1-Dekabr xalqaro SPIDga qarshi kurash kuniga bag’ishlangan suhbat to’liq malumot oling
Biz yoshlar OIV va SPIDga qarshimiz! 1 dekabr- Xalqaro SPIDga qarshi kurash kuniga
bag‘ishlab suhbat.
Hozirgi davrda OIV-infeksiyasi dunyo bo‘yicha sog‘liqni saqlashning eng dolzarb muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bolalar, o‘smirlar, yoshlar, sog‘liqni saqlash tizimi xodimlarining – jamiyatdagi barcha kishilarning salomatligi hamda hayotini xavf ostiga qo‘ymoqda.
Ko‘p hollarda kishining, yoki umuman aholining sog‘lig‘i borasida biror muammo tug‘ilib qolsa, dastlab Siz — shifokorlarga murojaat etishadi. Siz bilan maslahatlashishadi va Siz bergan tavsiyalarga amal qilishadi. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, tibbiy madaniyatni oshirish, jinsiy yo‘l orqali yuqadigan kasalliklar (JIOYUK), shuningdek OITS kabi xavfli kasallik va ularni oldini olish bo‘yicha aholining boxabarligini oshirishda, ogohligini kuchaytirishda Sizning o‘rningiz beqiyosdir.
Siz albatta, OIV infeksiyasi, uning dastlabki belgilari, asoratlari, oldini olish yo‘llari, kasbiy faoliyatingiz jarayonida kasallikni yuqtirish xavfi vujudga kelsa, undan himoyalanish choralari borasida kerakli ma’lumotlarga ega bo‘lishingiz zarur.
Qayd etilgan har bir OIV-infeksiyasi ortida tuzalmas dardga chalingan insonning hayoti va taqdiri turibdi. U ham Sizning bir og‘iz shirin so‘zingizga, ruhiy ko‘magingizga muhtoj ekanligini unutmaslikni eslatib o‘tish joizdir. Zero, hozirgi kunda bu xavfli kasallikning yuqib qolishidan hech kim kafolatli tarzda himoyalangan emas.
OIV nima?
OIV — Odam Immuntanqisligi Virusining qisqartirilgan nomi. Bu virus qondagi limfotsitlarni yemiradi. Limfotsitlar organizmga yot bo‘lgan kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroorganizm (bakteriya, virus, zamburug‘) larni aniqlab, ularni parchalab tashlash, zararsizlantirish vazifasini bajarishadi. Tanamizni yot mikrob va hujayralardan himoya qiladigan bu hujayralar hisobiga biz kasallikka chalinmaymiz, chalinsak ham tez sog‘ayamiz. Tanamizning himoya kuchi (immunitetini) limfotsitlar tashkil etadi.
Bu nimaga olib keladi?
Qonda limfotsitlarning kamayishi, himoya tizimining kuchsizlanib borishiga olib keladi.
OIVining yuqishi, OITS kasalligining boshlanishi degani emas. Virus organizmga tushgandan keyin 5-10 yil yashirin yashashi mumkin. Bu davr davomida kasallik belgilari yuzaga chiqmasligi, odam o‘zini sog‘lom his qilishi mumkin. Kasallikning yashirin davri atrofdagilar uchun xavfli bo‘lib, odam bilib-bilmay virusni boshqalarga yuqtirishi mumkin.
OITS nima?
OITS-Orttirilgan Immun Tanqisligi Sindromi — OIV-infeksiyasining kasalliklar rivojlanadigan so‘nggi davri hisoblanadi.
Himoya tizimining kuchsizlanib borishi, turli xil yuqumli kasalliklarga chalinish xavfini oshiradi. Masalan, sog‘lom odamlarga qaraganda, OIV yuqqanlarda o‘pka silining rivojlanish xavfi yuqoriroq bo‘ladi. Shunday mikroorganizmlar mavjudki, ular sog‘lom odam uchun hech kanday xavf tug‘dirmaydi. OIVi yuqqanda esa, hattoki bu mikrorganizmlar ham kasalliklarni yuzaga keltirishi mumkin. Pnevmotsistli zotiljam, Kaposhi sarkomasi (terining o‘sma kasalligi) kabi kam uchraydigan kasalliklar shular jumlasiga kiradi. Bu kasalliklar oxir oqibat o‘limga olib keladi.
Tananing qaysi suyuqliklari orqali OIVi yuqishi mumkin?
Virus organizmning ko‘pgina suyuqliklarida bo‘ladi, biroq OIV faqat qon, shahvat, qin suyuqliklari ona suti orqali yuqishi mumkin:
Siydik, teri va so‘lak orqali esa OIVi yuqmaydi, chunki ularda OIVning miqdori juda kam bo‘ladi. Masalan, OIVi yuqishi uchun, so‘lakning miqdori 3-4 litr bo‘lishi lozim.
OIV kanday yuqadi?
OIV jarohatlangan teri, shilliq parda orqali yuqadi.
1. Himoyalanmagan jinsiy aloqalarda ishqalanish natijasida shilliq parda va terida doimiy ravishda xosil bo‘ladigan kichik jarohatlarga shahvat, qin suyuqligi, qonning tushishi natijasida yuqadi.
