1-qism. Tibbiyotda katta ma’lumotlar nimani anglatishi va ular tashxis qo‘yishda qanday yordam berishi haqida so‘zlaymiz to’liq malumot oling
2009-yilda mashhur Time jurnali “Hozir dunyoni oʻzgartirayotgan gʻoyalar” roʻyxatida biobanklar haqida yozdi. Bu Buyuk Britaniyada UK Biobank nomli yirik loyihaga asos solinganidan uch yil oʻtgach sodir boʻldi. Ushbu loyiha inson salomatligi boʻyicha minglab odamlarga nafi tekkan tadqiqotlar uchun maʼlumotlar manbai boʻlib xizmat qildi. Rossiyada biobanklar mavjudmi, ular shaxsiy va raqamli tibbiyot bilan qay uslubda bogʻlangan hamda biobanklardan tadqiqotchilar hozirda, shuningdek, biz istiqbolda qanday foyda olamiz? Yuqoridagi va ularga oʻxshash savollarga Sechenov universiteti bilan birga javob berishga harakat qilamiz.
Sechenov universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Biodizayn” nomli loyiha davomida biz tibbiyot qanday qilib tobora shaxsiylashib borayotganini, nima uchun bizga biobanklar kerakligini, ularning Rossiyada bor yoki yoʻqligini, shuningdek, sichqon, it va maymunlar ustida olib borilayotgan tadqiqotlardan voz kecha olish yoki olmasligimiz haqida suhbatlashamiz.
Quyida keltirilgan ikkita faktga koʻz tashlang va ular bir-biri bilan qanday bogʻliq ekanini taxmin qilishga urinib koʻring:
1) Kofeinni surunkali isteʼmol qilish jigʻildon qaynashiga sabab boʻladi.
2) Kovid bilan kasallanish ehtimoli oilasi bilan istiqomat qiladigan odamlarga nisbatan yolgʻiz yashaydiganda yuqoriroq.
Javob quyidagicha: bu ikkala xulosa UK Biobank deb ataladigan raqamli sogʻliqni saqlash yozuvlarining bir xil turdagi xalqaro namunasiga asoslangan tadqiqotlardan olingan. 2006-yilda boshlangan loyiha doirasida allaqachon 40—69 yosh oraligʻidagi 500 ming nafar britaniyalik haqida batafsil maʼlumot yigʻilgan. Loyiha davomida ularning nima yeyishi, ichishi, televizor koʻrishni yoqtirish-yoqtirmasligi, vazni, farzandlar soni, qaysi kasalliklar bilan kasallangani va davolangani haqidagi maʼlumotlar toʻplangan.
Maʼlumotlari anonim yozuvlar koʻrinishida bankda saqlanadigan koʻngillilarning kartalarida ularning shaxsiy odatlaridan tashqari, koʻz ichki bosimi va bitta nukleotid DNK polimorfizmlarining keng miqyosli panellari yordamida toʻplangan genetik yozuvlar kabi maxsus maʼlumotlar ham mavjud. Ushbu biobankning muhim xususiyati shundaki, koʻngillilarning sogʻligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ularning hayoti mobaynida toʻplanadi. Masalan, 2017-yilga kelib, ishtirokchilarning kartalarida 1,3 million marta kasalxonaga yotish holatlari qayd etilgan. Ushbu qaydlarda ismlari keltirilgan 40 ming kishi saraton kasaliga chalingan.
Ushbu keng koʻlamli maʼlumotlar bazasi tibbiyotning turli sohalaridagi tadqiqotchi, genetik va statistik uchun haqiqiy xazinaga aylandi. Ular har kuni qaysidir odatlarga qaramlik, irsiy moyillik va inson salomatligi bilan bogʻliq boʻlgan yangi maʼlumotlarni kashf qilmoqda. Agar 2012-yilda UK Biobank maʼlumotlar bazasi asosida 13 ta ilmiy maqola nashr etilgan boʻlsa, 2022-yilda ularning soni 486 taga yetdi.
Britaniya biobanki ikkita ustun jihat – koʻp sonli ishtirokchilar hamda shaxsiy kartalarda qayd etilgan juda koʻp maʼlumotlar tufayli qimmatli vositaga aylandi. Yuqorida aytib oʻtilganlardan tashqari, odamlarda sogʻliqqa oid koʻplab boshqa koʻrsatkichlar qayd etilgan. Ular sirasiga impedansometriya yordamida oʻlchangan tana tarkibi, tinch va jismoniy zoʻriqish paytida olingan elektrokardiogramma hamda boshqalarni kiritish mumkin. Bundan tashqari, ushbu kartalarda nafaqat raqamlashtirilgan sogʻliq koʻrsatkichlari, balki koʻngillilardan olingan qon, soʻlak va peshob namunalari ham saqlanadi. Oqibatda ushbu biobank namunalarning har biriga batafsil raqamli kartalar bogʻlangan “ombor”ga ham aylandi.
