi 2

Qahrabo ichidan yangi topilgan sakrovchi oʻrgimchak. Vang va boshqalar / Palaeoworld jurnali, 2022-yil

Olimlar Salticinae kenja oilasiga mansub sakrovchi oʻrgimchakni aniqlashga muvaffaq boʻldi. Mualliflarning taʼkidlashicha, bu Xitoydan topilgan ikkinchi qazilma oʻrgimchak hisoblanadi. Ulardan birinchisi 17–15,5 million yil avval mavjud boʻlgan miotsen davriga mansub Shanvan biotasiga tegishli.

147 million yillik xitoy qahrabosidan sakrovchi orgimchak topildi 3

Qahrabo ichidan yangi topilgan sakrovchi oʻrgimchakning tepadan koʻrinishi. Vang va boshqalar / Palaeoworld jurnali, 2022-yil

147 million yillik xitoy qahrabosidan sakrovchi orgimchak topildi 4

Sakrovchi oʻrgimchakning surati, jigarrang bilan 4 juft koʻzi tasvirlangan. Vang va boshqalar / Palaeoworld jurnali, 2022-yil

Paleontologlarning fikricha, Chjanpu biotasidan topilgan oʻrgimchak bugungi kunda Janubi-sharqiy Osiyoning tropik oʻrmonlarida yashovchi ushbu oilaning baʼzi vakillariga juda oʻxshaydi. Mualliflarning fikricha, bu Chjanpu ekotizimida tropik oʻrmon boʻlganini yana bir bor isbotlaydi.

Muallif: Semyon Morozov. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Паука-скакунчика обнаружили в китайском янтаре возрастом 14,7 миллиона лет” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: Xitoy qahrabosida topilgan sakrovchi oʻrgimchakning rasmi / Vang va boshqalar / Palaeoworld jurnali, 2022-yil

Boshqa mavzular
14, 7 million yillik Xitoy qahrabosidan sakrovchi o‘rgimchak topildi