Ойбегим менинг
– Qoʻrqma! Nega buncha titraysan? Tinchman! – dedi bagʻriga bosib Oybek.
Oybegimiz
Oybek siymosi, badiiy salohiyati haqida gap ketsa qandaydir eʼtirozsiz tasavvurlar har birimizda bor. U bilan zamondosh boʻlgan adiblar adabiy anjumanlarda juda iliq soʻz aytadilar. Ijodi haqida gap ochilganda ham ortiqcha munozaralar boʻlmaydi. Bu – fazilatmi yoki kimdandir baland, kimdandir past qoʻyishga sabab boʻluvchi dastakmi?
Shularni oʻylab, bir necha yillar burun Oybek siymosi haqida oʻqib bilganlarimdan taʼsirlanib bir maqola yozgan edim. Z. Saidnosirovaning “Oybegim mening” kitobi nomini andak oʻzgartirib “Oybegimiz” deb qoʻyishga jazm etdim. Bu boshqa avlod vakillarining ulkan ustozga, zamonlar boʻronida choʻqqidek qoʻr solib kelgan buyuk adibga mehrimiz, hurmatimiz belgisidir balki…
Muallif
Oybekning sheʼrini dalaga chiqib,
Maysaga agʻanab oʻqimoq kerak.
Xurshid Davron.
Adabiyot tariximizda oʻzining muqim oʻrnini egallagan Oybek nomi tilga olinganda, eʼtibor berganmisiz, koʻngilda moʻtadil bir kayfiyat, moʻtadil fikr zohir boʻladi: u soʻzsiz ulkan adib. Ortiqcha ehtirosga berilmaymiz, bahs-munozaraga ham oʻrin yoʻq, hadeganda olqishlashga ham shoshilmaymiz. Siymosini, u haqdagi xotiralarni eslaganimiz zahoti, turli fitnalar, algʻov-dalgʻovlar zamonida yashagan esa-da, qalbimizga sokin bir salobat bilan kiradi Oybek. Boz ustiga “Qutlugʻ qon” bilan “Navoiy” romanlarining oʻzi yetmaydimi, deymiz oʻzimizcha. Shu asarlari bilanoq u oʻziga ulkan yodgorlik oʻrnatib boʻlgan.
Rosti, kamina Oybekning sheʼrlarini, xususan, lirik sheʼrlarini oʻqiganimda begʻuborlik, joziba, mehr tuyaman yuragimda. Koʻnglim tusaydi shu sheʼrlarni. Bu, endi, koʻngilning oʻziga qoʻyib berilgandagi xolis holat. Kezi kelganda “Qutlugʻ qon”ni ham, “Navoiy”ni ham titkilayman.
Boshqa asarlari toʻgʻrisida hozir balki oʻrni bilan nima deyish mumkin boʻlsa, aytish mumkindir, biroq adibimiz tirik boʻlganida muqarrar shu ikki romanni qoʻliga olib koʻz-koʻz qilgan boʻlardi. “Qutlugʻ qon”ning soʻngini zamonasoz qilishga majbur boʻlganman, derdi xijolat tortib.
Qamrovi, epik koʻlami, badiiy quvvati jihatidan qaralganda ham juda kuchli asar.
Biroq men Oybekning oʻzi – shaxsi haqida koʻproq oʻylayman. Va muttasil suratda zamon mafkurasining zanjiri qobirgʻalariga ham, qalbiga ham botib, tangʻib tortilgan buyuk yozuvchi gavdalanadi koʻz oldimda.
Oybekdagi singari ijodiy kuch, Oybekdagi singari shijoat, Oybekniki kabi sabru matonat oʻylaymanki, uncha-muncha Gʻarb yozuvchilarida ham boʻlmagan.
Oybek haqida ilgari qator maqolalar, taniqli adabiyotshunos N. Karimovning risola va asarlarini oʻqib u haqda tasavvur maydoni paydo boʻlgan edi. Biroq adibimizning rafiqasi, buyuk ziyoli Zarifa Saidnosirovaning “Oybegim mening” kitobini oʻqib, ochigʻi hayrat barmogʻimni tashladim.
Avvalambor bu oilaning vujudga kelishi tarixi, undan soʻnggi ulugʻ birlik, ulugʻ yelkadoshlik, bemisl sadoqat ham zamonlar sahnasidan bizga faqat ibrat, hikmat namunasi boʻlib balqiydi.
