1-qism. Tukli arilar og‘riq sezmaydimi? to’liq malumot oling

1-qism. Tukli arilar og‘riq sezmaydimi? to’liq malumot oling

Mushukning oyog‘ini bosib olganimizda, u nimani his qilishini bilmaymiz. Lekin biz buni og‘riq deb hisoblaymiz. U inson his qiladigan og‘riqqa o‘xshamasligi mumkin, ammo biz mushukning holatini sezamiz va unga hamdardlik bildiramiz. Olimlarning tajribalarini tasdiqlaydigan etik komissiyalar barcha sutemizuvchi va umurtqali hayvonlar og‘riqni his qilishiga shubha qilmaydi. Yevropada 2010-yildan boshlab, osminoglarga hatto ilm-fan nomidan zaruratsiz azob berish taqiqlangan. Kun tartibida navbatdagi savol turibdi – umurtqasizlar ham og‘riqni his qiladimi? Biz bu savolga javob berish uchun olimlar tukli ari va qisqichbaqalar qarshisida qanday qiyin holatga tushib qolgani haqida aytib beramiz.

2010-yil sentabr oxirida Yevropa parlamenti va Yevropa ittifoqi kengashi a’zolari bosh-oyoqli mollyuskalar haqida suhbatlashib olish uchun yig‘ildi. Parlament va kengash a’zolari ularni uzoq vaqt davomida og‘riqni his qilishi, azob chekishi, stressni boshdan kechirishi va ancha vaqt bundan aziyat chekishi tufayli umurtqalilarga tenglashtirdi.

Biroq yevropaliklar qisqichbaqa va kalmarni iste’mol qilishni to‘xtatmadi. Yevropa ittifoqi tomonidan chiqarilgan qaror faqat ilmiy tadqiqotlar, dori-darmonlarni sinash, veterinariya va klinik amaliyot, shuningdek, sud-tibbiyot ekspertlari ishiga taalluqli bo‘lib, bu hujjat subyektlari orasida fermerlar, oshpazlar yo‘q edi. Ammo sakkizoyoq bilan tajriba o‘tkazmoqchi bo‘lganlar (jumladan, tergovda ham) hayvonlarga azob-uqubat keltirishi mumkin bo‘lgan harakatlarni amalga oshirishdan oldin axloq qo‘mitasidan ruxsat olishi kerak.

Ayni paytda kichik va soddaroq miyaga ega bo‘lgan boshqa umurtqasiz jonzotlar “azob hamda jarohatlar qonuni” bo‘yicha axloqiy ko‘rsatmalar ro‘yxatiga kiritilishga tayyorlanmoqda. Misol uchun, yaqinda ingliz olimlari tukli arilarning og‘riqni his qilishi haqida maqola chop etdi.

Bir qator tajribalar davomida hasharotlar turli xil darajadagi shirin eritmalar (10, 20, 30 va 40 foizli glyukoza eritmalari) bilan oziqlantirildi, shu bilan birga shirin eritmalar solingan ba’zi qutilar Selsiy bo‘yicha 55 darajagacha qizdirildi. Ma’lum bo‘lishicha, tukli arilar ularni eng shirin nektar kutayotgan bo‘lsa qizdirilgan qutiga kirishga tayyor bo‘lar ekan. Agar taomga qizdirilmagan quti va xavflarsiz erishish mumkin bo‘lsa, unda arilar qaynoq qutilarga kamdan kam e’tibor qaratgan.

1 qism tukli arilar ogriq sezmaydimi 1

Tajribani o‘tkazish sxemasi: pushti qutilar qizdiriladi. Matilda Gibbons va boshqalar / Proceedings of National Academy of Science, 2022-yil

Bunga qarab, arining shirin mukofotni qo‘lga kiritish uchun bardoshli bo‘lishga tayyorligini anglab olish mumkin. Ammo olimlar yanada qat’iyroq xulosaga keldi. Ularning aytishicha, olingan natijalar arilar og‘riq sezadi degan xulosaga kelishiga imkon beradi. Agar shunday bo‘lsa, unda ular Yevropada og‘riq sezishi rasman tan olingan sakkizoyoq, sichqon, it va boshqa umurtqali hayvonlar bilan tenglashadi.

Sharhlovchilar esa bundan ham qiziqroq gipotezani ilgari surmoqda: agar arilar og‘riqni sezsa, unda his qilish (sezgi) umuman barcha hasharotlarda bo‘lishi mumkin.

