1-qism. Jamoaviy aql dastidan dod! Sog‘lom fikr sog‘liqni asrashga yordam bermasa nima qilish kerak? to’liq malumot oling
Barchaga maʼlumki, sayyoramizda daraxt ekish shubhasiz yaxshi amal, koʻp oʻtirish zararli va qonli janglar qon chiqmaydiganlaridan koʻra xavfliroq. Shundaymi? Sizlarga olimlarning gaplarini yetkazamiz. N + 1 yana bir bor omma orasida keng tarqalgan turli mish-mishlarning ilmiy mohiyati asosini topishga qaror qildi.
Bu maqola tamaki, nikotin, chekish amaliyotining axloqiy, biokimyoviy va antropologik jihatlari va boshqa koʻp holatlar boʻyicha zararni kamaytirish gʻoyasiga bagʻishlangan “Tutun tarqaganda” loyihasining davomidir. Loyiha Rossiyadagi “Filipp Morris International” kompaniyasi koʻmagida tayyorlangan. Maqola mualliflarining fikri kompaniyaning qarashlariga toʻgʻri kelmasligi mumkin.
Oʻrmonlarni koʻpaytirish sayyoradagi iqlim isishining oldini olishga yordam beradimi? Qiyin boʻlsa kerak!
Deyarli barcha oʻsimliklar atmosferaga chiqarilgan karbonat angidridga qarshi “qurilgan” biomassadir. Karbonat angidrid esa global iqlim oʻzgarishining asosiy omillaridan biri. Iqlim isishining oldini olish uchun sayyoramizga eng katta va uzoq umr koʻradigan oʻsimliklar – katta-katta daraxtlarni ekish mantiqan toʻgʻri boʻlar va muammo hal qilinar edi. Hisob-kitoblari odamlarda optimistlikni junbushga keltirgan olimlar va mutaxassislar shunday fikrda.
2019-yil oktyabr oyida Science jurnalida juda optimistik “Daraxtlarni global qayta tiklash imkoniyati” (The global tree restoration potential) maqolasi chop etildi. Unda aytilishicha, sayyoramizda oʻrmonlarni qayta tiklash uchun ajratilishi mumkin boʻlgan deyarli 900 million gektar maydon mavjud. Bu, oʻz navbatida, atmosferadan 752 milliard tonna CO2 gazini tozalash imkonini beradi. Maqolada mualliflar tomonidan amalga oshirilgan hisob-kitoblarning toʻgʻriligi haqida munozara boshlandi. Bir necha oy oʻtgach, Science jurnali toʻrt nafar ekspert mulohazasini aniq asoslar bilan eʼlon qildi. Unda aytilishicha, dastlabki hisob-kitoblar taxminan besh baravar boʻrttirib koʻrsatilgan.
Yuqoridagi xaritada (A) Yerni ehtimoliy ravishda oʻrmon bilan qoplash mumkin boʻlgan maydon koʻrsatilgan. Pastki xaritada (B) oʻrmonlarni qayta tiklash mumkin boʻlgan hududlar tasvirlangan (shaharlar va qishloq xoʻjaligi yerlari chiqarib tashlangan) / Science
Olti oydan keyin “Tabiatda barqarorlik” (Nature sustainability) jurnalida Chili ekotizimlarida uglerod muvozanatini modellashtirish boʻyicha tadqiqot chop etildi. Unda uglerod zaxiralarini hisoblashda barcha organizmlar hisobga olinishi kerak degan xulosa ilgari surilgan. Bakteriyalar, zamburugʻlar, turli hayvonlar va oʻsimliklar tropik oʻrmonlar kabi atmosferadan uglerodni isteʼmol qiladi va uni saqlaydi.
Oʻrmonzorlar, aslini olib qaraganda, biologik xilma-xilligi past boʻlgan plantatsiyalarga oʻxshaydi. Agar butun boshli biomassa hisobga olinsa, bu sunʼiy oʻrmonlarda tabiiy ekotizimlarga qaraganda ancha kam ekanini koʻramiz. Shu tariqa Chilida 1972-yildan 2010-yilgacha davom etgan oʻrmonlarni oʻstirish ishlarini subsidiyalash boʻyicha namunaviy loyiha samaradorligini qayta koʻrib chiqishga toʻgʻri keldi.