Oʻyladim: Zarifa Saidnosirova Oybeksiz ham katta alloma boʻlib yetishishi mumkin ekan, ammo Oybek Zarifa Saidnosirovasiz Oybek boʻlishi mushkul ekan.
Bu birlik chindan ham vaqtlar silsilasida boshqalar uchun ibrat boʻlib qolsa kerak. Har qanday ijodkor uchun ham dastavval chidamli, vafodor ayol kerak. Chunki ijodkorning injiqligini uncha-muncha ayol zoti hazm qilolmaydi.
Lekin Z. Saidnosirovaning bu borada baxti kulgan edi. Oybek unaqa injiq emasdi. U ichkuyov boʻlganidayam, bir xonali yotoqda farzandlari bilan yashagandayam, ustiga boʻhton yogʻilib, tor joylarga quvilib chiqqanda ham yozaverar edi. Shuningdek, mansabdan tushirilgan, hatto Yozuvchilar uyushmasi tarkibidan oʻchirilganda ham dami ichiga tushib ketmasdi, aksincha, vaqt boʻlganiga shukur qilib tinimsiz yozar edi.
Bu ham biz uchun bir saboq. Chunonchi biz oʻz yalqovligimizni, tanballigimizni, erinchoqligimizni arzimagan bahonalar bilan oqlamoqchi boʻlamiz. Oybekdek choʻng oʻtirib mehnat qilishga sabrimiz yetmaydi, xolos.
Oybekka Xudo tagʻin 20 yil umr berganida bormi, shubhasiz, u yetib boʻlmas choʻqqilarni zabt etgan, bizga ne-ne ulkan asarlarni armugʻon etgan boʻlardi.
Oybekning olijanobligi, shoirligi, zakovati, sadoqati, sabrliligi rafiqasiga ilhom berardi.
Oilada ikkalasiyam ishdan quvilgan, maoshsiz, nonsiz, bir paysa unsiz, Oybekning qaynotasi Saidnosir Mirjalilov repressiyaga uchrab mushkul ahvolga tushib qolgan, boz ustiga ocharchilikka yuz tutilgan davrlar ham boʻlgan ekan.
“Bozorda bir buxanka non 200 soʻm, bir kilogramm goʻsht esa 150 soʻmga koʻtarildi. Bozordan non olib boʻlmaydi, kartochka boʻyicha olingan nonga qanoat qilishdan oʻzga iloj yoʻq.
…Oybek juda tez oza boshladi. Bu uning shu vaqtda oldirgan rasmlaridan ham bilinadi. Biz bir paytlar bir katta, bir kichik gilam sotib olgan edik. Oʻsha kunlari katta gilamni sotib, qoʻy oldik. U qoʻziladi. Ikkovimiz maslahat qildik-da, qoʻy bilan qoʻzini sotib, picha pul qoʻshib, sigir oladigan boʻldik.
Oybek qoʻyni yetakladi. Oyim ikkovimiz orqadan haydadik. Bozorga yoʻl oldik. Sigir qimmat, sutli sigir esa bir hovlining puli ekan. Biz yana qoʻy-qoʻzini haydab, izimizga qaytib keldik. Keyin soʻyib yedik.
…Bir kecha, yodimda, Oybek yozib oʻtirardi. Men ham yozibmi, oʻqibmi oʻtiribman.
– Zarifa, qornim och, ochiqdim, – deb qoldi, Oybek.
Men nima deyishni bilmayman, indamadim, javob qilolmadim. Negaki, uy qup-quruq edi.
– Biror narsa yoʻqmi? – soʻradi Oybek.
Oʻrnimdan turib, shkafni axtardim. Hujradagi xurmacha, xaltalarni tekshirdim. Bir hovuch yirik kepak, bir-ikki qoshiq shakar topdim, soʻng xurmachaning tagini sidira-sidira bir qoshiq yogʻ oldim. Primusda kepakni qovurib, soʻng unga shakar aralashtirib dasturxonga tortdim. Bilmadim, bu qanday taom boʻldi ekan? Oybek hazratlari nomi menga ham nomaʼlum boʻlgan bu taomdan bir-ikki marta qoshiq uchida olgan boʻldi. Soʻng “sen ham yegin” deb meni qistadi.
– Yoʻq, ochiqmadim. Oʻzingiz yeya bering, – dedim unga.
Mening ham qursogʻimda hech narsa yoʻq, faqat qanoat bor, xolos.
Oybek ozgina yedi. Ozginasini qoldirib, dedi:
– Ertalab bolalarga berarsan.