Muharrirdan

Sentience (sezgi) so‘zining rus tilida aniq muqobili yo‘q. Ko‘pincha u “ong” deb tarjima qilinadi. Sentient being birikmasi esa “ongli mavjudot” sifatida qo‘llanadi. Avvalo, ontologik emas, balki sof atamalar nuqtayi nazaridan his-tuyg‘ularning ongga hech qanday aloqasi yo‘q (biz buni haligacha bilmaymiz va hatto bunday bo‘linishda qandaydir mantiq borligiga ishonchimiz komil emas).

Ushbu matnda biz qat’iy terminologik tartibni qo‘llamaymiz va hissiyot haqida gap ketganda, uning ma’nosini muayyan kontekstda ochib berishga harakat qilamiz. Biz tayanadigan ilmiy asarlar juda xilma-xil ilmiy ma’lumotlarga ega odamlar tomonidan va eng muhimi, turli vaqtda yozilgan. Shuningdek, 1980-yillardagi til konvensiyalari va jamiyati bizning zamonaviy me’yorlarimizdan va jamiyatimizdan juda farq qiladi. Qolaversa, ko‘plab ilmiy ishlarda odam, hayvon va hasharotlarga nisbatan Sentience (sezgi), Consciousness (ong), Mind (ong, aql) kabi so‘zlar ma’lumotlarni muhokama qilish va izohlash ma’nolarida qo‘llanadi hamda ko‘pincha tanqidsiz ishlatiladi.

Qat’iy ma’noda Sentience so‘zi og‘riq, zavq va shunga o‘xshash hissiy hodisalarni boshdan kechirish qobiliyatini anglatadi. “Ong” tushunchasi doirasida esa Sentience nutq, xulosa chiqarish qobiliyati va umuman fikrlash jarayonlarini o‘z ichiga olgan Cognition (anglash) so‘zidan keskin farqlanadi. Hayvonlarda ong va tafakkur ma’nosida ishlatiladigan ushbu tushunchalarning barcha holatlari haqida ko‘proq ma’lumotni Stenford falsafa ensiklopediyasidan (SEP) bu yerda va mana bu yerda olishingiz mumkin.

Og‘riyaptimi?

Og‘riq nima ekanini izohlab berish unchalik oson ish emas. Agar inson his qiladigan og‘riq haqida gapiradigan bo‘lsak ham. Og‘riqni o‘rganish xalqaro assotsiatsiyasi (IASP) 2020-yilda unga berilgan ta’rifning yana bir shaklini qabul qildi. Unga ko‘ra, og‘riq to‘qimalarning haqiqiy yoki ehtimoliy shikastlanishi yoki boshdan kechiriladigan, shunga o‘xshash noxush, hissiy va hayajonli tajribadir. Ammo bunday ta’rifni qo‘llashda bir qator qiyinchiliklar mavjud. Inson o‘zining hissiy va hayajonli tajribasini og‘riq sifatida baholashi yoki baholamasligini bilish uchun u qandaydir tarzda bu haqda aytib berishi kerak bo‘ladi. Agar u muloqot qilishni xohlamasa yoki qila olmasa, biz faqatgina u boshqalar his qiladigan narsani his qilyapti deb taxmin qilishimiz mumkin xolos.

Bu ta’rifni boshqa turlarga nisbatan qo‘llab bo‘lmaydi, chunki ular biz bilan gaplasha olmaydi. Shunday qilib, biz keltirilgan ta’rifga asosan hayvonlarning haqiqatan ham og‘riqni his qilishini bilib olishimiz dargumon degan xulosaga kelishimiz mumkin. Buni hatto og‘riqni o‘rganadigan tadqiqotchilar ham tan oladi. Biz faqat ularda qoida tariqasida, og‘riqni his qilishiga imkon beradigan mexanizmlar mavjudligini bilib olishimiz mumkin.

Shu bois bugungi kunda hech bir olim bitta tajribaga asoslanib, kimdir og‘riq sezishini aytishga jur’at eta olmaydi. O‘z navbatida, og‘riq hissi barcha darajalarda qidiriladi. Birinchi navbatda, og‘riqqa javob beradigan retseptorlar, so‘ngra ulardan signalni olib uzatuvchi neyronlar, keyin esa uni qayta ishlaydigan asab markazlari va signal qabul qilinganini ko‘rsatadigan xatti-harakat shakllari o‘rganiladi.

