1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni. Nega aynan shu kunni bolalar bayrami sifatida nishonlaymiz? to’liq malumot oling
Quyosh hamma yerda bir xil nur sochadi. Ammo bugun bolalari baxtiyor, tinch va farovon yashayotgan mamlakatlarda u yanada yorqinroq porlab, o‘zining qaynoq nurlarini ayamay tuhfa etayotgandek.
1-iyun sanasi ko‘plab mamlakatlarda bolalar kuni, bolalar bayrami sifatida keng nishonlanadi. Qaynoq yoz faslining birinchi kuni hamda bolalarning sevimli shodiyonasini nafaqat ularning o‘zlari, balki kattalar ham o‘zgacha xursandchilik bilan qarshi oladi. Shu kuni o‘tkaziladigan barcha ko‘ngilochar tadbirlar, shubhasiz, tantananing jajji “aybdor”lariga bag‘ishlanadi.
Bolalar kuni xalqaro bayramlar orasida eng qadimiysi. Aksariyat insonlar bu sana bolalarni xursand qilish maqsadida o‘ylab topilgan, deb hisoblaydi. Qisman, bu fikrda ham jon bor. Ammo Xalqaro bolalarni himoya qilish kunini joriy etish g‘oyasi ancha og‘ir vaziyat tufayli yuzaga kelgan.
Insoniyat boshiga katta kulfatlar solgan Ikkinchi jahon urushidan so‘ng, ayniqsa, bolalarning ahvoli o‘ta ayanchli darajaga yetdi. Urush oqibatida millionlab bolalar yetim qoldi. Ularning aksariyati ko‘chada yashashga, omon qolish uchun tilanchilik va o‘g‘rilik qilishga majbur bo‘ldi. Shundoq ham ocharchilik hukm surayotgan ayrim mamlakatlarda o‘z farzandidan orttirib, begona bolaga yordam qo‘lini uzatadigan insonlarni topish amrimahol edi. Shu bois, millionlab bolalar ko‘cha-ko‘yda tentirab, ochlik va kasallikdan halok bo‘lardi.
Jahonni qamrab olgan vaziyat qanchalik og‘ir bo‘lmasin, odamzod begunoh bolalarning taqdiriga befarq qarab turolmadi. 1949-yili Parijda o‘tgan Xalqaro ayollar demokratik federatsiyasining maxsus sessiyasida ushbu masalaga alohida to‘xtalib, shu kuni dunyo bolalarining haq-huquqlarini himoya qilish maqsadida Xalqaro bolalarni himoya qilish kunini joriy etish bo‘yicha qaror qabul qilindi. 1950-yildan boshlab jahonning 51 mamlakati ushbu kunni bayram sifatida nishonlay boshladi.
Xalqaro bolalarni himoya qilish kunini nishonlash uchun nega aynan 1-iyun sanasining tanlangani hozirgacha ko‘pchilikni qiziqtiradi. Gap shundaki, 1925-yili Xitoyning San-Fransiskodagi Bosh konsuli barcha xitoylik yetim bolalarni bir joyda to‘plab, ular uchun “Duan-u sze” bayramini tashkillashtiradi. Yuzlab bolalarning quvonchiga sabab bo‘lgan o‘sha kun 1-iyun sanasi edi. Shu bois 1949-yili Xalqaro bolalarni himoya qilish kunini aynan shu sanada nishonlash to‘g‘ri bo‘lishi belgilandi.
Ikkinchi jahon urushidan so‘ng bola huquqlarini himoyalash bo‘yicha birinchilardan bo‘lib 1946-yili bolalar fondi — uNISeFga asos solgan Birlashgan Millatlar tashkiloti Xalqaro bolalarni himoya qilish kunini joriy etish qarorini bajonidil qo‘llab-quvvatladi. Bunga qo‘shimcha tarzda Bosh Assambleya 1959-yili Bola huquqlari deklaratsiyasini qabul qildi. Shu kundan Deklaratsiya bolalar huquqlarini himoya qilish va ularga baxtli bolalikni berishga qaratilgan har qanday harakatni amalga oshirishi belgilandi. Shuningdek, unda “insoniyat o‘zida mavjud eng yaxshi narsalarning hammasini bolalarga berishga majbur”, deb e’lon qilindi.
1989-yili BMT Bosh Assambleyasi bu borada yana bir muhim qadam tashladi. Bola huquqlariga oid birinchi xalqaro huquqiy hujjat – Bola huquqlari to‘g‘risidagi konsensiyani qabul qildi. 3 qism, 54 moddadan iborat bu hujjat 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning huquqlarini himoya qiladi. BMTga a’zo davlatlarning aksariyati Konvensiya ishtirokchilari bo‘lib, 1995-yili ushbu hujjat barcha davlatlar uchun universal deb topildi.