Menga boqib jilmaydi-da, tagʻin yozuvga kirishdi.
Bilmadim, bemazalikdan yeya olmadimi yoxud bolalarga ilinib, tomogʻidan oʻtmadimi?”
Z. Saidnosirova oliy maktabda taʼlim bergan birinchi oʻzbek muallimasi, anorganik kimyoni oʻzbek talabalariga birinchi boʻlib tanishtirgan, kimyo lugʻatini birinchi tuzgan olima. Shuningdek, rassom, musiqachi, shoira va mana, qoʻlimizda kitobi – yozuvchi edi. Ammo u eng avval oʻzini Oybekning vafodor xotini deb bilar, eng katta iftixori ham, eng yirik baxti ham mana shunda edi. Asardan maʼlum boʻlishicha, Oybek ham asarining ilk nusxasini Zarifasiga oʻqitar edi. Ikkovlari emchakdosh egizaklar kabi mudom bir-biriga intiqib yashagan edilar.
Xatlar, xotiralarni oʻqisangiz, havasingiz keladi.
Ayni paytda Oybek xotinini muttasil ishlashga majbur etardi. Ilmda xuddi oʻzi kabi zahmat chekishini, katta olima boʻlishini uqtirardi.
Z. Saidnosirova professor boʻldi.
Oybek – akademik boʻldi ham. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining gumanitar fanlar yoʻnalishiga boshchilik qildi.
U iqtisodchi olim edi. Bu borada betinim ilmiy, nazariy izlanish olib bordi. Institutda dars berdi. Soʻngra falsafaga shoʻngʻidi. Tarixni mukammal oʻrganishga tirishdi. Navoiy, Bobur, Temur kabi tariximiz siymolarining badiiy obrazini yaratish ishqi bilan yashadi.
Oybek zamonning maromi bilan ish tutdi.
Oqimga sira qarshi bormagan edi. Bu buyuk qarshilik balki uning qalbida qoldi.
Choʻlpon, A. Qodiriy, U. Nosirniki singari qatagʻonga dastak boʻlguvchi “atributlar”ni undan topolmas edilar.
Tarix haqida yozsa, ustidan qora chiziq tortilmagan hazrat Navoiy haqida yozdi. Bu “nomaʼqul” ish emasdi shoʻro hukumati uchun.
Yaʼni, zamonga yot mafkura unga ham yot edi.
Oila ham zamonga monand edi. Xotini ham, oʻzi ham rus tilida leksiyalar oʻqirdi. Farzandlarining tili ham “mama”, “papa”dan boshlangan edi.
Baʼzan topshiriq bilan, topshiriq boʻlmasa-da, qalbi bilan shoʻro tuzumini quvvatlovchi asarlarni ketma-ket yozaverdi.
Akademik boʻlganidan tashqari u Yozuvchilar uyushmasiga rahbarlik ham qildi, deputat boʻlib turli uchrashuvlar, sessiyalarda qatnashdi. Qaynoq ishlab, qaynoq yashashga intildi.
Binobarin, oʻz mehnatining totli mevalaridan bahramand boʻlishga u haqli edi.
Nazarimizda, unga shoʻro hukumati biror ayb toʻnkasa, bu gʻoyat gustohlik boʻlardi. Axir, bundan ortiq ideal shaxs, ideal ijodkorni qaysi goʻshada qaysi ona tugʻib ulgʻaytirib qoʻyibdi? Boʻlsa shunchalik boʻlar-da inson degani. Shoʻroga yana nima kerak? Tagʻin qanday xizmat qilish mumkin shoʻroga?!
Biroq… 1937 yil shamollari Oybekka ham tegmay oʻtolmas edi. U ishdan haydaladi, Uyushma safidan chiqariladi, gazeta-jurnallar uning asarlarini bosmay qoʻyadi. Aslida u turli tadbirlar, jamoat ishidan charchagan, ijodga vaqt topolmay yurardi. Ammo zamon tahlikali edi. Xullas, hali u, hali bu hamrohi, doʻsti, ustozi birin-ketin qamalib turgan kezda koʻngilga ijod sigʻishi mushkul edi.”… bir qancha tengdoshlari sekin-asta gʻoyib boʻlayotgan, uning oʻziga ham qamalish navbati kelgan payt edi. Shunday tahlikali ayyomda ijod bilan shugʻullanish har kimning ham qoʻlidan kelavermaydi. Ammo Oybek buyuk iroda egasi edi. Shuning uchun ham u oʻta tahlikali va fojiali kunlarda, gʻurbat yutib, kechirilgan hayotda “Qutlugʻ qon”day goʻzal va oʻlmas bir asarni yaratdi”.