2. Qon orqali:
Tekshirishlardan o‘tmagan qon yoki qonning tarkibiy qism (komponent)larini quyishda;
jarrohlik, stomatologik, ginekologik muolajalarida zararsizlantirilmagan asboblardan foydalanilganda;
mushak, teri va tomirga dori yuborish muolajalarida shprits, igna va dori yuborish tizim (sistema)laridan umumiy tarzda, ko‘p martalab foydalanilganda;
quloq teshtirganda, teriga rasm soldirganda (tatiurovka, tatuaj) zararsizlantirilmagan ignalardan foydalanilganda yuqadi.
Kasallik ko‘proq giyohvand moddalarni tomir orqali qabul qilish natijasida yuqadi. Eritmani qo‘l bola uslubda tayyorlash, ko‘pchilik bo‘lib bir idishdan qabul qilish, shprits va ignalardan bir martadan ortiq foydalanish OIV bilan zararlanishga olib keladi.
3. Onadan bolaga.
Homiladorlik davrida Tug‘ish davrida Ko‘krak bilan emizish davrida yuqishi mumkin.
OIV qaysi holatlarda yuqmaydi?
Maishiy munosabatlar orqali, ya’ni:
Yuzdan o‘pganda, quchoqlab ko‘rishganda, qo‘l berib so‘rashganda;
Bolalarni qo‘lga olib ko‘targanda, u bilan o‘ynaganda;
Aksirganda, yo‘talganda;
Hovuz, sauna, hammomda cho‘milganda;
Telefon, unitazdan foydalanganda;
Oziq-ovqat, idish tovoqlar orqali,
Kiyim-kechak, sochiq, ko‘rpa yostiqlar orqali
Shuningdek
Turli qon so‘ruvchi hashoratlar — chivin, o‘rin-ko‘rpa kandalasi, burga, bit kabilar chaqqanda OIVi yuqmaydi.
OIVining yuqish xavfi yuqori bo‘lgan guruhlarga:
1. Giyohvand moddalarni tomir orqali qabul qiluvchilar;
2. Fohishalar;
3. Tartibsiz jinsiy hayot kechiruvchi shaxslar;
4. Besoqolbozlar;
5. Davolash muassasalarining davolanuvchilari, shuningdek qon quyilgan shaxslar;
6. Qamoqxonalardagi ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar;
7. OIVni yuqtirgan onalardan tug‘ilgan bolalar kiradi.
OIV-infeksiyasini qanday aniqlash mumkin?
Buning uchun qon virusga qarshi ishlab chiqariladigan antitelolarga tahlil qilinadi. Tahlilning eng keng tarqalgan va ishonchli usuli — IFA, ya’ni Immun Ferment Analiz (tahlil) hisoblanadi. Tahlilning «musbat» natijasi qonda virusga qarshi antitelolar mavjudligidan, ya’ni odamga OIV yuqqanligidan dalolat beradi. Tahlilning «manfiy» natijasi esa, ayni vaqtda qonda virusga qarshi antitelolar yo‘qligini, ya’ni odamga OIVi yuqmaganligini yoki odamga OIVi yuqqan-u, lekin qonda virusga qarshi antitelolar yetarli emasligini bildiradi.
Qonda antitelolar virus yukkanidan keyin ma’lum vaqt o‘tib hosil buladi. Bu 3 haftadan 6 oygacha bo‘lgan muddatni tashkil etadi. Yuqish xavfi yuzaga kelgan vaqtdan bir necha kun o‘tib qonni tahlil qildirish hech qanday ma’no kasb etmaydi. «Ochiq davr» deb yuritiluvchi ushbu davrda tahlil baribir «manfiy» natija beradi. Qonni yuqish xavfi yuzaga kelgan kundan 3-6 oy o‘tib, tahlil qildirish aniqroq natija olish imkonini beradi.
OIV-infeksiyasini davolash
Hozirgi kunda OIV-infeksiyasiga qarshi vaksina yoki undan sog‘aytiradigan, dorilar mavjud emas, ammo organizmda viruslarning ko‘payish tezligini sekinlashtiruvchi va OIV-bilan zararlanish holatining OITSga o‘tish davrini imkon darajasida uzoqlashtiruvchi dorilar mavjud. Bu dorilar ta’sirida OIV-infeksiyasi surunkali tus olishi mumkin. Buning uchun antiretrovirusli majmuaviy davolash usuli qo‘llaniladi.
Biroq davolanish 100% samara bermaydi. Birinchidan, davolanish juda qimmat turadi. Ikkinchidan, OIV yuqqanlarning ko‘pchiligi dorilar tarkibiga kiruvchi komponentlarni ko‘tara olmaydilar. Uchinchidan, dorilar qabul qilish tartibi o‘ta qattiq — ko‘p miqdordagi tabletkalar ma’lum oraliqda, oylab va yillab qabul qilinishi kerak. Shuningdek, ko‘p dorilarga nisbatan o‘rganish hosil bo‘lishi va vaqt o‘tishi bilan davolanish samara bermasligi mumkin. Shunga qaramay, davolanish ko‘p hollarda yaxshi natijalar beradi: qonda viruslarning miqdori kamayadi, shuningdek organizmga ko‘rsatilayotgan ziyon ham kamayadi. Hozirgi kunda bu OIVi yuqqanlarning umrini uzoq yillarga cho‘zishining birgina, yagona samarali usuli hisoblanadi.
Darsliklar
1-Dekabr xalqaro SPIDga qarshi kurash kuniga bag’ishlangan suhbat