Nega bu loyihada qatnashish uchun bunchalik koʻp odam jalb qilinishi kerak? Gap shundaki, koʻplab qonuniyatlar faqatgina ulkan miqyosda yaxshiroq koʻzga tashlanadi. Oksford epidemiologi Tomas Litljons biobankning kardiologlarga qanday yordam berishi haqidagi maqolasida bunga yaxshi misol keltirgan. Bugungi kunda yuqori qon bosimi va yurak ishemiyasining rivojlanish ehtimoli oʻrtasidagi bogʻliqlik bizga aniq koʻrinadi, ammo XX asrning oʻrtalaridan shifokorlar bu haqida birinchi bor oʻylab koʻrganda, manzara ular uchun noaniq boʻlgan. Ana shunday tadqiqotlardan birinchisi (AQShda oʻtkazilgan Framingham Heart Study nomli tadqiqot) 5 200 kishini oʻz ichiga olgan. Raqam avvaliga juda koʻp koʻrinadi, ammo yakuniy natijalar umuman ishonarli chiqmagandi. Bundan tashqari, ushbu maʼlumotlardan xulosa qilish mumkin ediki, baʼzi yosh guruhlarida qon bosimi ortishi bilan oʻlim koʻrsatkichi pasayib ketgan. Shunga oʻxshash statistik tahlil 50 000 kishidan iborat jamoada oʻtkazilganda natija aniqroq namoyon boʻla boshladi. Nihoyat, yarim million nafar inson jalb etilgan tajriba natijasi qon bosimi meʼyorga nisbatan qanchalik baland boʻlsa, erta oʻlish ehtimoli shunchalik yuqori ekaniga shubha qoldirmadi. Shifokorlar uchun bu natija koʻrsatkichi bemorlar sogʻligʻini saqlab qolishda qon bosimini meʼyorlashtiradigan strategiyalarga eʼtibor berish kerakligini anglatadi.
1-rasm. Turli yosh guruhlarida qon bosimiga bogʻliq yurak ishemik kasalliklaridan oʻlim ehtimolini koʻrsatib beruvchi grafik. Prospective Studies Collaboration maʼlumotlariga koʻra, grafik 5 000, 50 000 va 500 000 nafar ishtirokchi namuna asosida taqdim etilgan. IHD bu — yurak ishemik kasalligi, CI — ehtimoliy interval / Tomas Litljons va boshqalar / European Heart Journal, 2019-yil
Biobankning xilma-xilligi
UK Biobank universalligi tufayli eng katta va mashhur biobank hisoblanadi. Koʻp sonli parametrlar tufayli tadqiqotchilar ushbu biobanklardan inson salomatligining butunlay boshqacha koʻrsatkichlarini tadqiq etishi mumkin. Biroq uning jiddiy kamchiligi ham bor. Ushbu biobank faqatgina mahalliy aholidan olingan namunalarga asoslangan, yaʼni u faqat Buyuk Britaniyaning tub aholisiga tegishli biomateriallarni oʻz ichiga oladi. Ushbu namunadan olingan xulosalar faqatgina oq tanli yevropaliklarga nisbatan qoʻllanishi mumkin. Shu sababli har bir mamlakatdagi tadqiqotchilar maʼlum bir davlat hududi yoki geografik mintaqada yashovchi mahalliy aholi vakillaridan olingan namunalar va tegishli maʼlumotlarni oʻzida jamlagan biobanklarni yaratishdan manfaatdor.
Genetik Oleg Balanovskiy boshchiligida tashkil etilgan va 2016-yilga kelib Rossiya va unga qoʻshni mamlakatlarda yashovchi 274 ta etnik guruhlarga mansub 25 mingdan ortiq namunani oʻz ichiga olgan Shimoliy Yevrosiyo aholi biobanki mana shunday turga misol boʻla oladi. Ushbu guruhlarning genetik tahlili nafaqat turli xalqlarning oʻzaro munosabatlari va oʻrnashish maqomini aniqlashga, balki tibbiyotga oid qiziqarli xulosalar chiqarishga ham imkon beradi. Masalan, 2021-yilda genetiklar kovidning ogʻir shakli bilan kasallanish ehtimoliga bogʻliq belgilardan biri Gʻarbiy Yevrosiyoda koʻproq uchrashini aniqlad.