Aslida ham ijodkorning mansabi boʻlmaydi. Mansab uning ijodiga xalaqit beradi, xolos. Sevib yaratgan asari, uning ortidan topgan obroʻsi har qanday lavozimdan ustun turmaydimi?
Shu oʻrinda bundan talay yillar muqaddam Yozuvchilar uyushmasida boʻlib turadigan toʻpolonlar yodga keladi. Toʻpolonchilar uyushma rahbariyatini xalqqa, adabiyotga “xiyonat” qilganlikda, yoshlarga yoʻl bermayotganlikda ayblar edilar. Aslida guruh-guruh boʻlib mansab talashardilar. Koʻp oʻtmay gʻalvir suvdan koʻtariladigan payt ham keldi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida bugun oʻqiladigan sheʼr, bugun oʻqiladigan nasr kerak boʻlganida ne ahvolga tushdik? Demak, xalq uchun yozuvchilarning lavozimlari ahamiyatsiz ekan. Birdaniga boʻshliq hosil boʻldi. Xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev “Adabiyot oʻladimi?” deya bezovta boʻlib maqola yozsa, barchamiz yoqasidan oldik, “nimalar deyapsiz, adabiyot oʻlmaydi!”
Holbuki yozuvchi kinoya qilgan ekan. Indallosini aytganda adabiyot oʻlishi ham mumkin, shekilli. Oʻlmaydigan boʻlsa, mustaqillikdan soʻng qanday oʻlmas asar yaratildi? Shaxsan men Sh. Xolmirzayevning “Dinozavr” romanidan boshqa bugunning ruhida yozilgan, bugunning hayoti ifoda etilgan yirik, puxta jiddiy asar koʻrganim yoʻq.
Hamkasblarim kaminani maʼzur tutsinlar. “Aybdorlar” sirasiga avval oʻzimniyam qoʻshgan holda illo yirik nasrni nazarda tutyapman bu yerda. Aslo boshqa janrni emas.
Oshkoralik davrining ura-ur paytida bir talay adabiyotimizning ustun vakillari haqida ixlosimizni tamom soʻndiradigan maqolalar oʻqidik. Oʻsha paytda shunaqa gaplarga ham gʻoyat tashna ekanmiz-da chogʻi. Ammo hozir oʻylab qarasam, domla Oybek oʻsha talotoʻplardan ham nisbatan “betalofat” chiqdilar. Qolganlari (Mirtemir va boshqa oʻzlarini chetga olib yurganlardan tashqari) chaqimchi, xiyonatchi, jallod boʻlib gavdalandilar.
Bular barisi zamonning oʻta ogʻir, sertashvishligidan boʻlgan asli. Oʻsha chogʻ ogʻiz koʻpirtirib oshkoralik davri qahramonlariga aylanganlar ham taqdir taqozosi bilan 30-, 50-yillarda yashab koʻrganlarida edi, balki bu qadar hukm gaplar aytishga uyalib turishardi…
Endi bilsak, uloqni olib qolish, yaʼni “ochko” jamgʻarish uchun aytilgan ekan bir xillari. Bugun esa oʻsha toʻplangan ochkolardan kimga naf?
Zamon odamlarni, xususan, yozuvchilarni ham bir-bir elakdan oʻtkazgan. Mening tasavvurimda Oybek ul davrlardan ham ustiga oq libos yopinib kirib keladi. Yuzi ham nurli.
“Bir kecha uyimiz oldida mashina toʻxtab, eshik qoqildi. Ichki ishlar ministrligidan kelgan odam Oybekni olib ketajagini aytdi. Mening oyoq-qoʻllarimda mador qolmadi. Qaltirab ketdim. Koʻzlarimdan qaynoq yoshlar quyular ekan, Oybek ostonada turib, meni quchdi-da:
– Qoʻrqma, sabr qil, balki soʻroq uchun chaqirilgandirman, – dedi.
Oybekning rangi oʻchgan, ichki asabiy titrogʻi sezilib turibdi. Men dovdiragan holda uning choʻntagiga ozgina aqcha soldim.
– Zarifa, keragi yoʻq! Olib qolsalar, avval yonimni tintib-tozalaydilar!