Urush yillaridan so‘ng qabul qilingan ana shunday xalqaro huquqiy hujjatlar chindan dunyodagi millionlab bolalarning hayot tarzini yaxshilashga xizmat qildi. O‘tgan vaqt ichida yirik tashkilotlar tomonidan nochor mamlakatlardagi och-nahor, bemor bolalarga katta miqdorda moddiy yordam ko‘rsatildi. Bolalarning haq-huquqlari himoya qilinib, ularga qaratilgan har qanday zo‘ravonlikka qarshi kurash olib borildi.
Ammo barcha sa’y-harakatlarga qaramay, yer yuzining turli burchaklarida hamon ba’zan yashirin, ba’zan oshkora tarzda bolalarga nisbatan adolatsizliklar sodir qilinayotgani achinarli hol. Xususan, bolalar mehnatidan foydalanish bugungi kundagi eng og‘riqli masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Xalqaro mehnat tashkiloti hamda Walk Free fondi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda dunyo miqyosida 25 million kishi majburiy mehnatga jalb etilgan bo‘lib, ularning har to‘rtinchisi – 18 foizi bolalardir. Bolalar mehnatidan foydalanish, ayniqsa, qishloq xo‘jaligida keng tarqalgan bo‘lib, umumiy 70,9 foizni tashkil etadi. Qolgan 17,1 foizi xizmat ko‘rsatish, 11,9 foizi ishlab chiqarish sohalari hissasiga to‘g‘ri keladi.
5—17 yoshli bolalarni mehnatga jalb etish bo‘yicha Afrika mamlakatlari yetakchi hisoblanadi. Bu yerda 72,1 mln bola turli sabablarga ko‘ra ishlashga majbur. Bunday bolalar Osiyo davlatlari va Tinch okeani hududida 62, Amerikada 10,7, yevropa va Markaziy Osiyoda 5,5 hamda arab davlatlarida 1,2 mln.ni tashkil etadi. Achinarlisi, mehnat qilishga majbur bo‘layotan bolalarning har uchinchisi tengdoshlari kabi ta’lim olish imkoniyatiga ega emas. 38 foizi esa xavfli ishlarga jalb qilingan bo‘lib, haftasiga 43 soatlab mehnat qiladi.
Aslida, bolalarni mehnatga o‘rgatish har bir oilada an’ana darajasida shakllantirilgan. Bunda ota-onalar uydagi mayda yumushlarni qilishga buyurish orqali farzandini mehnatga o‘rgatadi. Ammo bolaning oilaviy sharoiti tufayli hali voyaga yetmay turib ko‘chada ishlash, pul topishga majbur bo‘lishi yoki ikkinchi shaxslar tomonidan hech kimi yo‘q bolalarning mehnatidan noqonuniy tarzda foydalanish butunlay boshqa masala.
Bolalar mehnati tarixda avvaliga dehqon, qul, keyinroq ota-onasiga yordamchi bosqichida shakllangan. Hatto XIX asrda ham rivojlangan yevropa va Amerika davlatlarida bolalarning og‘ir sharoitlarda — fabrika va konlarda ishlashi odatiy hol hisoblangan. Xuddi kattalar qatori sutkasiga 14—18 soat ishlashiga qaramay, bolalarga boshqalarga nisbatan bir necha barobar kam haq to‘langan. Bu ham kamdek, ishxonalarda bolalar uchun ko‘plab taqiqlovchi ichki qoidalar mavjud bo‘lgan. Xususan, kichik ishchilarning ish joyida derazadan tashqariga qarashi, ovqatlanishga berilgan tanaffus vaqtida o‘ynashi taqiqlangan.
Britaniyada joriy etilgan ishchilar uylarida esa qashshoq odamlar xoh katta, xoh bola bo‘lsin, xuddi qamoqxona mahbuslari singari majburlab ishlatilgan. Ularga na oylik maosh, na kiyim-kechak berilgan. Ozib-to‘zib, holdan toygan bolalar bir muddat dam olganda o‘rnidan turib, ishni davom ettirishi uchun ularga shafqatsiz choralar qo‘llangan. Bolalar sutkasiga 16 soat, ba’zan tunlari ham tinimsiz ishlagan. Yakshanba kunlari esa ishlab chiqarish mashinalarini tozalagan. Ularga eng arzon va sifatsiz taomlar berilgan. Uvadasi chiqib ketgan yotoqlarda navbat bilan uxlagan. Qochib ketmasligi uchun ishlayotganida, hatto uxlayotganida ham oyoqlari zanjirlab qo‘yilgan. Bunday og‘ir sharoitda ishlashga dosh berolmagan yuzlab bolalar kishi bilmas holda o‘lib ketavergan.