2-rasm. Shimoliy Yevrosiyo aholisi biobankida keltirilgan aholi joylashuvi xaritasi. Balabanovskaya va boshqalar muallifligidagi “Aholi biobanklari: tashkil etish tamoyillari, genogeografiya hamda shaxsiy tibbiyotda qoʻllash istiqbollari” kitobidan
Tibbiyotda nozologik deb ataladigan boshqa turdagi biobanklar ham koʻp uchraydi. Ularda biomaterial va maʼlum bir kasallikdan aziyat chekkan bemorlarga tegishli yozuvlar mavjud. Bunday biobanklardagi namunalar va tibbiy hujjatlarni keng koʻlamda tahlil qilish kasallikning yangi belgilarini aniqlash, unga tashxis qoʻyish va davolash usullarini maqbullashtirish imkonini beradi.
Bugungi kunga kelib, onkologik biobanklarni “eng ilgʻor” deb atash mumkin. Ularda turli xil saraton kasalliklari bilan ogʻrigan bemorlarning oʻsimta namunalari va biologik suyuqliklari jamlangan. Onkologiyada davolashning usuli va turi koʻpincha oʻsimtaning molekulyar genetik xususiyatlari bilan belgilanadi, shuning uchun har bir bemorga nisbatan belgilanadigan davolash usulini aniqlash uchun genetik markerlar panelini oʻrganish muhim va oʻsimta, sogʻlom toʻqimalarning DNK ketma-ketligini toʻliq aniqlash maqsadga muvofiqdir. Masalan, Xalqaro saraton tadqiqotlari agentligi (IARC) biobankida yarim milliondan ortiq bemorlarga tegishli 5 milliondan oshiq namuna mavjud. Biobank turli mamlakatlardan olingan 50 ga yaqin alohida tadqiqot toʻplamlarini birlashtiradi va qatʼiy standartlashtirilgan protokollar boʻyicha namunalarni saqlash va ulardan DNK ajratib olish boʻyicha xizmatlarni taqdim etadi. IARC tashkilotiga 1965-yilda asos solingan va u oʻzining asosiy tadqiqot vazifasini saratonga olib keladigan sabablarni izlash deb biladi.
Rossiya Sogʻliqni saqlash vazirligiga qarashli FDAOM I.M.Sechenov nomidagi Birinchi Moskva davlat tibbiyot universiteti (Sechenov universiteti) qoshida 2017-yilda jahon miqyosidagi “Raqamli biodizayn va shaxsiylashtirilgan sogʻliqni saqlash” ilmiy markazining ombori vazifasini bajaradigan, ilmiy tadqiqot nozologik biobanki yaratildi. 2021-yildan beri JDIM loyihasi doirasida Sechenov universiteti klinikalarida 1 600 dan ortiq onkologik kasalliklarga chalingan bemorlardan markazlashtirilgan ravishda 11 000 dan oshiq plazma, zardob va toʻliq qon namunalari toʻplangan. Toʻplamga ichak, oshqozon osti bezi, buyrak, prostata, siydik pufagi, bosh va boʻyin yumshoq toʻqimalari, koʻkrak, mediastin (umurtqa va koʻkrak oraligʻi), oʻpka, tos boʻshligʻi, jinsiy aʼzolar, jigar va boshqa organ kasalliklari bilan ogʻrigan bemorlardan olingan namunalar kiritilgan.
Sechenov universiteti qoshidagi biotibbiyot ilmiy-texnika markazi direktori Petr Timashevning soʻzlariga koʻra, namunalar bilan ishlash nafaqat ularni saqlash, balki oʻsmalarning morfologik, immunogistokimyoviy va molekulyar genetik tahlili, bemordagi kasallik, buyurilgan terapiya va tahlil maʼlumotlarini ham oʻz ichiga oladi.
Maqolaning 2-qismini bu yerda o‘qing → sinaps.uz/maqola/18535/
Muallif: Darya Spasskaya. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Не касаясь тела. Рассказываем, что такое большие данные с точки зрения медицины, и как они могут помочь поставить диагноз именно вам” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: freepik.com
Boshqa mavzular
1-qism. Tibbiyotda katta ma’lumotlar nimani anglatishi va ular tashxis qo‘yishda qanday yordam berishi haqida so‘zlaymiz