Xullas, Oybekni olib ketdilar. Goʻyo koʻksimni pichoqlab, qalbimni uzib tashlagandek tuyuldi menga.
Shu kuni oyim biznikida edi. U boʻzday oqargan, muttasil pichirlab, ixlos bilan duo qilar, “Parvardigorim, Oʻzingga topshirdim! Oʻzing saqla!” deb shivirlar edi.
Tong koʻkardi. Na oyim boshini yostiqqa qoʻydi, na men. U uydan bu uyga tentirab, tovushsiz yigʻlayman, koʻz yoshlarimni tindira olmayman.
Oybekni olib ketgan Ivanov degan rus zobiti ertalab uni qaytarib olib keldi. Oshiqib, eshikni ochdim.
– Qoʻrqma! Nega buncha titraysan? Tinchman! – dedi bagʻriga bosib Oybek.
U eshikni ilgandan soʻnggina oʻpkamni bosdim. Oybek – u nihoyat horgʻin edi, rangi-roʻyida qon koʻrinmasdi – oʻzini divanga tashladi. Oyim choy qaynatish bilan ovora. Men Oybekning qarshisiga oʻtirdim. U sukunatning oʻzi savol ekanligini angladi.
– Toʻgʻri ministrning oldiga olib bordilar. Uning kabinetida ikki-uch soat kutdim. Soʻng shohi toʻnga oʻralib chiqdi u kishi, Xudoyorxonda ham boʻlmagan bunday toʻn! – soʻylay boshladi Oybek. – Ministrni baʼzan tantanalar hayʼatida, sahnada koʻrardim. Baland boʻyli, yirik gavdali, devday bahaybat, koʻzlariga qahr-gʻazab quyilgan bir kishi u! Gruzin boʻlsa ham ismi-sharifini oʻzbekchaga muvofiqlab, Kabulov qilib olgan. Aslida Kabulidze boʻlgan.
Oybek davom etdi:
“Sen yozuvchisan. Yozuvchilar orasida shubhali unsurlar, xalq dushmanlari koʻp. Nega biror marta kelib aytmaysan? Bizga xizmat qilishni istamaysan!” – dedi u dagʻdagʻa qilib. Men: “Axir men shoirman, adibman, bunday ishlarni eplay olmayman”, dedim. Shundan keyin uning gʻazabi koʻpirib ketdi, soʻkdi, itdan badtar qilib haydadi meni…
Oybek koʻchaga chiqqanida, Ivanov unga:
“Xafa boʻlmang! Ministrimiz bir oz qoʻrs, qoʻpol odam. Uning ishi shuni taqozo etadi”, deb avf soʻragansimon gapiribdi.
– Ministringizga ayting, – debdi Oybek unga javoban. – Agar u ichki ishlar ministri boʻlsa, men sheʼriyat ministriman. U bugun ministr boʻlsa, ertaga uning oʻrniga boshqa odam keladi, men esam, adabiyot olamida abadiy ministr boʻlib qolaman!”
Har qanday faqir, oddiy odamning ham nafsoniyatiga tegaversang, oxir oqibat, u ham jillaqursa, sen qatori men ham Xudoning bandasiman-ku, men ham odamman-ku, deb yuboradi. Oybek esa oddiy odam emasdi – adabiyot maydonining manaman degan peshqadamlaridan edi. Uning ichki madaniyati, tabiati, yozuvchilar, yoshlar davrasida zinhor “sheʼriyat ministriman!” deyishga yoʻl qoʻymas edi. Ammo ichki ishlar ministrining uni odam oʻrnida koʻrmay, mensimay muomala qilishi, nihoyat, oriyatini qoʻzgʻagan. Har qalay adabiyotga jon berib xizmat qilyapman-ku, degan nidoni pesh qila bilgan.
“Men Oybekning bu soʻzlaridan tezda mamnun boʻldim, – deydi Z. Saidnosirova. – Koʻnglimga gʻurur tuygʻusi toʻlib ketdi shu topda.
Bir necha yildan soʻng Oʻzbekistonga oʻsha gruzin oʻrniga Gogidze degan boshqa bir gruzin ministr boʻlib keldi. Buning koʻzlari avvalgisinikidan ham yomon, oʻzi ham undan battar badbaxt kishi edi. Ularning har ikkovlari 1953 yildan soʻng Beriya bilan birga otildilar”.