Shunday qilib, hayvonlardagi og‘riqqa ta’rif berish uchun uzun ro‘yxatga murojaat qilish kerak bo‘ladi. Turlarga qarab ro‘yxatlardagi mezonlar ba’zilarida 8 ta, boshqalarida 17 tadan iborat. Yagona standart yo‘q, shuning uchun har kim o‘z mezonlaridan foydalanishi yoki ularni ixtiro qilishi mumkin. Ularni turli usullar yordamida guruhlash mumkin, lekin umuman olganda, mezonlar bir nechta asosiy savollarga javob berishi kerak:

— hayvonda og‘riqli holatni idrok etish va signalni uzatish vositasi bormi? (retseptor, neyron, signal berish yo‘llari);

— og‘riq qoldiruvchi dorilar ta’sir qiladimi? (hayvon og‘riqsizlantiruvchi dori ta’sirida og‘riqqa munosabat bildirishni to‘xtatadimi yoki yo‘qmi);

— hayvon qayeri og‘riyotganini anglaydimi? (tananing shikastlangan qismiga alohida e’tibor qaratadimi?);

—og‘riqli holatlar motivatsiyaga ta’sir qiladimi? (ya’ni ular qaror qabul qilishga ta’sir qiladimi?).

1 qism tukli arilar ogriq sezmaydimi 2

Sakkizoyoqning paypaslagichiga sirka kislotasi inyeksiya qilinishiga munosabat bildirish holatlari: munosabat bildirmayapti, shikastlangan joyni yashiryapti, shikastlangan joyni ishqalayapti. Robin J. Kruk / iScience , 2019-yil

Ushbu savollarning ba’zilariga odatda murakkab tajribalarsiz javob berish mumkin. Neyron bo‘ladi yoki bo‘lmaydi. Jonzot zararlangan a’zoni yo ishqalaydi yoki ishqalamaydi. Bu xatti-harakatlar lidokain ta’sirida to‘xtaydi yoki to‘xtamaydi. Ammo boshqa mezonlar bilan vaziyat biroz murakkab tus oladi.

Agar kimnidir tok ursa, u qochib ketadi, suzib qochadi yoki sudralib qochadi. Bu shunchaki refleks va sof odat emas, balki og‘riqdan qochish uchun ongli ravishda qabul qilingan qaror ekanini qanday isbotlash mumkin? “Robotni ham tokdan qochishga o‘rgatish mumkin” deya tanqid qiluvchilar ham topiladi. Ammo bu robot nimanidir his qilishini anglatmaydi (ammo bu ham shubhasiz xulosadan yiroq).

Og‘riq bilan

Har qanday tushunarsiz vaziyatda, chig‘anoqli qisqichbaqa o‘z qobig‘ida jim o‘tirishni afzal ko‘radi. Agar unga tok bilan zarba berilsa, qisqichbaqa tezda o‘tirgan joyini tark etadi. Buni ongsiz reaksiya, refleks deb hisoblash mumkin. Agar diqqat bilan qaralsa, bu refleksni yuzaga keltiradigan nuqtani topish mumkin.

“Uyidan” quvilgan qisqichbaqa yangi chig‘anoqni qidirayotganda juda shoshiladi. U tebsa-tebranmas qarindoshlariga qaraganda boshpana tanlash haqida o‘ylash uchun kamroq vaqt sarflaydi. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, bunday xatti-harakatlar bir necha jihatdan refleksga o‘xshamaydi.

Birinchidan, refleks tez yuz berishi kerak. Signal retseptordan nerv markaziga va u yerdan mushakka qaytib borishi uchun odatda bir soniyadan kamroq vaqt ketadi. Ammo qisqichbaqalarda elektr toki zarbasidan keyingi xatti-harakatlarda o‘zgarishlar ancha uzoq davom etadi. Agar zarbadan keyin bir necha daqiqa kutib, jarohatlangan qisqichbaqaga yangi chig‘anoq taklif qilinsa, u buni odatdagidan ikki-uch barobar tezroq paypaslab ko‘radi va ichkariga kirishga shoshiladi. Ushbu “tezkorlik” bir kundan keyin ham saqlanib qoladi. Bu esa refleksning davomiyligidan sezilarli darajada ko‘proqdir.