Nozik ekologik munosabatlarni oʻrganish natijalari shuni koʻrsatdiki, uglerodga boy tuproqlarda oʻrmonlar barpo qilish tuproqdagi uglerodning kamayishiga olib keladi, bu esa daraxt oʻstirish samaradorligini pasaytiradi. Standart oʻlchovlar boʻyicha shakllantirilgan uglerod zaxiralarining avvalgi hisob-kitoblari aniq boʻrttirilgan va ularni qayta koʻrib chiqish kerak boʻladi.
Harakatsiz turmush tarzi zararlimi? Bu qanday oʻtirishga bogʻliq.
Harakatsiz, jim oʻtirish yomon. Faol hayot tarzi esa, albatta, yaxshi. Biz ikkinchi masalada bahslashmoqchi emasmiz. Jismoniy faollik haqiqatan ham salomatlikning turli jihatlariga ijobiy taʼsir koʻrsatadi, yurak-qon tomir va bir qator onkologik kasalliklar, II tur diabetning rivojlanish xavfini kamaytiradi, ruhiy salomatlikka ijobiy taʼsir koʻrsatadi va ortiqcha vazn bilan kurashish imkonini beradi. Biroq britaniyalik antropologlar afrikalik ovchi-yigʻuvchilarning Hadza qabilasi vakillari Moskvadagi oddiy idora ishchisi kabi koʻp vaqtini oʻtirishga sarflashini aniqlashdi. Ular harakatsiz turmush tarzi bilan bogʻliq boʻlgan kasalliklardan aziyat chekishmaydi. Axir qanday qilib?
Hadzalar boshqacha tarzda oʻtirishadi. Ular tana aʼzolari suyanib oʻtiradigan qulay stullarda emas, balki yerda tiz choʻkib yoki chordona qurib oʻtirishadi. Shu tariqa, Hadzalarda oyoq va orqa mushaklarning katta guruhlari ishlaydi. Bu mushaklar orqa suyanchiqsiz stulda oʻtirganda ham deyarli ishtirok etmaydi. Mushaklar ishi oʻzgarmas boʻlsa ham, tanadagi toʻgʻri lipid almashinuvi uchun zarurdir. Ushbu hodisaning molekulyar mexanizmlari amerikalik fiziologlar tomonidan kalamushlar ustida olib borilgan tadqiqotda aniqlangan.
Laboratoriya sharoitida kalamushlarni, shuningdek, har qanday kemiruvchini (umuman olganda hayvonlarni) ketma-ket yetti-sakkiz soat davomida oʻtirishga majburlash juda qiyin masala. Kalamushlar faolligi darajasini pasaytirish uchun olimlar ularning tana pastki yarmini harakatlanuvchi qurilmaga mahkamlab qoʻydi. Shu tariqa, hayvonlarning pastki oyoqlari harakatsizlantirildi va uning barcha harakatlari oldingi panjalar yordamida taʼminlandi. Nazoratdagi boshqa hayvonlar esa odatdagidek toʻrt oyoqda yurishda davom etishdi.
Keyin olimlar nazorat va tajriba guruhidagi hayvonlarning qon namunalarini solishtirishdi. Ikkinchi guruhda ular harakatsiz turmush tarzi bilan band boʻlgan odamlarning qonidagi kabi biokimyoviy belgilarni topishdi. Xususan, ular past zichlikdagi lipoproteinlar (“yomon xolesterin” deb nomlanadi) va triglitseridlardan iborat edi. Ularning miqdori ortib ketishiga sabab qonda chiqariladigan lipoprotein lipaz fermentidir. U mushaklarda joylashgan boʻladi va faqat mushak harakatlangan paytida ishlaydi. Mushaklar faolligi yetarli boʻlmaganda, lipidlar qon tomirlarining devorlariga oʻrnashib oladi, tomirlar devorlarini toraytiradi va yurak-qon tomir kasalliklarining rivojlanish xavfini oshiradi. Xuddi shu hodisa uzoq vaqt oʻtirganda sodir boʻladi. Shunday qilib, sogʻliq uchun xavf oʻtirish bilangina emas, balki mushaklarning yetarli darajada ishlashiga toʻsqinlik qiladigan tananing barcha qismlarini qoʻllab-quvvatlashga moslashtirilgan qulay stullar bilan bogʻliq.
Maqolaning 2-qismini bu yerda o‘qing → sinaps.uz/maqola/16682/
Muallif: Miron Raz. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Горе от коллективного ума. Когда здравый смысл не помогает здоровью” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: freepik.com
Boshqa mavzular
1-qism. Jamoaviy aql dastidan dod! Sog‘lom fikr sog‘liqni asrashga yordam bermasa nima qilish kerak?