Sinchiklab tekshirilsa, Oybekning ham(!) ijodidan qusurlar, ayb topish mumkin ekan. Jumladan u Navoiyni haddan ziyod “ideallashtirgan” edi. Tushkun-pessimistik kayfiyatda asarlar bitgan, yaʼni erta bir kun keladigan kommunizmga ishonchsizlik ruhida sheʼrlar yozgan. Oybek sil kasaliga yoʻliqib, pulsiz, ilojsiz, Leningradda talaba chogʻida koʻp azob tortadi. “Xastimom” degan sheʼri oʻsha paytda yoziladi.
Sirasini aytganda, shoirning xastaligidan mutaassir boʻlishga haqqi yoʻqmi? U ham issiq jon, shu holatini ifodalash mumkin emasmi? Dushmanlar bu fikrga obraz bagʻishlab “mamlakatni xasta qilib koʻrsatayotir” deyishadi. Ana dastak sizga. Demak, shu jihatlarini ushlab olib jazolash mumkin edi.
Yozuvchilar uyushmasidan Sheverdin, Milchakov va bir necha bizga nomlari tanish, aslida Oybekning adabiyotdagi hamrohlari, doʻstlari shu ayblarni toʻnkaydilar. Ruhan ezadilar, asarlarining chiqishiga yoʻl bermay qoʻyadilar. “Xalq dushmani” degan tamgʻani bosishga chinakam urinadilar. Bular asli koʻrolmaslik bilan qilinayotgan harakatlar edi. Rost-da, nega kimsan falonchi-falonchilar qamalib, otilib, surgun qilinib ketadilaru, bu gigant yozuvchi aqalli biron marta qamalmasa-ya. Juda boʻlmaganda tanqidga uchrab, badnom boʻlsin axir!
Badniyatlar bunga erisholmaydilar, chunki bu gal ham omad degan narsa Oybekdan yuz oʻgirmagan edi. Faqat bir ayanchli asorat qoladi: Oybekning qon bosimi haddan ortiq koʻtarilib insultga uchraydi, tildan qoladi. Uzoq muolaja va ehtiyotkorlik, parhez natijasida soʻzlay olish qobiliyati nisbatan tiklanadi. Ammo bundan bu yogʻiga u ehtirosga berilmasligi, hayajonlanmasligi, qaygʻurmasligi kerak edi.
Oybekda yuz bergan xastalik ham ularga quvonch bagʻishlaydi.
Koʻrolmaslik naqadar bedavo illat!
Yigirma yilcha burun katta bir yigʻinda Prezidentimiz qatagʻon yillari qurbonlarining hurmat-ehtiromini joyiga qoʻyish tashabbusi bilan chiqdilar. Shunda bir adib ularning qatagʻonga uchrashiga sabab boʻlgan aybdorlarni ham ochiq aytib, xalqqa oshkor qilaylik, dedi.
Bunday olganda xalqdan yashirin narsa oʻzi yoʻq.
Jabr koʻrgan, qamalgan, qurbon boʻlgan insonlarga ehtirom koʻrsatilishining oʻziyoq, nihoyat, ular uchun adolat qaror topganligini, qolaversa, aybdorlarni qoralaganimizni bildiradi. Prezidentimiz aybdorlarni nomma-nom ayblashga shu sababli qarshi ekanligini bildirdilar. Chunki men oq edimu u qora edi, degan tortishuv, oʻzaro adovat tagʻin yuzaga kelishini taʼkidladilar…
Bunday adolatli fikr oldida hamma bosh egadi.
Oybek oʻsha ministr oldida oʻziga xayrixoh, keyinchalik oyogʻiga chang solishi mumkin boʻlganlarni “chaqib, ularga ayb toʻnkab, oʻzini oqlab” chiqsa ham boʻlardi. Ehtimol, uning oʻrnida boʻlganda kimdir shunday qilardi. Demak, uning koʻnglida birovga yomonlik sogʻinish aslo boʻlmagan. Shuning uchun eng avvalo, oʻzini qiyin ahvolga qoʻyib chiqdi. Bu ham mardlik. Bu – jasorat!
Agar 30-yillar adabiyot olamida yuz bergan talotoʻp, sarosimaliklarga eʼtibor berib nigoh tashlasangiz, A. Qodiriy ijodi va shaxsini qoralamagan birorta adib yoki adabiyotshunosni topish qiyin. Biroq, birgina Oybek Qodiriy haqida ijodiy fazilatlarini, ulkan yozuvchi ekanini taʼkidlab, tahlil qilib maqolalar yozgan, yozolgan edi. Bu ham mardlik emasmi?