1 qism tukli arilar ogriq sezmaydimi 3

Qisqichbaqa o‘ziga yoqmagan qobiqdan ko‘proq yoqqan qobiqqa ko‘chib o‘tmoqda. U avval emaklaydi, qobiqni paypaslaydi, aylantiradi va o‘rnashib oladi. Robert V. Elvud / Animal Cognition, 2022-yil

Ikkinchidan, refleks oddiy harakatlarni keltirib chiqaradi. Masalan qisqichbaqa tirnog‘ini tortib oladi yoki qobiqdan sudralib chiqadi. Ammo ularga berilgan elektr toki zarbasidan so‘ng, xatti-harakatlarning ko‘plab elementlari bir vaqtning o‘zida o‘zgaradi. Masalan, ular tajriba labirintida qorong‘i burchaklarni afzal ko‘rib, yorug‘likdan ko‘proq yashirinishni boshlaydi. Bu esa bezovtalikning eng sodda ko‘rinishi, ya’ni miyaning turli sohalari jalb qilingan tizimli javob reaksiyasidir.

Nihoyat, refleks deyarli har doim bir xil ishlaydi. Elektr toki urishi bilan mushaklar darhol qisqaradi. Ammo zarba yegan jonzot o‘z uyidan chiqmasligi ham mumkin, barchasi tashqi sharoitga bog‘liq. Misol uchun, uni qulay boshpanadan ko‘ra noqulay chig‘anoqdan zaifroq elektr toki zarbasi bilan tez chiqarish mumkin. Agar akvariumda yirtqichning izlari bo‘lsa, qisqichbaqani qobig‘idan chiqarish uchun kuchliroq tok kerak bo‘ladi. Shu tufayli tadqiqotchilar, chig‘anoqda o‘tirgan qisqichbaqa, undan chiqib ketish yoki uyda qolishdan oldin barcha ijobiy va salbiy tomonlarini diqqat bilan baholaydi deb taxmin qilmoqda.

Bunday sharoitda hayvonlar ikkita ideal bo‘lmagan variantlar o‘rtasida asosli tanlov qilish, ya’ni ongli ravishda “ayirboshlash” harakatlarini amalga oshirishi kerak. Olimlar fikriga ko‘ra, qisqichbaqa o‘zini bunday tutishi uning harakatlari refleks emasligini isbotlaydi. Tok zarbalari ostida chig‘anoqda o‘tirish uchun qisqichbaqa ulkan iroda ko‘rsatishi kerak. Bu esa zarbaga tabiiy reaksiya bildiradigan mushaklarning qisqarishiga javobgar neyronlar harakatini u yoki bu tarzda sekinlashtiradi. Agar qisqichbaqa bunga qodir bo‘lsa, u bunday reaksiyadan xabardor va uni qandaydir tarzda qayd qilib turadi. Demak, jonzot odamlar o‘rtasida og‘riq deb ataladigan narsani his qiladi.

Qisqichbaqa og‘riq sezishiga hamma ham rozi emas. Ba’zilarning ta’kidlashicha, bu tajribalar og‘riqni stressdan ishonchli tarzda ajrata olmaydi. Ammo Britaniya hukumati uchun bu dalillar yetarli bo‘ldi. Rasmiylar hayvonlar farovonligi to‘g‘risidagi qonun loyihasiga yangi tuzatishlar kiritib, umurtqali jonzotlar qatoriga nafaqat sakkizoyoqlarni, balki o‘n oyoqli qisqichbaqalarni (jumladan, chig‘anoqli qisqichbaqalarni, daryo qisqichbaqalarini va omarlarni ham) og‘riq va boshqa his-tuyg‘ularni sezuvchi mavjudotlar sifatida qo‘shdi.

To‘g‘ri, yaqin kelajakda Buyuk Britaniya orolida qisqichbaqalarni ovlash yoki iste’mol qilish to‘xtatilmaydi, chunki qonun, birinchidan, hali qabul qilinmagan, ikkinchidan, u bunday taqiqlarni nazarda tutmaydi. Ammo Hayvonot ishlari vazirining so‘zlariga ko‘ra, endi yangi qonun loyihalarini ishlab chiqishda uning “himoyasi ostidagilarning” azoblari hisobga olinadi.

Maqolaning 2-qismini bu yerda o‘qing → sinaps.uz/maqola/13587

​​Muallif: Polina Loseva, Ivan Shunin. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Больше боли. Шмели умеют терпеть. Значит ли это, что им бывает больно?” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: nplus1.ru

Boshqa mavzular
1-qism. Tukli arilar og‘riq sezmaydimi?