1-iyul – O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasi – so‘m muomalaga kiritilgan kun
1-iyul – O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasi – so‘m muomalaga kiritilgan kun
DO`STLARGA ULASHING:
Qudratimiz va g‘ururimiz timsoli
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda amalga oshirilgan ulkan ishlar, izchil islohotlar va betimsol yangilanishlar haqida so‘z borganda, iqtisodiyotimizning rivojlanishi, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning o‘zaro mutanosibligi, inflatsiya darajasining pastligi, aholi farovonligi yuksalayotgani bilan bir qatorda milliy valyutamiz barqarorlashib, bank tizimi tobora mustahkamlanib borayotganini faxr bilan tilga olamiz.
Darhaqiqat, Prezidentimiz Islom Karimovning 1994-yil 16-iyundagi «O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasini muomalaga kiritish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq 1994-yil 1-iyuldan muomalaga kiritilgan milliy valyutamiz mamlakatimiz mustaqilligining asosiy belgilaridan biri va muhim rivojlanish omili bo‘ldi.
Jahon tajribasidan ma’lumki, mustaqil pul birligini joriy etishning birdaniga va bosqichma-bosqich amalga oshirish usullari mavjud.
Birinchi holda bu jarayon qisqa vaqtda va asosan to‘satdan amalga oshiriladi. Bunda aholining pul jamg‘armasi qiymatini saqlab qolish maqsad qilib qo‘yilmaydi. Milliy valyutaga o‘tishning bu usulini tanlagan ayrim davlatlar fuqarolarining qanday qiyinchiliklarga duch kelgani ma’lum.
O‘zbekistonda bu jarayon ham milliy taraqqiyot tamoyillariga muvofiq bosqichma-bosqich amalga oshirildi. Jahonning hech bir davlatida bir pul birligidan boshqasiga o‘tishda xalq manfaatlari O‘zbekistondagidek alohida e’tiborga olinmagan. Buni milliy valyutani joriy etishga tayyorgarlik bosqichi sifatida so‘m-kuponga o‘tishdan boshlab kuzatish mumkin. Mamlakatimizda so‘m-kupon muomalaga kirishi bilan chetdan kirib kelayotgan, qadrini yo‘qotgan pulning yo‘li to‘sildi. Xalqimizning rizq-ro‘zi bo‘lgan arzon mahsulotlarning boshqa respublikalarga «oqib ketishi»ning oldi olindi. Shu bilan birga, daromadlarini eski pulda jamg‘arib kelgan aholiga uni almashtirish uchun imkoniyat yaratildi.
Mamlakatimizda aholining moddiy ahvolini yaxshilash maqsadida ish haqi, pensiya, stipendiyalar muntazam oshirib borildi. Iqtisodiy nochor korxonalarga tanglikdan chiqib olishi uchun foizsiz bank kreditlari ajratildi. Milliy pul birligini joriy etish bilan bog‘liq obyektiv qiyinchiliklar shu taxlit bartaraf etildi va 1994-yil 1-iyuldan haqiqiy valyuta – so‘mga o‘tish jarayoni aholi uchun moliyaviy yo‘qotishlarsiz amalga oshirildi.
So‘mning muomalaga kiritilishi Vatanimizda samarali pul-kredit tizimini yaratish yo‘lidagi muhim qadam, iqtisodiy mustaqillikka erishishga yo‘naltirilgan asosiy vositalardan biri bo‘ldi. O‘zbekiston o‘z milliy valyutasining barqarorligi va mustahkamligiga chetdan qarz olmasdan, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, mavjud zaxiralardan oqilona foydalanish orqali erishdi.
Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan Inqirozga qarshi choralar dasturi mamlakatimiz moliyaviy-iqtisodiy, byudjet, bank-kredit tizimining barqarorligini ta’minlash imkonini berdi. Xususan, so‘mning xarid narxini oshirish maqsadida ichki bozorni yurtimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan to‘ldirish, mamlakatimizning eksport salohiyatini yuksaltirish, pul-kredit siyosatining izchilligini, iste’mol mollari bilan naqd pul mutanosibligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgani barcha sohalarda o‘z samaralarini bermoqda.
Global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz hamda ko‘plab mamlakatlarda davom etayotgan iqtisodiy tanglik, xususan, davlat qarzlari va byudjet taqchilligi chuqurlashganiga qaramay, O‘zbekistonda iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini barqaror rivojlantirishga erishilmoqda.
So‘nggi yillarda rivojlangan mamlakatlarning xalqaro reyting ko‘rsatkichlari keskin pasayib borayotgan bir paytda «Mudis”, «Standart end Purs” va «Fitch reytings” xalqaro reyting agentliklari mamlakatimiz bank tizimi faoliyatini «barqaror” deb baholamoqda. Bu yurtimiz iqtisodiy salohiyati xalqaro ekspertlar tomonidan tan olinganligining dalilidir. Bugungi kunda mamlakatimizdagi deyarli barcha tijorat banklari yuqori reyting darajasiga ega.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, milliy valyutamizni joriy xalqaro operatsiyalar bo‘yicha almashtirilishi mamlakatimizda erishilgan makroiqtisodiy barqarorlik, iqtisodiyotni yanada liberallashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, xorijiy investorlarni jalb qilish uchun mustahkam asos yaratdi.
Bugun yurtimizga kelgan xorijlik mehmonlar, tadbirkor va ishbilarmonlar har qanday xizmat yoki mahsulot haqini to‘lashdan oldin o‘z pulini o‘zbek so‘miga almashtirishga intiladi. Bu jahon valyutalari bilan muomalada pulimizning kuchi, xarid quvvati oshib borayotganidan dalolatdir.
Ayni paytda mustaqilligimiz, qadimiy shaharlarimiz, ulug‘ ajdodlarimizning qutlug‘ to‘ylari munosabati bilan yubiley tangalari ham zarb etilmoqda. Bularning barchasi xalqimizda, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlodda milliy g‘urur tuyg‘ularini mustahkamlash, ularni istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Milliy valyutamiz mamlakatimiz salohiyatini yanada yuksaltirish bilan birga, xalqimizning g‘urur-iftixorini, ertangi kunga ishonchini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
1-iyul – O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasi – so‘m muomalaga kiritilgan kun