Oybek koʻpgina tarixiy asarlar yozishni moʻljallagan edi. Temur, Bobur, Buxoro amirligining soʻnggi kunlari haqida ashyolar toʻplab yurgan edi. U oʻzining xastaligini oʻylab koʻp bezovta boʻlmasdi. Imkon borida yozish kerak derdi. Malomat yogʻilsa ham, ochiq dushmanlik tugʻilsa ham ichiga yutardi, qarshi kurashishga vaqt sarflab oʻtirmasdi.
Ehtimol, shuning uchundir, Oybek nisbatan qisqa umr koʻrdi. Adabiyotimiz toqini mangu bezashi mumkin boʻlgan yirik nasriy asarlarini oʻz qalbi bilan olib ketdi. Biroq, baribir undan ulkan adabiy meros, juda tiniq, juda jozibali, ehtirosli sheʼrlar qoldi.
Va… goʻzal oila qurdi, bu oilani bir qoʻrgʻon kabi asray bildi, farzandlarining barchasi katta ziyolilar, hatto akademik boʻlib yetishdi. Muhimi, u qalbini, oʻzini ham saqlay bildi, sotilmadi, sotmadi. Mirtemir kabi armonlari oʻzi bilan ketdi.
Men Oybek xonadoni bilan tanish emasman. Biror tadbir yoxud yubiley munosabati bilan ham yozayotganim yoʻq bu gaplarni.
Oybek dahosiga, Oybek salohiyatiga, qolaversa, metindek matonatiga ellik yillar ortdagi avlodlarning bir iqrori, tasannosi deb qaralsa boʻlar.
Zero, zamonlar, davrlar oʻtar, avlodlar oʻzgarar, biroq Oybek fenomeni, Oybekning bizga zamonning beayov zarblari qoshidagi temir irodasi, zahmati, mehnati namuna boʻlib qolaveradi. Taʼzim deymiz.
Sobir OʻNAR
Ойбегим менинг
Общение людей осуществляется с помощью письменной и устной речи. В письменной речи для быстроты и легкости понимания необходимо единство орфографических правил. В устной речи для той же цели требуется единство орфоэпических правил.
Понятие нормы и её признаки
Daraja: Umumiy ta`lim Turi: Taqdimot Nashr etilgan yili: 2022 Til: Rus tilida Yaratilgan vaqti: 2022-06-20 12:01:54
Языковая норма – это правила использования речевых средств в определённый период развития литературного языка, то есть правила произношения, словоупотребления, использования традиционно сложившихся грамматических, стилистических и других языковых средств. Это единообразное, образцовое, общепринятое употребление элементов языка (звуков, слов, словосочетаний, предложений).
O`zbek xalq og`zaki ijodida non madhi
Daraja: Umumiy ta`lim Turi: Oʻquv-uslubiy majmua Til: O`zbek tilida (lot.) Yaratilgan vaqti: 2022-06-20 11:35:19
Ushbu to`plamga o`zbek xalqining aziz ne’mati non haqidagi o`zbek xalq og`zaki ijodi namunalari jamlangan bo`lib, undan o`zbek filologiyasi fakulteti talabalari, magistrlari, umumiy o`rta ta’lim maktabi, akademik litsey va kasbhunar maktablari o`qituvchi va o`quvchilari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar tashkilotchilari hamda barcha adabiyot ixlosmandlari foydalanishlari mumkin.
Adabiy timsollar
Daraja: Umumiy ta`lim Turi: Oʻquv-uslubiy majmua Til: O`zbek tilida (lot.) Yaratilgan vaqti: 2022-06-20 11:35:07
Qo`llanmada o`rta umumta’lim maktablarida, akademik litseylarda va oliy ta’lim dargohlaridagi adabiyot darsliklarida o`quvchilar tomonidan o`rganish ko`zda tutilgan 26 nomdagi badiiy asar haqida fikr yuritiladi. Mazkur asarlardagi ijobiy, salbiy va murakkab timsollar ro`yxati beriladi. Timsollarning asarda tutgan o`rni, bosh qahramonga qarindosh-urug`chiligi, vazifalari, amallari qisqa-lo`nda tarzda ko`rsatiladi. Mazkur qo`llanma abituriyentlar, maktab va akademik litsey o`quvchilari hamda oliy o`quv yurtlari talabalari uchun mo`ljallangan bo`lib, undan adabiyot fani o`qituvchilari ham foydalanishlari mumkin.