Ba’zan befarqlik, ba’zan qo‘rquv tufayli qarshi chiqilmagan bunday zulmlarni to‘xtatish yo‘lida kurashgan insonlar ham yo‘q emasdi. Ko‘plab yozuvchilar, xususan, ingliz tarixchisi Genri Jibbings o‘zining “Angliya sanoati tarixi” nomli kitobida bolalar mehnatidan og‘ir sharoitlarda foydalanilgani haqida yozadi. Islohotchi Robert Ouen esa Britaniyadagi bu muammoga birinchilardan bo‘lib e’tibor qaratib, 1816-yili bu haqda parlamentda ochiq gapiradi.
Bugun aksariyat mamlakatlarda bolalar mehnatiga birovning mehnatidan noqonuniy foydalanishning bir shakli sifatida qaraladi. Ushbu qonunbuzarlikka qarshi ishlab chiqilgan bola huquqlari va mehnat xavfsizligi konsepsiyalari tufayli bolalar mehnatidan foydalanish ko‘rsatkichi sezilarli darajada qisqardi. Ammo unga butunlay barham berildi, deb bo‘lmaydi. Hamon dunyoda bola mehnatidan foydalanishning turli ko‘rinishlari mavjud. Ayrim davlatlar, xususan, Afrika mamlakatlarida hatto bolalarning qo‘liga qurol tutqazilib, urush harakatlariga jalb qilinishi hech kimga sir emas.
Bolalar mehnati ko‘p hollarda mamlakatdagi qashshoqlik va rivojlanish darajasining pastligini ko‘rsatadi. Chunki nochor bolalar o‘zi va oilasini boqish uchun ishlashga majbur bo‘ladi. Ba’zan o‘ziga to‘q oilalarda ham bolaning fe’l-atvorini shakllantirish va ishlashga ko‘nikma hosil qilish maqsadida mehnat qilishga jalb etilishi bor gap. Biroq har qanday holatda ham ota-onalar voyaga yetmagan bolani ishlatish noqonuniy ekanini tushunib yetishi lozim. Bu borada Bola huquqlari konvensiyasining 32-moddasida shunday deyiladi: “Har bir bola salomatligiga xavf soladigan yoki ta’lim olishiga xalal beradigan, yoki jismoniy, aqliy, ruhiy va ijtimoiy rivojlanishiga zarar yetkazadigan istalgan ishni bajarishdan himoyalanadi”.
Aytish joizki, bolalarni asrab-avaylash, ularning huquqlarini himoya qilish insonlar uchun hamisha eng muhim masalalardan biri bo‘lgan. Bugun 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida ham dunyo ahli yuqoridagi muammolarning yechimini izlash bilan birga, og‘ir ahvoldagi, yordamga muhtoj bolalarga ko‘mak berishga oshiqadi. Turli davlatlarda xalqaro miqyosdagi yirik konferensiyalar, matbuot anjumanlari o‘tkazilib, ularda bemor bolalarga yordam berish, urush ketayotgan hududlardagi bolalar hayotini asrab qolish kabi dolzarb muammolar muhokama qilinadi. Bayram doirasida xayriya tadbirlari, konsertlar va aksiyalar tashkil etilib, ulardan tushgan barcha mablag‘lar bolalar uylari va shifoxonalardagi bemor bolalarning davolanishi uchun sarflanadi. Ko‘ngilli kishilar bolalar va nogironlik uylariga borib, ota-onasi qarovsiz qoldirgan, mehrga muhtoj bolalarga sovg‘alar ulashib, ularning ko‘ngillarini ko‘tarishga intiladi.
Bu bayramning eng yoqimli tomoni bolalar yuzidagi baxt va quvonchni ko‘rish, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ularni shodlantirish uchun dunyoning 60 dan ortiq davlatida turli ko‘ngilochar tadbirlar, bolalar rasmlari ko‘rgazmalari, sport musobaqalari, sovrinli tanlovlar tashkil etiladi. Barcha ko‘chalar, bog‘lar bayram tomoshalari, sho‘x kuy-qo‘shiqlarga to‘ladi. Shu kuni bolalarga rangli pufaklar va sovg‘alar tarqatiladi. Teleekranlarda yosh tomoshabinlar uchun qiziqarli dasturlar, bolalarning sevimli film va multfilmlari namoyish etiladi.
Ushbu sananing hatto o‘z bayrog‘i ham bor. Yashil tasma markaziga yer tasviri hamda uning atrofiga 5 xil — qizil, moviy, qora, oq va sariq rangdagi odamchalar shakllari joylashtirilgan bo‘lib, ularning har biri ramziy ma’noga ega. Xususan, markazdagi yer tasviri bizning umumiy uyimizni anglatsa, rangli odamchalar turli millat vakillarining birligi, hamjihatligiga ishora qiladi. Zero, tili, millati, rangi va dini qanday bo‘lishidan qat’i nazar, bolalarning begonasi bo‘lmaydi!
Iroda TOShMATOVA tayyorladi.
Manba:marifat.uz
Muhim sanalar
1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni. Nega aynan shu kunni bolalar bayrami sifatida nishonlaymiz?