Amir Temur – buyuk sarkarda va davlat arbobi
Daraja: Umumiy ta`lim Turi: Konferensiya to`plamlari Til: O`zbek tilida (lot.) Yaratilgan vaqti: 2022-06-20 11:34:58
Ushbu to`plam O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Buxoro davlat universiteti va Buxoro viloyati xalq ta’limi boshqarmasi hamkorligida “Amir Temur – buyuk sarkarda va davlat arbobi” mavzusida o`tkazilgan konferensiya materiallaridan tashkil topgan. Konferensiya to`plami Buxoro davlat universiteti “Jahon tarixi” kafedrasi ilmiy kengashining 2022-yil 25-martdagi 28-sonli bayonnomasi va Buxoro viloyati xalq ta`limi boshqarmasi Ijtimoiy fanlar o`quv metodika kengashining 2022-yil 25-martdagi 2-sonli qaroriga muvofiq nashrga tavsiya etilg
Новый
Жиззах вилоятида туристик дестинацияларни ташкил этишнинг ҳудудий жиҳатлари
Daraja: Oliy o`quv yurtidan keyingi ta`lim Turi: Avtoreferat Nashr etilgan yili: 2022 Til: Rus tilida,O`zbek tilida (kir.),Ingliz tilida Yaratilgan vaqti: 2022-11-14 07:58:58
Тадқиқотнинг мақсади Жиззах вилоятида туризм дестинацияларини ҳудудий ташкил этиш имкониятлари ва салоҳиятини аниқлаш, улардан самарали фойдаланиш бўйича таклиф-тавсиялар ҳамда ривожлантиришнинг ҳудудий жиҳатларини ишлаб чиқишдан иборат.
Таълим муассасаси раҳбарининг бошқарув фаолиятида соғлом ва ижодий муҳитни яратиш механизмларини такомиллаштириш
Daraja: Oliy o`quv yurtidan keyingi ta`lim Turi: Avtoreferat Nashr etilgan yili: 2022 Til: Rus tilida,O`zbek tilida (kir.),Ingliz tilida Yaratilgan vaqti: 2022-11-14 07:58:49
Тадқиқотнинг мақсади таълим муассасаси раҳбарининг бошқарув фаолиятида соғлом ва ижодий муҳитни яратиш механизмларини такомиллаштиришга доир таклиф ва тавсиялар ишлаб чиқишдан иборат.
Ишлаб чиқариш таълими усталарининг касбий компетентлигини ривожлантириш
Daraja: Oliy o`quv yurtidan keyingi ta`lim Turi: Avtoreferat Nashr etilgan yili: 2022 Til: Rus tilida,O`zbek tilida (kir.),Ingliz tilida Yaratilgan vaqti: 2022-11-14 07:58:42
Тадқиқотнинг мақсади профессионал таълим муассасалари ишлаб чиқариш таълими усталарини тайёрлаш ва малакасини ошириш жараёнида уларнинг касбий компетентлигини ривожлантириш методикасини такомиллаштиришдан иборат.
Eliptik qismi yuqori tartibli bo`lgan kasr tartibli xususiy hosilali differensial tenglamalar uchun to`g`ri va teskari masalalar
Daraja: Oliy o`quv yurtidan keyingi ta`lim Turi: Avtoreferat Nashr etilgan yili: 2022 Til: Rus tilida,Ingliz tilida,O`zbek tilida (lot.) Yaratilgan vaqti: 2022-11-14 07:58:34
Tadqiqot maqsadi ixtiyoriy elliptik operatorli xususiy hosilali va kasr tartibli xususiy hosilali tenglamalar uchun to`g`ri va teskari masalalarning yechimi mavjud va yagonaligini ko`rsatishdan iborat.
Саноат корхоналари ривожланишининг инновацион стратегияларини такомиллаштириш
Daraja: Oliy o`quv yurtidan keyingi ta`lim Turi: Avtoreferat Nashr etilgan yili: 2022 Til: Rus tilida,O`zbek tilida (kir.),Ingliz tilida Yaratilgan vaqti: 2022-11-14 07:49:28
Тадқиқoтнинг мақсади саноат корхоналари, хусусан фармацевтика саноати ривожланишининг инновацион стратегияларини такомиллаштириш бўйича илмий таклиф ва амалий тавсиялар ишлаб чиқишдан иборат.
Qiziqarli malumotlar
Ойбегим менинг